Putin Ukrainaga yordamni birodarlik munosabatlari ramzi demoqda

Image copyright AFP
Image caption "Ovro‘po va Ukraina bitimiga qarshi emasmiz, ammo o‘z iqtisodimizni himoya qilishga majbur bo‘lamiz..."

Vladimir Putinning yillik matbuot anjumani uning to‘qqiz daqiqaga kechikishi bilan boshlandi.

Odatda Putinning matbuot anjumanlari soatlarga cho‘zilishi mumkin.

Rossiya prezidenti bilan uchrashuvga jami 1319 rossiyalik va xorijlik jurnalistlar yig‘ilishdi.

"Biz go‘yo siz bilan ayrilmagandaymiz", deb boshladi matbuot anjumanini janob Putin.

Ilk savollar Ukraina va Rossiya o‘rtasida bundan ikki kun avval imzolangan bitim borasida edi.

Ayni bitimga binoan Rossiya Ukrainaga arzon narxda gaz yetkazib beradi va hamda mamlakatning yevrobondlarini sotib oladi.

"Siz uch yil Ukrainani "bo‘g‘ib" keldingiz va bugun gazni arzonlashtirdingiz. Siz Ukrainani Ovro‘po tomondan nigohini uzish uchun yana qancha berishga tayyorsiz?", deb so‘radi UNIAN Ukraina xabar agentligining muxbiri.

Avvaliga Putin hazillashgan bo‘ldi. " Yana qancha kerak sizga?", deb so‘radi.

Keyin esa Ukraina va Rossiya birodarlar kabi yaqin davlatlar ekani va imzolangan bitim og‘ir siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatda "yaqin qarindoshlarga yordam" sifatida ko‘rililishi kerakligini urg‘uladi.

"Maydanga buning aloqasi yo‘q. Ovro‘po bilan muzokaralarga ham aloqasiz. Biz Ukrainani og‘ir ahvoldaligini ko‘rmoqdamiz va yordam berishimiz kerak", deb aytdi Vladimir Putin.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaning Ovro‘po Ittifoqi bilan bitim imzolashiga qarshi emas.

"Men sizga havaskor sportchi sifatida shuni aytamanki, bu masalada sal muskullarni qimirlatib ko‘rish kerak. Hammasi shunda ayon bo‘ladi. Biz Ukraina va Ovro‘po o‘rtasida bitimga qarshimizmi? Umuman qarshi emasmiz. Biz faqat bu holatda o‘z iqtisodimizni himoya qilishga majbur bo‘lamiz deb aytmoqdamiz, xolos…"

Putin shuningdek, Ukrainaga gaz narxlari Ovro‘podagi boshqa mijozlarga belgilangan formula bo‘yicha tayinlanishini aytdi.

Prezidentning merosxo‘ringiz kim qabilidagi savolga javobi ham lo‘ndagina bo‘ldi.

"Savolga beriladigan javob yo‘q", dedi u.

Hafta boshida Rossiyaning Gazprom va Ukrainaning Naftogaz davlat shirkati 2009 yilgi sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenko bilan tuzilgan bahsli kelishuv o‘rniga yangi bitim imzolashgan edi.

Ukraina Rossiyadan keltiriladigan gazga qaram va mamlakat sharqidagi energetikaga katta ehtiyoji bo‘lgan sanoat korxonalari ayniqsa gaz narxlarini pastda ushlashni istashadi.

Ukraina muhandislik mahsulotlari 75 foizi Rossiyaga eksport qilinadi.

Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi bilan kredit olishni qayta yo‘lga qo‘yishga oid muzokaralar to‘xtab qolishi ortidan Ukraina iqtisodini ushlab turish uchun zudlik bilan moliyaviy yordamga muhtoj.

Ayni paytda Kiyev o‘tgan yilgi gaz uchun Rossiyadan 17 milliard dollar qarzdor.