Islom Karimov rahbarlarni laganbardorlardan ogohlantirdi

Prezident Karimov yangi lavozimga o‘tirgan rahbarlarni xushomadgo‘y va lagandardorlardan uzoqroq bo‘lishga chaqirdi. Mansabdorlarning ayollari ham laganbardorlarning ta‘siriga tushib qolmasligi kerakligini urg‘uladi.

19 dekabr kuni Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida nutq so‘zlagan Islom Karimov viloyat hokimini almashtirgan.

Sessiyaga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuv 20 dekabrga "O‘zbekiston" telekanali orqali namoyish etildi.

Prezident sessiyada "o‘ziga bino qo‘ygan" va "ayshu ishratga berilgan" viloyat hokimi Normo‘min Choriyevni vazifasidan ozod qilib o‘rniga Eshdavlat Jo‘rayevning nomzodini tavsiya qilgan.

Prezident oilasi atrofida mash mashalar urchiyotgan bir mahalda, Karimov mansabdor shaxslarning atrofidagi laganbardorlardan bahs ochgan.

"Yana bir balo. Bu baloga kuch beradigan narsa shuki, atrofda yashaydigan yo ishlaydigan, atrofni darrov to‘ldiradigan xushomadgo‘ylar va laganbardorlar. Mana shu ikkinchi balo haqida gapiradigan bo‘lsak hammamiz to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Shundan uzoqroq bo‘lish kerak. Yangi lavozimga o‘tirgan odam, birinchi navbatda o‘zini shulardan uzoqroq tutishi kerak", - degan Islom Karimov.

Prezidentga ko‘ra laganbardorlar yangi rahbarning ichiga kirib olib uni o‘zining soyasiga aylantiradi. Shundan so‘ng mansabdor shaxs "o‘likka aylanadi".

"Shu nuqtai nazardan, rahbarning, odamlarning irodasi sust. Iymoni bo‘lmagan odamlarni mana shunaqa laganbardorlar, xushomadgo‘ylar buzadi.

"Aka, aka, aka, aka, aka, aka, bizlar xizmatdamiz, xizmatdamiz". Faqat shuda".

Mamlakat rahbari yaqinda Toshkentda deputatlar bilan uchrashganda bir deputatdan ayoliga laganbardorlar ta‘sir qilmayotgani haqida so‘raganini aytgan.

"Yaqinda Toshkentda deputatlar bilan gaplashganda bittasidan so‘radim. Mayli siz o‘zingizni tutayapsiz, ishlayapsiz, sizga ishonch bildirish mumkin. Lekin ayolingizdan ko‘nglingiz to‘qmi? Ayolingiz qandaydir mana shunday laganbardor, xushomadgo‘ylar, xizmat qiluvchilarga qanday munosabatda? Ularning xizmatiga muhtoj bo‘lib, eri emas huddiki o‘zi bu lavozimni bajarayotgandek", - degan Karimov.

Prezident bunaqa gaplarni davom ettirishning hojati yo‘qligini aytgan.

"O‘ylaymanki, bu masala ham og‘ir bir sinov, juda og‘ir sinov. Buni bilgan odam biladi, bilmagan odam bilmaydi", - deya kuyungan prezident.

U yoshlarni andisha va xushomadgo‘ylikni yig‘ishtirib, shaxsiyatga tegmasdan yuziga gapirishga chorladi.

Prezident oilasi bilan bog‘liq mash masha bir necha oydan beri ijimoiy tarmoqlarda davom etmoqda.

Mamlakat rahbarining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Twitter orqali Farg‘onada ayrim shaxslar prezident oilasidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanganini yozgandi.

U onasi va singlisini noqonuniy ishlarga aloqadorlikda ayblab chiqqan. O‘z navbatida singlisi Lola Karimova-Tillayeva Gulnorani mahkamaga berish bilan tahdid qildi.

Prezident Islom Karimov ushbu voqealarga jamoatchilik o‘ngida biror izoh bermagan.

Your contact details
Disclaimer