Yulduz Otaniyozova: Huquqlari buzilayotgan muhojirlarni ko‘rib tashkilotimni tuzganman

Image caption Huquqshunos Yulduz Aminova Rossiyada "Muhojirlik va qonun" markazini ochish zaruriyat bo‘lganini aytadi

Yulduz Otaniyozova (Aminova)1963 yil Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli shahrida tug‘ilgan.

Otasi Otaniyozov Amin Ikkinchi Jahon Urushi qatnashchisi. Xo‘jaylida uzoq yillar kolxoz raisi bo‘lgan. Onasi Neytullayeva O‘bay. Ikkovlari ham olamdan o‘tishgan.

Yulduz Otaniyozova 1980 yil Toshkent Davlat Universitetining rus filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirgan.

Universitetni bitirib, Xo‘jaylidagi o‘rta maktabda rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi.

1985 yil Turkmaniston, Qoraqalpog‘iston va Xorazm vakillari ishtirokida xalqaro muammolar bo‘yicha davra suhbatlari tashkil qilgan.

Yulduz Otaniyozova qayta qurish boshlangan 1986 yilda o‘zi ishlayotgan maktab o‘quvchilarini paxtaga borishiga qarshi chiqib, komsomol qo‘mitasi rahbari sifatida ularni paxtadan olib qoladi.

"O‘shanda o‘quvchilarni darsdan bo‘sh vaqtida foydali mehnatga jalb qilib, buning evaziga maosh ham olishlariga erishgandik", - deydi u.

Biroq shundan keyin o‘zida yuqori tashkilotlar bilan muammolar boshlangani, kolxoz raisi bo‘lgan otasiga shikoyatlar tushgani sababli ishdan bo‘shaydi.

Avvaliga Nukusdagi tarix instituti, so‘ngra Moskvadagi Tilshunoslik institutida o‘qiydi.

Biroq 1991 yil "Zamonaviy Qoraqalpoq tilining tuzilishi" to‘g‘risidagi nomzodlik ishini yoqlash arafasida institutda "turkiy tillarning qizig‘i yo‘q" deb uning mavzusi bekor qilinadi.

Yulduz Otaniyozova Moskvadagi yuridik institutida tahsil olib, 2002 yil nomzodlik ishini yoqlaydi.

2005 yilda huquqshunos sifatida O‘zbekistondan kelgan fuqarolarning muammolari bilan shug‘ullanadi.

Fuqarolik muammolarini hal qilish jarayonida Rossiyadagi mehnat muhojirlariga yordami tegadigan jamoatchilik tashkilotini ochish zarurligini tushunadi.

Shu tariqa "Muhojirlik va qonun" markazi ishga tushadi. So‘ngra Yulduz Otaniyozova o‘zining "Ko‘mak. Hamkorlik. Barpo etish" mintaqalararo jamoatchilik tashkilotini tuzadi. Ayni paytda shu tashkilotning rahbari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Ikki farzandi bor.

Moskvadagi "Ko‘mak. Hamkorlik. Barpo Etish" jamoatchilik tashkilotining rahbari Yulduz Otaniyozovaning BBC o‘quvchilari savollariga javoblari.

Volgograddan Zafar Sultonov: Tashkilotingiz haqida gapirib bersangiz. Necha kishidan iborat. Moddiy yordam ham beriladimi sizlarga Rossiya hukumati tomonidan?

Yulduz Otaniyozova: Mening tashkilotimning oti "Sodeystviye, Sotrudnichestvo, Sozidaniye" - "Ko‘mak, Hamkorlik, Barpo Etish" mintaqalararo jamoatchilik tashkiloti. "Muhojirlik va qonun" markazida ham ishlab turaman. Moddiy yordam berilmaydi. Men bitta o‘zim, tashkilot rahbariman. Yuristim bor edi, olti oy bo‘ldi boshqa ish topib ketdi. Hech kim yordam bermagani uchun, qo‘limdan kelganicha ishlay olaman. Lekin mening ko‘p yordamchilarim bor. Ko‘pchilik jamoat tashkilotlarida meni tanishadi. Shuning uchun menga yordam kerak bo‘lsa, ulardan so‘rayman. Agar ular tushunmasa, mendan so‘raydi. Biz ko‘pchilikmizda, har bir tashkilotning odamlari yig‘iladi, maslahatlashamiz, uchrashamiz. Kimga qiyin bo‘lsa, boshqasi olib ketadi. Menda shuncha odam ishlaydi, deb ayta olmayman. Lekin bitta o‘zim emasman, menga o‘xshab ishlaydigan ko‘p do‘stlarim bor deb aytaman. Ular asosan rossiyaliklar. Agar imkon bo‘lib, ko‘proq mablag‘ yig‘a olsam, web sahifamni qayta yo‘lga qo‘yaman. Men unda kimning qanday huquqi bor, nimaga degan savollarga javob berib kelayotgan edim. Bir o‘zim qolganimdan so‘ng saytni davom ettira olmadim.

Rossiyadan Omon: Salomlarim Yulduz opa! Muhojirlarga qilayotgan xizmatingiz uchun sizga katta, yurakdan rahmat! Savolim, O‘zbekistondan kelgan muhojirlarning 90 foizi rus tilini umuman tushunmaydi, nega?

Yulduz Otaniyozova: Sovet Ittifoqi tugagandan keyin Rossiya bilan aloqalar unchalik emas. Rus tili O‘zbekistonning maktablarida o‘qitiladi, lekin rus tilining kitoblari bizda chiqmaydi hozir. Rossiyadan olib kelinmaydi. Unday munosabatlar yo‘q. Rus tilining kerakligi ketib qoldi O‘zbekistonning o‘zidan. Masalan, mening O‘zbekistondagi do‘stlarim Rossiya kanallarini tomosha qilishadi, lekin bolalari tushunmay qarab o‘tiradi. Nimaga desangiz, rus madaniyati chiqib ketdi u yoqdan. Rus tili sovetlar davridagi ingliz tilini o‘rgangandek bo‘lib qoldi. Ya‘ni kitob bo‘yicha bilamiz, uyda ishlatmaymiz. O‘zbekistonning fuqarolari agar Rossiyaga kelib ishlaydigan bo‘lsa, mening fikrim - rus tilini bilishi kerak. Odam qancha ko‘p til bilsa, shuncha boy. Bor narsani yo‘qotmaslik juda katta narsa. Rus tilini tushunish hozir bizga tushunish baribir osonroq. Chunki uni biladigan, tushuntiradigan, bolalar bilan gaplasha oladigan ota-onalar bor. Men kichikligimda ota-onam rus tilini bilishardi, uyda esa qoraqalpoqcha gaplashar edik. Ikki buvim ham biz bilan turishardi. Men rus maktabda o‘qir edim. Buvilarim qoraqolpaq eposlarini kirillchada menga har kuni yarim soatdan o‘qitishar edim. Keyin men suvdek bilib ketganman qoraqalpoqchani. Aytmoqchimanki, rus tilini ham shunday o‘rgansa bo‘ladi.

O‘sha paytda rus tili eng birinchi o‘ringa qo‘yilgani uchun rus maktabida o‘qitishgan bizni. Umuman qancha ko‘p til bilsa faqat foydaku. Boshqa yomon narsani o‘ylamaslik kerak.

Omon: Hujjat(razresheniye na rabotu)ning asl narxi 2500 rubl ekan, o‘rtadagi odamlar bu narxni 35 minggacha ko‘tarishdi. Nega Rus hukumati bunga chora ko‘rmaydi?

Yulduz Otaniyozova: Rus hukumatiga hozir oson emasda. Hozir iqtisodiy krizis hamma joyda bor, katta muammo bo‘lib turibdi. Lekin joylarni toza tutish kerak, xalq ishlagisi kelmaydi. Qurilish bo‘lish kerak, lekin quradigan odamlar o‘sha beriladigan pulga bormaydi. Sababi, qishin-yozin tsementni aylantirib turish yaxshi emas, oson emas. Unga chidaydigan faqat bizning odamlarimiz. Hozir ruxsatnomasi yo‘q, ishlamaydi deb turib oladigan bo‘lsa, qurilish ham to‘xtaydi. Axlatlar ham ko‘payib ketadi. Kim uni qiladi aslida. Masalan xizmat ko‘rsatish sohalarida hammasi mehnat muhojirlari. Shuning uchun biznes ham o‘zining shartlarini qo‘yyapti hukumatning oldiga. Rossiyaning xalqi ham undan ko‘p to‘lay olmaydi. Masalan, remont qilgisi kelsa, qo‘lida 10 ming rubli bor. Bu pulga ruslar ishlaydigan firmalar ko‘nmaydi. Ikkita tojik, o‘zbek yoki qirg‘iz 10 ming rublga bo‘yab beradi devorlarini. Shu sababli Rossiya hukumati ularning ham yo‘lini to‘sa olmaydi, lekin tartib ham bo‘lishi kerak. Mana yaqinda Putinning qarori chiqdi patent bo‘yicha jismoniy shaxslargina emas, tashkilotlar ham ishga olsa bo‘ladi, uning ham narxi bo‘lishi kerak deyapti. Korruptsiya hozir butun dunyoda bor. Rossiyadek katta mamlakatda buning hammasini birdaniga yo‘q qilib bo‘lmaydi. Jamoat tashkilotlari hukumatga shunday muammolar bor, bittasi chidasa bunga, boshqasi chidamaydi. Buni hal qilish kerak, degan gaplarni davra suhbatlari, yig‘ilishlarda aytib-aytib charchab, mana nihoyat Putindan shu gapni eshitdik. Yaqin kelajakda patent orqali ish tuta olamiz. Patent bilan shaxsiy ishlarda ishlash mumkin. Hozir patentni oladi, lekin tashkilotlarga yuboradi. Bu ma‘muriy huquq buzilishi bo‘lgach, deportatsiyaga tushadi. Mana endi Putinning qarori biz uchun ma‘lum bir g‘alaba deyish mumkin. Bir necha kun oldin "Muhojirlar kuni" bo‘ldi. Xrustalniyda 14 ta odam yotibdi. Bittasi 5 iyundan buyon o‘sha yoqda. Bitasining oyog‘i singan, do‘xtirlar kelmagan. Shularni hammasini gapirsak, biz ham norozimiz mahkama hukmidan, deydi. Norozi bo‘lsangiz, nega majburiy chiiqarib yuborishga olib keldingiz, siz kafillik bermaysiz "sakkiz odamning o‘rniga 14 odamni yotqiza olmayman. Boshqa joyim yo‘q, bularning qo‘lida chiptalari bor, jo‘nataylik", deb aytmaysiz desak indamaydi. Ular ham kambag‘al, ularga ham pul kerak. Shu 14 tasini bitta xonaga qamab qo‘ysak, balki bizga ham pul tushadi deb o‘ylaydimi, kim biladi endi. U joy Moskvadan 270 chaqirim masofada. Borib kelish ham qiyin menga. Lekin borish kerak. Shu so‘rovlarni berish kerak. Xat yozsangiz, yetib borsa ham javob berishmaydi ba‘zida.

Toshkentdan Hojiahmad: Mehnat muhojirlariga ko‘rsatayotgan huquqiy xizmatlaringiz narxi qimmat emasmi? Savoldan maqsad, mehnat muhojirlari eng kam ta‘minlangan kontingent bo‘lgani uchun.

Yulduz Otaniyozova: Men hech bir mehnat muhojiridan tiyin ham olmaganman hali. Men nima uchun ularga yordam berib boshladim? Ko‘chada ketayotganimda, bittasini urdi, bittasini aldab ketdi, bittasiga oyligini to‘lamayapti, dvorniklar qachon oyligimni berasan, deb zor bo‘lib o‘tirganini ko‘rib chidolmaganman. Keyin shu ishimni boshlaganman. Masalan men o‘sha muhojirga oylik berilmagani haqida mahkamaga xat yozishim menga nima turadi? Hech narsa turmaydi. Xat yozaman, qo‘liga beraman. O‘zim faksdan jo‘nataman. Kerakli odamlar xatni olgach, ishni ko‘radi. Buning uchun pul olishim kerakmi? Shunga O‘zbekistonning muhojirlari xotirjam. Lekin menga qiyin bir tomondan. Primore, Sibirlardan xat yozishadi, qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi. Shunda mening qo‘lim qisqalik qiladi, borolmayman. Albatta shu paytda hukumatning yordami kerak bo‘ladi. Biz Vladimir Putinning granti uchun hujjat topshirgan edik, lekin rad javobi keldi. Bilmadim endi nega. Bundan ham muhim ishlar bordir, deb qo‘ydik biz. Hechqisi yo‘q, qo‘limizdan keladi hali ko‘p narsa.

Ilhom, Moskva: Registratsiyani Moskvada turli tashkilotlar orqali qonuniy qilganmiz. Biroq registratsiya qilingan uyda yashay olmaymiz. Aytish joizki, 80 migrantlar shunday yashashga majbur. Chunki hech bir mahalliy fuqaro o‘z uyiga ro‘yxatga qo‘yishga ruxsat bermaydi. Natijada politsiya uyga bostirib kirib, bu uyda sizlar ro‘yxatda yo‘qsizlarku, degan da‘vo bilan sarson qilmoqda. Umuman RF qonunchiligida qanday? Yaqinda "Rezinovaya kvartira" qonuni qabul qilindi. Unda ham shu masalalarga e‘tibor qaratilgan. Iltimos batafsilroq ma‘lumot bersangiz.

Yulduz Otaniyozova: Bunga hech qanday ma‘lumot bera olmayman. Lekin bugun muhojirlarga qonun bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan joyda yashash mumkin emasligini ayta olaman. Hozir takliflar bilan chiqyapmiz. "Tijoriy yotoqxonalar" degan narsalar bor. Lekin ular Markaziy Osiyodan kelgan odamlarni olmaydi. Nega desangiz qo‘rqadi. Men hukumatga chiqdim. Tijoriy yotoqxona deganlar, biznesning o‘ziga shu narsa kerak. Nega? Olgan odamlari bitta joyda yashaydi. Ularning ko‘z o‘ngida bo‘ladi. Markaziy Osiyoliklarni qo‘ysa, ertaga qo‘lini boylab olib ketsa, bular ishchisiz qoladi. Bular yana yangi ishchi qidirishi kerak. Ularga bu narsa kerak emas. Shuning uchun o‘sha yotoqxonalarning o‘zida ro‘yxatga olishga ruxsat berish kerak. Bugun Muhojirlik xizmatida majlis bo‘ldi. O‘sha kelgan odamlarning ketishiga qanday yordam berish kerak, siz nima uchun buni o‘ylamaysiz, deb necha marta aytamiz. Bu yerdagi muhojirlar kirib kelgan paytida boshqa qonunlar bor edi. Endi ketadigan payti yangi qonunlar asosida chiqsa, boshqa kirib kelolmaydigan sharoitga tushyapti. Shuning uchun Rossiya o‘z-o‘ziga yomonlik qilyapti. Nega deganda, shu odamlar chiqib ketsak, qaytib kirolmaymiz 10 yilgacha deb ishi bo‘lmasa ham ketmaydi, yotaveradi shu yerda. Shu narsaga yo‘l qo‘ymaslik uchun qonun boshqacha bo‘lishi kerak deb qancha aytdik. Foydasi yo‘q, baribir shu qonunlarni oladi. Bu yil, ayniqsa yoz qiyin keldi. Yozda saylovoldi kampaniyalar payti bo‘lgani uchun, kim qo‘lidan nima kelsa, fantaziyasi nimaga yetsa, shu qonunlar chiqib qoldi. Duma ham o‘ylamasdan qabul qilib yuboraverdi. Ularning o‘zlari kollapsga tushib qolganlarida, bu narsa noto‘g‘ri bo‘lgan ekan deb o‘zi tushunishi kerak. Boshqa odamning gapini eshitmaydi bular.

Panjakentdan Zarif: Soxta registratsiyani qanday aniqlash mumkin? Bizga haqiqiy deb berishadi. Ammo biz uni toza yoki soxtaligini bilmaymiz.

Yulduz Otaniyozova: Albatta bilish qiyin. Nima bo‘lganda ham Muhojirlik xizmatining bo‘limlariga borib, qarash kerak. Keyin ro‘yxatni olgan paytingizda, registratsiya bo‘lgan joyni qarash kerak. Masalan, ko‘chaning oti bo‘ladimi, hozir yuridik shaxslarga ham registratsiya bo‘lsa bo‘ladi. Lekin adresiga ham internetdan muhojirlik xizmatining qaysi bo‘limiga tegishli ekanini topish kerak. U yerga borib so‘rasangiz bo‘ladi. Yana aeroportga kelganda o‘rtada turuvchi odamlar chiqadi. Agar kimdir sizga registratsiya qilib beraman desa, menga telefon qilib so‘rashingiz mumkin. Keyin O‘zbekistondanmi yoki boshqa joydan kelgan odam yetti kun ichida ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Har kuni muhojirlik xizmatiga borishdan erinmay, men ro‘yxatdan o‘tishim kerak, qanday firmani siz tavsiya qilasiz, deb so‘rasangiz albatta javobini topasiz. Muxojirlik xizmatining "kommercheskiy bo‘lim"ida ro‘yxatga qo‘yib berishadi. Boshqa hech qanday yo‘li yo‘q hozir. Agar tanishingiz bo‘lsa, u rozi bo‘lsa bir gap. Agar tanish bo‘lmay, rozi bo‘ladigan odam topolmasangiz, hech narsa qila olmaysiz.

Bahodir, Sankt Peterburg: Rossiyadagi muhojirlarning muammolariga aksari ularning o‘zlari aybdor, degan gap qanchalik to‘g‘ri?

Yulduz Otaniyozova: Men o‘ylayman, kuzatganlarim bo‘yicha muhojirlarning uch turi bor. Ularning bir turi men ishlayman, keyin uyga ketaman, menga hech boshqa narsa kerak emas degan. Ular qanday bo‘lmasin, registratsiyasini ham topadi. Ishini ham topadi. Ishlab ketadiyam. Boshqalari bor. O‘ylayman ular muhojirlarning 30 foizini tashkil qiladi. Masalan, 10-15 ming oladimi. Shu pulga o‘zi ham yashaydi, ozginasini uyiga yuboradi. Undan boshqa ishlagisi kelmaydi, pul topgisi kelmaydi va uyiga ham qaytgisi kelmaydi. Nega deganda, uyida ham har turli muammolar bor. Va shu toifa muhojirlar yillab yashaydi. Bular 30 foiz bo‘lsa ham, kam emas. Shularni ko‘chada ko‘rgan paytida mahalliy aholining munosabati ularga qanday bo‘lishi mumkin? Tirikchilik hamma tushunadi. Lekin shu narsalar kamroq bo‘lganda, munosabat ham boshqacha bo‘larmidi? Hukumat ham bu muammoga boshqacha qararmidi deb o‘ylayman. Uchinchi toifa oilasi, bola-chaqasini olib kelib yashagisi, o‘qitgisi, fuqarolik olishni xohlaydi. Lekin aytgan 30 foizimiz hamma manzarani buzib tashlaydi. Hozir jurnalistlar ham yomon narsalarni yoritishga o‘ch bo‘lib qolgan. O‘zbek uribdi, qirg‘iz o‘ldiribdi degan xabarlarni o‘qib ayniqsa yoshlarining munosabi o‘zgarib ketadi keyin. Bir xillari bor oilasi bor vatanida. Bu yerda ovqat, issiq joy uchun boshqaga ergashib ketadi. Yoki bo‘lmasa, boshqa odamlardan farzand ko‘rib, bolasini sotishga yoki tashlab ketishga urinadi. Bitttasi bilan shug‘ullangandim. Bolasi bo‘lib qolgan ayolga hujjatlarini qilib, yurtiga jo‘nataman deganimda yo‘q, men Tojikistonga ketaman, deydi. Nega desam, bolasining otasi tojikistonlik ekan. Lekin siz avval O‘zbekistonga borishingiz kerak, u yerdan viza olib Tojikistonga o‘tasiz deganimda, ertasiga bozorga chiqib bolasini sotib qutulmoqchi bo‘lgan. Militsiyaning qo‘liga tushib qolgandi o‘shanda. Men unga aytgandim, bolangiz uchun shuncha yordam bermoqchi bo‘lib yugurganim qayerda qoldi. Qanday qilib o‘z bolangizni sotasiz, deb. Keyin bolasini Samarqandga, yurtiga jo‘natib yuborganmiz. Lekin bundaylarga qaramasdan, o‘zbek muhojirlari boshqacha baribir. Yaqinda O‘zbekistondagi qarindoshlarimga sovg‘a jo‘natish uchun magazinga kirib, ishlab yurgan yigitdan qattiq korobka so‘radim. Muhojir o‘zbek ekan. Yaxshi qutichalar topib chiqib berdi. Har holda muhojir deb pul bermoqchi bo‘lsam, e, nima qilyapsiz deydi. Rahmatimni oldi faqat. O‘zbekistondan keluvchi ko‘pchilik muhojirlar insofli, mehribon, mehnatkash. Lekin bu yerda boshini baland ko‘tarib yurishi uchun baribir rus tilini o‘rganishi kerak. Keyin tilni bilgach, qonunni ham o‘rganib oladi. Ko‘p pul kerakmi odamga? Yo‘q. O‘ylayman, shu yerda qilgan tirikchiligini O‘zbekistonda ham qilishi mumkin ular. Yer borku bizda. Yer boqadi odamni mehnat qilsa. Bu yerda har xil kasallik orttiradi, yaxshi ovqat yemaydi, issiq kiyinmaydi. Foydasidan ko‘ra, zarari ko‘p muhojirlikni.

Jo‘rabek, Samara: Nima uchun yuristlikni tanlagansiz? Shundoq ham oliy ma‘lumotli ekansizku.

Yulduz Otaniyozova: Rossiyaning fuqarosi bo‘lgan paytimda, hech qanday muammo bo‘lmadi. Uch-to‘rt oy o‘tgandan keyin pasport stoldan, boshqa joydan turli masalalarda xatlar kela boshladi. Men ularga javob yozaman deb doim qonunning moddalarini o‘qishimga to‘g‘ri keldi. Keyin buni shunchaki o‘qib nima qilaman, institutga kirib o‘rgana qolay deb yuridik institutiga kirib ikkinchi mutaxassislikni oldim. Bundan tashqari 1991 yil filologiya fanlari nomzodi uchun qoraqalpoq tili haqida yozgan dissertatsiyamni "bizga turkiy tillarning qizig‘i yo‘q", deb bekor qilishgan. Shunga alam qildi menga albatta. Shundan keyin men haqiqatni, qonunni bilaman deb huquqshunoslikka o‘qiganman. Keyin taqdir taqozosi bilan tanlagan kasbim ko‘p odamlarga yordami tekkanidan, ularning duosini olayotganimdan xursandman. Men mehnat muhojiri bo‘lgan vatandoshlarimga yordam berayotganimdan quvonaman.