Frantsiya: prezident Fransua Olland hayotidagi ayollar

Frantsiya prezidenti Fransua Olland u va aktrisa Jyuli Gayye o‘rtasidagi ishqiy aloqalar haqida xabar bergan jurnalni mahkamaga berish niyatida ekanini aytgan.

O‘tgan juma kuni Closer nomli gazetaning besh sahifasi Ollanda va Gayye aloqalariga bag‘ishlangandi.

Gazetas chop etgan suratlar 59-yoshli siyosatchininng Yelisey saroyi yaqinida yashovchi aktrisa uyida tez-tez tunab qolishini tasdiqlaydi.

BBC Frantsiya prezidenti bilan aloqalari bo‘lgan yoda mavjud ayollar haqida matbuot tarqatgan xabarlarni umumiylashtirib chiqdi.

Valeri Triyerveyler

Prezidentning rasmiy turmush o‘rtog‘i Valeri Triyerveyler (tepadan birinchi surat) hisoblanadi.

Valeri 48 yoshda, jurnalist.

U Paris Match jurnaliga maqolalar yozadi va Frantsiya televideniyesida bahs ko‘rsatuvini olib boradi.

Fransua Olland va Valeri Triyerveyler 2007 yilda Olland Segolen Ruayal bilan ajralishi ortidan birga yashay boshlashdi.

2012 yil iyunida Triyerveyler Twitter orqali parlament saylovida Ruayalning raqibini qo‘llab-quvvatlagani uchun Ollandning g‘azabiga uchradi.

Keyinchalik u o‘z sharhlari uchun kechirim so‘radi va "endi oddiy fuqaro emas"ligini haligacha tushunib yetmaganini yozdi.

Biroq Olland va Ruayalning o‘g‘li Toma bu hodisadan keyin na u, na akalari va na singillari Triyeveylerni ko‘rish niyati borligini ma‘lum qildi.

Segolen Ruayal

Frantsiyada taniqli siyosatchi bo‘lgan Segolen Ruayalning Fransua Ollanddan to‘rtta balog‘atga yetgan farzandi bor.

Olland va Ruayal yoshlik chog‘larida talabalar kechasida tanishganlar.

Matbuot ularni bir muddat Frantsiya siyosiy sahnasidagi eng qudratli juftlik deb atardi: juftlik mamlakat prezidenti kursisini egallash rejasiga ega edi.

Olland Ruayal bilan nikoh qurmasdan deyarli 30 yil yashadi.

Biroq juftlik 2007 yilda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovidan ko‘p o‘tmay ajrashishdi.

Asosiy partiyalardan biri - Sotsialistlar Partiyasining nomzodi sifatida prezidentlikka da‘vogarlik qilgan Segolen Ruayal saylovda raqibi Nikolya Sarkoziga mag‘lub bo‘ldi.

Jyuli Gayye

Prezident Olland Frans press agentligi bilan suhbatida aktrisa Jyuli Gayye bilan bo‘lgan aloqalari haqidagi maqolalar uning shaxsiy hayotiga aralashish ekanini aytdi.

Ammo u ikki farzandning onasi bo‘lgan Gayye bilan aloqalarini rad etmadi.

41-yoshli aktrisa dunyoda tanilgan emas, biroq Frantsiya ichkarisida katta shuhratga ega.

U bir bor Olland saylov oldi kampaniyasi uchun chiqarilgan reklamada ham ishtirok etgandi.

Mazkur reklamada Gayye Frantsiya prezidentini "haqiqatan ham tinglashni biladigan kamsuqum odam", deya ta‘riflaydi.

Olland va Gayye o‘rtasidagi ishqiy roman haqidagi gap-so‘zlar internetda ko‘p oylardan buyon yurgandi.

O‘tgan yil martida aktrisa prokuraturaga uning Olland bilan bo‘lgan aloqalari haqida xabar bergan birato‘la bir necha bloger va websahifalar ustidan arz qildi.

Jyuli Gayye 2013 yilda suratga olingan "Orse sohili" nomli satirik komediyada bosh rolni ijro etdi.

Ushbu filmda Frantsiya Tashqi ishlar vazirligi ichidagi siyosiy o‘yinlar va qog‘ozbozliklarni tasvirlanadi.

Jyuli shuningdek "Kel o‘pishaylik", "Eng yaqin do‘stim", "Santa o‘quvchisi", "Yolg‘onchilar" kabi o‘nlab filmlarda rollar ijro etgan.

Taniqli shifokorning qizi bo‘lgan Gayye 2003 yilda asli arentinalik kinorejissyor va stsenarist Santyago Amigorenga turmushga chiqqan, biroq oxirgi paytlarda ular birga yashashmaydi.