Kalashnikovning tavbasi

Image copyright AP
Image caption Tavba...

AK-47 avtomat qurolining muallifi Mixail Kalashnikov o‘limidan bir yarim yil avval Patriarx Kirilga maktub yo‘llab, dunyoda eng mashhur o‘qotar qurolni yaratgani uchun afsus-nadomatini izhor etgan.

Moskva Patriarxiyasidagilarning BBCga aytishicha,ular o‘shandayoq Kalashnikovga javob maktubini yozishgan.

Bu maktub "Izvestiya" gazetida chop etilgan.

Jurnalistlarga ko‘ra, ayni maktubni konstruktorga yaqin bir shaxs keltirib bergan.

Maktub kompyuterda yozilgan va Mixail Kalashnikov uni imzolagan.

"Izvestiya" gazetining muxbiri Denis Telmanovga ko‘ra, bu maktub Kalashnikovni ziyorat qilgan ruhoniy tilidan yozilgan bo‘lishi ehtimol bor.

Kalashnikov bu maktubida o‘zini pravoslav nasroniyligi, AK-47 avtomatini g‘aroyib qurol ekani va Sovuq urush davridagi amerikaliklar Sho‘ro fuqarolarining do‘sti bo‘lgani yozadi.

Kalashnikov hayotligida ham bir necha bor bu qurolni yaratganidan afsusda ekanini aytgandi.

"Dilog‘riq"

"Mening dilog‘rig‘imga toqat qilib bo‘lmas… Bir savol yuragimni o‘rtaydi. Mening avtomatim odamlarning yostig‘ini quritgan ekan, demak, men 93 yoshli Mixail Kalashnikov, bir dehqon ayolning o‘g‘li, nasroniy bo‘la turib bunda ulushim bor… Mayli o‘lganlar mening dushmanlarim bo‘lsa ham… Sababchiman…" deb yoziladi bu maktubda.

"Yoshligimda abadiy dvigatel yaratishni orzu qilganman... Shunga o‘xshaydi. Nur va zulmat, yaxshilik va yomonlik - bir butunlikdagi ikki qarama-qarshilik, biri birisiz bor bo‘lolmaydimi? Xudo shunday yaratdimi bu dunyoni? Nahot insoniyat bu g‘aflatda abadiy qolajak?"

Kalashnikov o‘zining qanday qilib do‘stlari yordamida e‘tiqodli bo‘lgani haqida va hamda o‘z sharafiga qurilajak muzeyga qarshilik ko‘rsatib, Ijevskda1930 yillarda vayron etilgan Avliyo Mixail Cherkovini qayta ta‘mirlanishiga bosh qo‘shgani haqida yozadi.

Sho‘rolar faxri

Image copyright Getty
Image caption Kalashnikovdan o‘q uzilmagan mamlakat dunyoda barmoq bilan sanarlidir...

Kalashnikov avtomati 1947 yil yaratilgan va XX asrning eng mashhur ixtirolari sirasiga kiritilgan.

Avtomat dunyo bo‘ylab eng ko‘p qo‘llaniladigan qurolga aylangan, hozir undan 100dan ortiq davlat qurolli kuchlari foydalanadi.

Ayni paytda AK47 jhondagi inqiloblar ramziga ham aylangan, qator milliy bayroqlarda ham aks etgan.

Jumladan, Angola, Vetnam, Jazoyir va Afg‘onistondagi jang maydonlarida qo‘llanilgan.

Falastindagi guruhlar ham Kalashnikov avtomatidan keng foydalanishadi va Usama bin Lodinning ham qo‘lida paydo bo‘lgandi.

Qurol nisbatan sodda ishlangani bois arzonga tushadi hamda jang maydonlarida qo‘llash ishonchli va oson ko‘riladi.

Mixail Kalashnikov 1919 yil 10 noyabrda Oltoy o‘lkasidagi Kurya qishlog‘ida dunyoga kelgandi. U oiladagi 18 farzanddan biri bo‘lgan. Bolalarning faqat olti nafari yashab qolgan.

Kalashnikov 1938 yil Qizil Armiyasi safiga chaqirilgan va uning yaratuvchanlik qobiliyatidan qurol-yarog‘lar va Sovet tanklarida ishlatilgan uskunalar samaradorligini oshirish yo‘lida foydalanilgan.

1941 yil oktyabrida u boshqargan tank olmonlar snaryadiga duch kelgan va tan jarohati olgan. Shundan so‘ng, u o‘z nomini mashhur qilgan o‘qotar qurol ixtirosi bilan shug‘ullangan.

Harbiy shifoxonada payti safdosh askarlaridan biri nima uchun Rossiya armiyasi olmon qo‘shinlarinikiga o‘xshash qurolga ega emasligi haqida so‘ragan.

"Xullas, men askar uchun avtomat qurol ixtiro qildim. U Kalashnikov avtomati deb ataldi", degandi Mixail Kalashnikovning o‘zi.

Yangi qurol 1949 yildan boshlab Sovet qurolli kuchlari tarafidan foydalanila boshlangan va u Stalin Mukofoti bilan taqdirlangan.

Bu Kalashnikov olgan sovrinlarning biri edi, xolos. Keyinchalik Mixail Kalashnikov "Lenin ordeni", "Sotsialistik mehnat qahramoni" kabi qator mukofotlar berilgandi.

1987 yil Mixail Kalashnikovga Udmurt Respublikasi "Faxriy fuqarosi" degan nom berilgan. 75 yoshga kirgani munosabati bilan esa, Prezident Yeltsin uni General-Mayor unvoni bilan taqdirlagan.