'Navoiy' erkin iqtisodiy sanoat hududida maxsus valyuta rejimi

“Navoiy” erkin iqtisodiy sanoat hududiga maxsus valyuta rejimi joriy qilinadi. Bojxona va soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan bu hudud endi xorij valyutasida oldi berdi qilishda engilliklarga ega bo‘ladi. Shu bilan O‘zbekistonda xorij valyutasi bilan muomalada mavjud qonunchilikni chetlab o‘tuvchi yana bir sub’ekt paydo bo‘lgani aytilmoqda. Bungacha avtomobil va aviachipta sohasiga shu kabi engilliklar joriy qilingan edi.

Uzreport.uz axborot agentligining xabar qilishicha, maxsus valyuta rejimini joriy qilish haqidagi qaror Vazirlar mahkamasi tomonidan 2013 yilning 25 dekabr kuni qabul qilingan.

Ushbu hujjat “Navoiy” erkin iqtisodiy sanoat hududi ishtirokchilari uchun valyuta va bank sohasida bir necha imtiyozlarni nazarda tutgan.

Ishtirokchilarga “Navoiy” erkin iqtisodiy sanoat hududi doirasida hisob va to‘lovlarni xorij valyutasida amalga oshirish, boshqa xo‘jalik sub’ektlari - O‘zbekiston respublikasi rezidentlari tomonidan etkazilgan tovar, ish va xizmatlarga to‘lovlarni xorij valyutasida amalga oshirish huquqi beriladi.

O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy hududlar mavzusida qator tahliliy maqolalar e’lon qilgan mustaqil iqtisodiy tahlilchi Alisher Taksanov ushbu hudud ishtirokchilari o‘rtasida valyuta borasida muammolar kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligini aytadi.

“Taxminimcha, erkin iqtisodiy sanoat hududi ishtirokchilari o‘rtasida valyuta boshqaruvi borasida muammolar kelib chiqqan. O‘zbekiston valyuta sohasida o‘ziga xos davlat. O‘zbekistonda muomaladagi yagona pul birligi so‘m deb ko‘rsatuvchi qonun bo‘lsa ham, bungacha, O‘zDeuavto mashinalarini dollarda sotishga ruhsat berilgan edi. Keyinchalik avia shirkatlarga faqat xorij valyutasida chipta sotish huquqi berildi”, - deydi Alisher Taksanov.

Tahlilchining qo‘shimcha qilishicha, Navoiydagi erkin iqtisodiy hududda ham valyutani konvertatsiya qilish yoki unga etishishda muammo kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.

“Navoiy” erkin iqtisodiy sanoat hududi ishtirokchilarining xorij valyutasidagi mablag‘lag‘lari, vakolatli banklarning hisob raqamlarida saqlanishi va ular tomonidan mustaqil ravishda ishlatilishi belgilangan.

Alisher Taksanov qarorda biroz tushunmovchiliklar borligini aytadi.

“Ushbu qarorda qonunchilikda bor narsalarning takrorini ko‘rish mumkin. Misol uchun qarorda, xo‘jalik sub’ektlari banklarni o‘zlari tanlashi mumkinligi ko‘rsatilgan. Bu narsa oldin taqiqlanganmidi? Kimlarnidir banklar majburlarmidi? Ular xizmatlarga xorij valyutasida haq to‘lashini ko‘rsatilish ham g‘alati”, - deydi Alisher Taksanov.

Iqtisodiy tahlilchining bildirishicha, O‘zbekistonga kirayotgan har qanday sarmoyador u erga xorij valyutasini olib kirish va olib ketish huquqi bo‘lgandagini sarmoya kiritadi.

Qonunchilikda bu narsalar ko‘rsatilgan.

“Navoiy” erkin iqtisodiy sanoat hududi 2008 yili Navoiy shahri yonida tashkil qilingan. Hukumat sanoat jihatidan rivojlangan Navoiy shahri xorij investorlariga keng imkoniyatlar berishi mumkinligiga umid qiladi.

2012 yili ushbu sanoat hududida qariyb 30 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

Keyinchalik Toshkentning Angren va Jizzax shaharlarida ham erkin iqtisodiy sanoat hududlari barpo qilindi.