Mixail Xodorkovskiy ozodlikka chiqdi

Image copyright AP
Image caption Mixail Xodorkovskiy ozod bo‘lganidan so‘ng bergan birinchi bayonotida Vladimir Putindan avf qilishni so‘raganini tasdiqlagan

Rossiyadagi YUKOS shirkatining sobiq rahbari, bir vaqtlar Rossiyaning eng badavlat kishisi bo‘lgan Mixail Xodorkovskiy Kareliyadagi qamoqxonadan ozod qilingan va to‘g‘ri Olmoniyaga onasining oldiga uchib ketgan.

Bu haqda Xodorkovskiyning himoyachisi Vadim Klyuvgant bildirgan.

Berlinga yetib borgan Mixail Xodorkovskiy ozod bo‘lganidan so‘ng bergan birinchi bayonotida Vladimir Putindan avf qilishni so‘raganini tasdiqlagan.

Avf qilish haqida Prezident Farmoni imzolangan kundan boshlab kuchga kirgan hisoblanadi.

Unda aytilishicha, insonparvarlik nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda, mahbus Mixail Borisovich Xodorkovskiy jazoning qolgan muddatidan ozod qilinadi.

Bir kun oldin janob Putin jurnalistlar bilan matbuot anjumanida sobiq neft korchaloni Xodorkovskiy o‘zini avf qilinishini so‘rab yozgan arizasiga binoan, yaqin orada kerakli hujjatlar imzolanadi, deb aytgan edi.

Putin Xodorkovskiyning onasi kasalligiga ishora qilarkan, uni avf qilish insonparvarlik printsiplariga to‘g‘ri kelishini bildirgan.

"Quvonchli xabar"

Mixail Xodorkovskiyning onasi bu yangilikdan o‘ziga kelolmayotganini aytadi.

"Bu shu qadar quvonchli xabarki, uni qandaydir to‘liq anglash kerak bo‘ladi. nazarimda, hali lozim darajada tushunib yetmadim. Men kutmagandim, kecha eshitib butunlay qotib qoldim",- deydi Xodorkovskiyning onasi BBCga bergan intervyusida.

"Agar farmon haqiqatdan imzolangan bo‘lsa, u qonunga binoan zudlik bilan amalga oshirilishi kerak", - deb aytgan Xodorkovskiyning himoyachisi Vadim Klyuvgant.

U oldinroq "Xodorkovskiy avf so‘rab ariza yozmadi va uning nomidan birov murojaat qilgani borasida bizda ma‘lumot yo‘q", degandi.

Jazoni ijro etish federal xizmati Xodorkovskiy muddatidan oldin ozod etilganini tasdiqlagan.

YUKOSga bog‘liq jinoiy ishga aloqadorlik bilan ikki yil qamoqda o‘tirgan YUKOSning sobiq huquqshunosi Svetlana Baxmina Xodorkovskiy ozod bo‘lganidan so‘ng tez orada Rossiyani tark etishi ehtimoli yo‘q emas deydi.

Baxmina xonim BBC bilan suhbatda Xodorkovskiy mamlakatda qoladigan bo‘lsa, uning siyosiy kelajagi borligini ham aytib o‘tgan.

Xodorkovskiy 2003 yilda qamalgan, 2014 yil 25 avgustda belgilangan muddat nihoyasiga yetishi kerak edi.

"YUKOS ishi"

Image copyright AP

50 yoshli Xodorkovskiy va yana bir ayblanuvchi Platon Lebedev 2010 yil neftni o‘g‘irlash va noqonuniy pullarni qonuniylashtirishda aybdor topilgan.

Bungacha ular soliqlardan bo‘yin tovlash ayblovlari bilan jazoni o‘tashayotgandi.

10 yildan ortiq vaqtdan beri hibsda bo‘lgan Xodorkovskiy uzoq vaqt o‘zining begunohligini ta‘kidlab kelgan.

Ovro‘poning Inson huquqlari bo‘yicha mahkamasi ham janob Xodorkovskiy ustidan o‘tgan mahkamalarni tanqid qilgan, ammo ular siyosiy vajlarga asoslanganiga oid da‘volarni rad qilgan.

Hozir kasodga uchrab, barbod bo‘lgan YUKOS neft shirkati rahbari Mixail Xodorkovskiy bir paytlar Rossiyaning eng badavlat odami edi.

Moskvadagi yillik matbuot anjumanida gapirgan Prezident Putinga ko‘ra, o‘tmishda Mixail Xodorkovskiy avf murojaati bilan chiqmagan.

"Va yaqingina u bunday hujjatni yozdi va menga avf so‘rab murojaat qildi", deb aytgan janob Putin.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, avf to‘g‘risidagi arizaga shaxsan Xodorkovskiy qo‘l qo‘ygan.

Uning ta‘kidlashicha, avf so‘rab murojaat qilish aybini tan olganini anglatadi.

O‘z o‘rnida Dumaning qonunchilik qo‘mitasi boshlig‘i Pavel Krashennikov, konstitutsiya bo‘yicha aybini tan olmasdan ham, avf etilishi haqida so‘rashi mumkin. deydi.

Mixail Xodorkovskiyning avf etilish haqida murojaat qilganiga aynan nima sabab bo‘lgani hozircha aniq emas.

Ayni paytda YUKOS ishi bo‘yicha sudlangan Platon Lebedevning himoyachisi Aleksey Miroshnichenko uning mijozi ham avf qilinish haqida ariza bilan murojaat qilmoqchiligini ma‘lum qildi.