Fikr: Tolibonni nega yengib bo‘lmayapti?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ketma-ket e‘lon qilinayotgan yana bir nufuzli so‘rov natijasi aksariyat amerikaliklar afg‘on urushidan hech bir ma‘ni yo‘q, degan xulosada ekanliklarini ko‘rsatgan.

Ammo, shunga qaramay, yangi so‘rovda Amerika aholisining 70 foizga yaqini o‘z qo‘shinlarining Afg‘onistonda qolishi tarafdori ekanlar.

Ularga ko‘ra, oradan 12 yil o‘tib ham, Afg‘oniston mojarosi hanuz bir yoqli bo‘lmagan va shu bois ham, harbiylarining u yerda qolganliklari ma‘qul.

Yangi so‘rov Amerikaning ABC News televizion kanali va Washington Post nashrining buyurtmasi asosida o‘tkazilgan.

Yaqinda e‘lon qilingan yana bir so‘rov natijalari ham deyarli xuddi shunga o‘xshash qarashlarni ifoda etgandi.

"Associated Press-GfK" so‘rovida amerikaliklarning yarmidan ko‘prog‘i 2001 yilgi terrorchilik hujumlari ortidan Afg‘onistonga kirib, balki "bekor qilganmiz", deyishgandi.

Ammo, unda, Amerika aholisining yarmidan ko‘prog‘i qo‘shinlarimizni Afg‘onistondan tezroq olib chiqib ketishsa yaxshi edi, degan fikrni izhor etishgandi.

Har ikki so‘rov natijasiga munosabat bildirgan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, "bugun biror bir ekspert Afg‘oniston stsenariysining qaysi yo‘l bilan hal bo‘lishini tasavvur qilolmaydi".

"Chunki toliblarni mafkuraviy bir harakat sifatida yengish, butunlay yo‘qotish qiyin. Ayni paytda toliblarda siyosiy muzokaralarga ham taktika sifatida qarash moyilligi judayam kuchli: Ya‘ni ular bundan hokimiyatga kelish va o‘zining pozitsiyasini mustahkamlash maqsadida foydalanishi mumkin. Toliblarning yana bir muammosi - ular mana shu urushlar natijasida kuchli markazlashuv imkoniyatiga ega emas. Ularning boshida Mulla Umar turgani bilan, lekin u hammasini jamlab, bitta so‘z bilan barcha muammolarni uzil-kesil hal qila olmaydi. Buning ustiga, Afg‘oniston jamiyatida ham hozirgi hokimiyat, korruptsiya va boshqa muammolarga norozilik sifatida toliblarga moyillik shakllanib borayotganini ham e‘tirof etish kerak", - deydi tahlilchi.

Image copyright
Image caption Tolibon so‘nggi yillarda Afg‘onistonning aynan Markaziy Osiyo davlatlari bilan tutash mintaqalarida vaziyatni anchayin izdan chiqarishga muvaffaq bo‘lgan

O‘zbekistonga bevosita qo‘shni Afg‘oniston mojarosi esa, xorijiy qo‘shinlarning kelasi yilgi safarbarligi arafasida ham na-da harbiy va na-da siyosiy yechimini topgan.

Xuddi shu manzarada mas‘ul xalqaro tashkilotlar barchasining birdek e‘tirof etishlaricha, mavh bo‘lishning o‘rniga, hozirga kelib, Afg‘onistonda Tolibon harakati qayta faollashgan.

Afg‘onistonning aynan Markaziy Osiyo davlatlari bilan tutash mintaqalarida vaziyatni anchayin izdan chiqarish, O‘zbekiston Islomiy Harakati bilan qayta birlashishga muvaffaq bo‘lgan.

So‘nggi yillarda mamlakatning qolgan hududlari qolib, poytaxt Kobulning o‘zida qator yirik xudkushlik hujumlari uyushtirishning ham uddasidan chiqqan.

Xuddi shu manzarada na-da G‘arb, na-da mintaqa davlatlari va na-da Afg‘oniston hukumatining harakat bilan tinchlik muzokaralari olib borish urinishlari biror bir jiddiy samara bergan.

Shunday ekan, bundan keyingi voqealar rivojini qanday tasavvur etish mumkin?

"Biror bir stsenariyni ishonch bilan aytish qiyin. Mana shu strategik noaniqlik, mavhumlik, o‘ylaymanki, yaqin yillar ichida saqlanib qolaveradi. Lekin 2014 yilning oxirlari, 2015 yillarga borib, balkim, toliblarning mavqei biroz kuchayishi mumkin. Chunki shakllanayotgan siyosiy-psixologik muhit ular ruhlarining ko‘tarilishiga imkoniyat berishi mumkin. Lekin, ayni paytda, G‘arb Afg‘onistondan butunlay chiqib ketmayotganligi, asta-sekinlik bilan Afg‘oniston harbiy, kuch ishlatar tizimlarining shakllanishi manzarasida o‘rtadagi to‘qnashuvlarning jadalroq tusga kirishini bashorat qilishimiz mumkin", - deydi BBC O‘zbek Xizmatining ushbu savoliga javob berarkan Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.