Vorux tojik anklaviga eltuvchi yo‘l qachon ochiladi?

Qirg‘iziston hududidagi Vorux tojik anklaviga eltuvchi yo‘llar bugun yopiqligicha qolmoqda.

Uch kun avval chegaraga yaqin joyda yonib ketgan uy tufayli kelib chiqqan mojaro ortidan qirg‘iz hududidan o‘tadigan Isfana Vorux yo‘li to‘sib qo‘yilgandi.

Qirg‘iziston vitse prezidenti Tokon Mamytov mojaro joyiga borgan, uning aytishicha tojik chegarachilar yo‘lni ochmayapti, va tojik chegarachilar ochmaguncha, qirg‘izistonliklar ham o‘z tomonini berkitib o‘tiraveradi.

Qirg‘iz tarafi avvalroq jinoyatchilar topilmaguncha yo‘lni ochmasliklarini aytishgandi. Bu birinchi marta maishiy aytishuvlar ortidan yirik chegara muammosi kelib chiqishi emas, albatta.

Xo‘sh, Tojik qirg‘iz, qirg‘iz o‘zbek chegarasidagi muammolar nega qayta qayta sodir bo‘ladi?

BBC bu haqda chegara muammolarini o‘rgangan qirg‘iz tahlilchisi Ruslan Tashanov bilan suhbatlashdi.

Ruslan Tashanov: Bu kabi muammolar ostida bir necha sabablar yotadi. Birinchidan, bu o‘zaro hal qilmagan va bahs otida bo‘lgan yerlarning juda ko‘pligi. Bu kabi hududlar Qirg‘iziston va Tojikiston, hamda Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida mavjud. Bu masala bugungi kunda juda dolzarb bo‘lib turibdi, chunki shu kungacha Qirg‘izistonning tojik va o‘zbek qo‘shnilari bilan chegalarda demarkatsiya va delimitatsiya ishlari oxirigacha olib borilmagan. Ikkinchidan, biz xalq diplomatiyasi degan an‘anani unitib qo‘yganmiz. Qadimdan, tojiklar, qirg‘izlar, o‘zbeklar, umuman barcha qo‘shnilar savdo munosabatlarini qo‘llab quvvatlab kelganlar. Sovet Ittifoqi qulashi bilan biz bunday munosabatlarni ancha yo‘qotib qo‘ydik. Uchinchidan, muzokaralar qay darajada olib borilayapti? Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara muammolariga kelsak, bu masala naqadar yuqori darajada ko‘rib chiqilayapti? Va ular naqadar muvaffaqiyatli bo‘layapti? Va nihoyat, gap shundaki, bu davlatlar hamma tomonlarning manfaatlari hisobga olinadigan oltin nuqtani hali ham topisha olgani yo‘q.

BBC: Nima uchun shu nuqtani topisha olmayapti deb o‘ylaysiz? Chegara muammolari inson tanasidagi eski yaradek har har zamonda og‘rib keladi, va har safar aftidan hukumatlar bu muammoni yechimsiz qoldirib, ortga suradilar, va u yana chiqib kelaveradi. Nega oxirigacha o‘tirib, hal qilib qo‘ya qolishmaydi deb o‘ylaysiz?

Ruslan Tashanov: Mening o‘ylashimcha, hukumatlar baxs ostidagi hududlar borasida farqli qarashlarga egalar. Ular bir biriga yon berishdek diplomatik mavqeni egallashdan ko‘ra, bahs qilishda davom etadilar va hech yon bermaydilar. Har bir tarafning o‘zida xaritalar bor, Qirg‘iziston tarafi bir xaritaga qarab ish tutsa, masalan O‘zbekiston tarafi o‘zidagi xaritaga qarab ish tutadi. Mana shunday bir biriga yon bermasdan ish tutishdan davom etishlari tufayli bu masala o‘lik nuqtadan jilmaydi.

BBC: Siz baxs ostidagi chegara hududlarini monitoring qilib borasiz. Bu muammoni o‘rgangan mutaxassis sifatida, siz chegara boshog‘rig‘idan qutulish yo‘llarini nimada ko‘rasiz? Qanday murosaga kelsa bo‘ladi?

Ruslan Tashanov: Bu davlatlar orasida baxs ostidagi hududlar xususida murosaga erishishga bir necha marta harakat qilindi. Ba‘zilari muvaffaqiyatli bo‘ldi desa ham bo‘ladi, lekin aksariyati muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. Mening fikrimcha, hozirgi bosqichda bu muammoga jahon hamjamiyatini, aniqrog‘i uchunchi davlatlarni jalb qilish lozim. Birlashgan millatlar tashkiloti bo‘ladimi, yoki boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar o‘zaro vositachi sifatida muzokaralarga boshchilik qilishlari kerak deb o‘ylayman.