Eng mashhur o‘qotar qurol ixtirochisi - Kalashnikov vafot etdi

Image copyright Reuters

Kalashnikov o‘qqotar qurolining ixtirochisi Mixail Timofeyevich Kalashnikov 94 yoshida vafot etgan.

17 noyabr kuni u oshqozon qonashi bilan shifoxonaga yotqizilgandi.

Kalashnikov avtomati 1947 yil yaratilgan va XX asrning eng mashhur ixtirolari sirasiga kiritilgan.

Avtomat dunyo bo‘ylab eng ko‘p qo‘llaniladigan qurolga aylangan, hozir 100dan ortiq davlat qurolli kuchlari foydalanadi.

Ayni paytda AK47 jhondagi inqiloblar ramziga ham aylangan, qator milliy bayroqlarda ham aks etgan.

Jumladan, Angola, Vetnam, Jazoyir va Afg‘onistondagi jang maydonlarida qo‘llanilgan.

Falastindagi guruhlar ham Kalashnikov avtomatidan keng foydalanishadi va Usama bin Lodinning ham qo‘lida paydo bo‘lgandi.

Qurol nisbatan sodda ishlangani bois arzonga tushadi hamda jang maydonlarida qo‘llash ishonchli va oson ko‘riladi.

Mixail Kalashnikov 1919 yil 10 noyabrda Oltoy o‘lkasidagi Kurya qishlog‘ida dunyoga kelgandi. U oiladagi 18 farzanddan biri bo‘lgan. Bolalarning faqat olti nafari yashab qolgan.

Kalashnikov 1938 yil Qizil Armiyasi safiga chaqirilgan va uning yaratuvchanlik qobiliyatidan qurol-yarog‘lar va Sovet tanklarida ishlatilgan uskunalar samaradorligini oshirish yo‘lida foydalanilgan.

1941 yil oktyabrida u boshqargan tank olmonlar snaryadiga duch kelgan va tan jarohati olgan. Shundan so‘ng, u o‘z nomini mashhur qilgan o‘qotar qurol ixtirosi bilan shug‘ullangan.

Harbiy shifoxonada payti safdosh askarlaridan biri nima uchun Rossiya armiyasi olmon qo‘shinlarinikiga o‘xshash qurolga ega emasligi haqida so‘ragan.

"Xullas, men askar uchun avtomat qurol ixtiro qildim. U Kalashnikov avtomati deb ataldi", deb aytgan Mixail Kalashnikovning o‘zi.

Yangi qurol 1949 yildan boshlab Sovet qurolli kuchlari tarafidan foydalanila boshlangan va u Stalin Mukofoti bilan taqdirlangan.

Bu Kalashnikov olgan sovrinlarning biri edi, xolos. Keyinchalik Mixail Kalashnikov "Lenin ordeni", "Sotsialistik mehnat qahramoni" kabi qator mukofotlar berilgandi.

1987 yil Mixail Kalashnikovga Udmurt Respublikasi "Faxriy fuqarosi" degan nom berilgan. 75 yoshga kirgani munosabati bilan esa, Prezident Yeltsin uni General-Mayor unvoni bilan taqdirlagan.

O‘zi ishlagan qurolining soddaligi bois ixtirosidan u qadar katta boylik orttira olmagan.

Ammo, AK47 uning nomi tarixda o‘chmas iz qolishini kafolatlaydi.

Mixail Kalashnikov o‘qotar quroli ko‘plab insonlar umriga zomin bo‘lgani yuzasidan hech qanday mas‘uliyatni qabul qilmagan.

"Mening maqsadim o‘z vatanim chegaralarini muhofaza qilish uchun qurol yaratish edi. Kalashnikov ko‘pgina ixtilofli joylarda qo‘llanilgani mening aybim emas. Bunga ixtirochilar emas, o‘sha mamlakatlarning siyosatlari aybdor", deb aytgan edi Mixail Kalashnikov.