Joningdan ochaymi, molingdan?...

O‘tayotgan yili yoritilgan hodisalar orasida matbuot eng ko‘p e‘tibor qaratgan mavzulardan biri O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova atrofida kechgan hodisalar edi.

Uning Internetdagi ijtimoiiy tarmoqlar orqali O‘zbekiston uchun noodatiy hisoblangan "oshkorona chiqishlari" ko‘plarni lol qoldirdi.

Ushbu izhorotlar orasida uning o‘ziga qarshi amallarda hisobsiz shaxslarni ayblashi bir tomon bo‘ldiyu, onasi Tatyana Karimovani folchilik va afsungarlikka yumshoq qilib aytganda "qiziqishi" borligida ayblashi bir tomon.

Izlanishlarmiz shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo mamlakatlarida azayimxonlik va turli bashoratchilarga "qiziqish" faqatgina prezident oilasi a‘zolarida emas, juda ko‘pchilikda bor. Bunga sabab nima?

Image copyright none

O‘rta asrlardagi mashhur italyan rassomi Mikelanjelo mo‘yqalamiga mansub bir surat bor.

Unda ko‘rinishidan o‘ziga to‘q o‘rta yoshli erkakning qo‘liga qarab bir ayol taqdirini aytib berayotgani tasvirlangan. Surat 16 asrda chizilgan. Lekin bugunda O‘zbekistonliklar bilan suhbatlashar ekansiz, Mikelajelo asaridagi tasvir voqelikda o‘ta keng tarqalganligi ayon bo‘ladi.

BBC suhbatlashgan O‘zbekistonlik o‘rta yoshli ayolning aytishicha, qizi ikki oylik bo‘lgan vaqti oilasining buzilib ketib, og‘ir ahvolga tushib qolishi ortidan duochiga murojaat qilgan.

Uning aytishicha, yon atrofdagilar bu amal ijobiy natija berishiga uni ishontirganlar.

Yana bir suhbatdoshimiz -o‘qimishli va anchayin muvaffaqiyatli ishbilarmon ayol. U ham hayotida mushkul vaziyatga yuz tutgan vaqtida o‘ngida paydo bo‘lgan savollarga javob topa olmay, bashoratchiga "bosh urib borgan".

Bashoratchi va issiq sovuqchilarga "Mahallada duv-duv gap" filmidagi omigina va nima desangiz shunga ishonadigan Oyposhsha opaga o‘xshaganlargina emas, o‘qimishli, muvaffaqiyatli va ko‘pda mashhurlar ham murojaat qilishni kanda qilmasliklari ayon bo‘ladi.

Izlanishlarimiz mobaynida ma‘lum bo‘lishicha, bashoratchiyu turli shakldagi folbinlarga murojaat qilish, hozirda g‘arb madaniyatlarida ham keng tarqalgan.

O‘zbekistonlik suhbadoshlarimizdan birining aytishicha, u bilgan-tanigan yon atrofdagilaridan deyali 70 foizi issiq-sovuqchilaru kelajagingiz qanday bo‘lishini "aytib beruvchilar" xizmatidan foydalangan yoda foydalanmoqda.

Image copyright none

Jamiyatda bu ko‘rinishning quloch yoyishiga qanday omillar turtki beradi?

AQShdagi Janubiy Florida universitetida sotsiologiya professori Danni Jorgansonning aytishicha, insonlarning bashoratchilarga murojaat qilishlarining asosiy sababi bu beqarorlik hissini kamytirish maqsadidir.

"Biz yashayotgan jahon juda beqaror jahon shunday emasmi? Yomon hodisalar ro‘y beradi, kutilmagan hodisalar, biz tushunmaydigan hodisalar hamisha sodir bo‘lib turadi. Bashoratchi va turli duochilar ana shu noaniqlikka qandaydir bir ma‘no bag‘ishlayotgandek bo‘ladilar".

"Jamiyatda qo‘rquv kuchaygan, beqarorlik darajasi ko‘tarilgan, insonlar hayotdan ma‘no topishga qiynalgan vaqtlari, mojarolar ro‘y bergan, madaniy o‘zgarishlar yuz berayotgan zamon bashoratchilikning ko‘p tarqalgan turlariga talab kuchayishi kuzatiladi. Bu faktorlarning hammasi qaysidir ma‘noda ulardan ma‘no topishga urinish harakatlariga ham turtki beradi", deydi professor Jorganson.

Demak, olimlarning aytishlaricha, jamiyatdagi beqarorlik darajasi ne qadar yuqori bo‘lsa, duoxonlik, azayimxonlik va afsunlarga ehtiyoj proportsional ravishda ko‘payar ekan.

Lekin shunisi ham ayonki, yirik monoteistik dinlarning deyarli hammasi bashoratchilikni qoralaydi. Shu jumladan Markaziy Osiyo aholisining aksar qismi e‘tiqod qiluvchi Islom ham.

"Islomda folbinlik shirkdir"

Taniqli ulamo, Qirg‘iziston sobiq muftiysi Sodiq Qori Kamoliddinning aytishicha, Islom dinida Qur‘oni Karimdan sura va oyatlarni o‘qib, dam solishga izn beriladi.

"Lekin har hil folbinlar, kohinlar, g‘oyibdan xabar beruvchilar, issiq-sovuq qilib, er-xotinlarning orasiga sovuqchilik tushirishga urinuvchi turli baxshilarga murojaat qilish Islom dinida taqiqlangan", deydi Sodiq qori Kamoliddin.

"Olloh emas, boshqa insonlardan yordam, madad kutish, taqdirni o‘zgartirish, ishlarni yaxshilash yo-da boshqalarning ishlarini yomonlashtirishni talab qilish Islomda shirk hisoblanadi", deya ilova qildi Sodiq Qori Kamoliddin.

Ammo amaldagi vaziyat shuki, qaysi dinga mansub bo‘lmasinlar odamlar ko‘pda dinning bashoratchilikka taqiqida "tirqish" topishga urinadilar.

Bir narsaga ishonsang, o‘sha tomon o‘zing bilmagan holda harakatlanib, bashoratchining aytganlarini o‘zimiz anglamay turib, bajarishimiz yo-da bajo bo‘lishiga o‘zimiz asos yaratishimiz ehtimoli ham bormi?

Pofessor Jorgansonga ko‘ra, bashoratlarning go‘yoki amalga oshishi asosida huddi shu narsa yotadi.

"Bilasizmi mo‘‘jizalar insonlar unga ishonganlari uchun ro‘yobga chiqadi. Chunki insonlar ishonmagan nuqtada mo‘jiza ham tugagan bo‘lardi. Mo‘‘jizaga ishonch hayotdagi evrilishlar ma‘noga to‘la holda qo‘limizga kelib tushmasligi tufayli mavjuddir. Insonlar ana shu ma‘nosiz narsalardan ma‘no qidirishga harakat qiladilar. Menu siz-u men masalan, ma‘no qidirishda ratsional fikrga yoki yon-atrofdagi hodisalarni tushunish uchun ilm fanga asoslangan ma‘lumotlarga suyansak, boshqalar o‘zgacha yo‘ldan borishadi. Lekin bu kabi usullardan foydalanib, odamlarni ataylab adashtirishga urinuvchilar bilan chin qalbdan birovning og‘irini yengil qilish, ko‘nglini ko‘tarishga harakat qiluvchilar orasini farqlay bilishimiz kerak menimcha".

Turli ro‘znomalarda go‘yoki manajjimlar so‘zlariga asoslangan turfaxil burj va muchalga taaluqi insonlar uchun kundalik ravishda chop etiladigan bashoratlar muharrirlar jamoasining ijodiy qalamlari "mahsuli" ekanligi ko‘plarga ayon.

Bo‘lmasa shu vaqtgacha insoniyat boshiga tushgan behisob fojelarni avvaldan bashorat qilib, shunchalar umrlarni saqlab qolmasmidilar.

Suhbatdoshlarimizdan ba‘zilari, bashoratchidan o‘z hayotlari haqida "yomon xabar" olganlari tufayli umrlarining muayan qismini hatto qo‘rquv va xavotir bilan o‘tkazganlar. Ana shu ma‘noda bashoratchilar xizmatidan foydalanish xavflimi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Professor Danni Jorgensonning aytishicha, bu masalaga qaysi tomondan qarashingizga bog‘liq.

"Bu narsa havflimi, ehtimolki yo‘q. Lekin bir narsa bundan istisno, u ham bo‘lsa bashoratchilik odamlarni siyosiy, ratsional ilm-fanga asoslangan yechimlarni izlash harakatlaridan chalg‘itishi mumkin. Lekin insonlar hayotda ma‘no chiqmaydigan, absurd bo‘lgan boshqa ko‘plab amallarga qo‘l uradilar, shunday emasmi. Masalan dinning aksar qimi ham huddi shunday. Shuning uchun xavflimi, degan savolga u qadar ham emas, deb javob bergan bo‘lardim. Albatta odamlar ishonchidan foydalanib, uni su‘iste‘mol qilishga urinuvchilar ham bor. Agarda bu kabi inson haqgo‘y bo‘lmasa, odamlarni o‘zi ko‘zlagan yo‘nalishga itarmoqchi bo‘lsa, aldamoqchi yoki shunchaki pulini olish yo‘lida qilayotgan bo‘lsa bu xavfli shaklni olishi mumkin".

Lavhamiz boshida tilga olgan Mikelajelo suratidagi yana bir jihatga nazar qaratsak.

Undagi folbin ayol o‘zi fol ochayotgan shaxsning kaftiga qaray turib, bildirmasdan uzugini yechib olmoqda.

Ya‘ni, qaloblikka ochiqchasiga ishora va bu holat haqiqatan ham mutassil ro‘y berishi ham ayon.

Bu omilga qaramay odamlarning bashoratchilardan yuz o‘girmasliklari asosidagi omillardan biri, deydi Sankt-Peterburgdagi Ovro‘po universitetida antropolgiya ilmidan dars beruvchi Sergey Shtirkov, hukumat va jamiyatdagi rasmiy institutlarga ishonchning yo‘qolishidir:

"Shunday bir ko‘rinish bor. Men uni shartli ravishda yangidemokratizm, deya atagan bo‘lardim. Bu shunday vaziyatki, odamlar, oddiymi yoki qudrat mavqeida bo‘lganlarmi, jamiyatdagi ularga ma‘lumot berib turish uchun masu‘l institutlar, ya‘ni real vaziyat haqida aniq xabar berib turuvchi tashkilotlar ularni adashtirishga harakat qilayotganini payqab, anglay boshlaydilar. Deylik bu haqqoniy bo‘lmagan hukumat, yoda biron shirkat tomonidan ajrtilgan mablag‘ga ishlab, jamiyatni aldashga harakat qilmoqchi bo‘lgan olimlar bo‘lishi mumkin. Yoki xalqqa to‘g‘ri ma‘lumot bermayotgan matbuot va hatto rasmiylar bilan til biriktirgan diniy rahbariyat...Xullas, legetim ma‘lumot manbalariga ishonch pasayib, yo-da yo‘qolib boradi. Ana shu holatda noana‘anviy ma‘lumot manbalariga murojaat qilish ehtiyoji paydo bo‘lib, ularga qiziqish ko‘tarilganini kuzatish mumkin. Va odamlar ana shu asosda bu manbalarga murojaat qilishni oqlay boshlaydilar", deydi antropolog Sergey Shtirkov.

"Bu shunday xolatki biz sotib olingan, yoda bir safga tizib qo‘yilib, yo‘q narsani bizga aytishga majburlangan jurnalistlar yoki deylik olimlarga ishonishdan ko‘ra, tijoriy manfaatga ega bo‘lsa ham bashoratchiga ishona boshlaymiz. Gollivudning mashhur "Arvoh" filmidagi bashoratchi ayol borku, u ham soddadil va ham mug‘ombir, ham qizg‘anchiq, lekin yordam berishga tayyor, bashoratchilik u uchun biznesligi ham ayon, lekin u hech qanday rasmiy institutga taaluqli emas. U mustaqil, o‘zicha harakat qiladi. Ana shu kabi shaxsga biz qornini shishirib, baland minbardan mamlakatning ertasi bunday bo‘ladi, deya bir narsalar demoqchi bo‘lgan shaxsdan ko‘ra ko‘proq ishona boshlaymiz".

Va yana bir jihat. Tasavvur qilingki, siz yashayotgan mamlakat rahbariyatidagi shaxslar ham bashoratchilarga ishonsalar. Va ularning ko‘rsatmalariga binoan qaror olsalar, ish tutsalar...Bundanda havflisi bo‘lmasa kerak

Lekin Sergey Shtirkovga ko‘ra , bashortachilarning insonlarni u yoki bu yo‘nalishda qadam bosishlariga hiyla-nayranglar bilan undash haqidagi xavotirlar amalda bu kabi holatlar ro‘y berishidan ko‘ra ko‘proqdir. U oqil va ratsional fikrlashning qo‘li baland kelishiga umid qiladi.

"Mening fikrimcha bashoratchilar siyosatchilarni ba‘zi yo‘llarga solib, o‘sha yo‘nalishda harakat qilishlariga turtki berishga, manipulyatsiya qilishga urinishlari haqidagi gap-so‘zlar amaldagi bu kabi holat ro‘y berishi ehtimolini shishirib ko‘rsatadi. Ya‘ni bu borada shubha gumonlar amalda ro‘y bergan manipulyatsiya holtalaridan ko‘ra ko‘proqdir. Lekin albatta bu kabi ehtimol mavjud. Va albatta qudratdagi shaxs bashoratchiga quloq tutayotganini tasavvur qilish mudhish bir hisni uyg‘otadi. Lekin an‘anaviy ratsional bilim va ma‘lumot manbalari qo‘lida qudrat bo‘lgan shahslar bu kabi alternativ manbalardan olingan ma‘lumot bilan siyosiy muhim qarorlarni qabul qilishda ehtiyotkorlik bilan qabul qiladilar, degan umidni paydo qiladi".