O‘sh shahar hokimligiga saylovi oldidan tahdidli varaqalar tarqalgan

Image copyright oshcity.kg
Image caption "Saylovoldi jarayonida jirkanch o‘yinlar boshlangan..."

O‘sh shahar kengashining o‘zbek millatiga mansub bir qator deputatlariga tahdid bitilgan varaqalar tarqatilgan.

Bu varaqalarda deputatlarning tarjimai holi va manzillariga doir ma‘lumotlar akslangani aytilmoqda.

Mahalliy mulozimlarga ko‘ra, sakkiz nafar deputatlarning aksariyati shaharning sobiq hokimi Melis Mirzakmatov barpo etgan "Uluttar birimdigi", ya‘ni "Millatlar birligi" partiyasi a‘zolaridir.

Lekin ularning orasida asoschisi davlat rahbari bo‘lgan Kirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi a‘zosi ham bor.

O‘tgan yil 12- dekabrida Prezident Almazbek Atambayev imzolagan "Bishkek va O‘sh shaharlarining maqomi" to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, Bishkek va O‘sh shaharlarining hokimlarini shahar kengashidagi deputatlar yashirin ovoz berish orqali besh yillik muddatga saylaydilar.

Hokimlikka nomzodlarni esa, shahar kengashidagi fraktsiyalar va Bosh vazir ko‘rsata oladilar.

Saylov deputatlarning uchdan ikki qismi qatnashgandagina, bo‘lib o‘tdi, deya hisoblanadi.

Shahar hokimi saylovi 15 yanvar kuniga rejalangan.

Bu galgi saylov oson kechmasligini sezayotgan sobiq O‘sh hokimi Mirzakmatov, agar saylovda yengilib qolsa, o‘z tarafdorlarini norozilik namoyishlariga olib chiqish bilan tahdid qilgan edi.

Varaqalarda nima gap?

Image caption Varaqalardagi "qahramonlar" sobiq hokimning tarafdorlari ekani aytiladi

O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasining matbuoti kotibi Zamir Sidiqovga ko‘ra, o‘zbek millatiga mansub faollar haqidagi varaqalar shahar bozori va aholi zich joylashgan mahallalardan topilgan.

Bu varaqalarda nafaqat suratlar va deputatlarning shaxsiy ma‘lumotlari, balki ularning telefon raqamlari ham ko‘rsatilgan.

Bu saylovoldi jarayonidagi jirkanch ko‘rinish o‘laroq ta‘riflanmoqda.

O‘shlik faollardan biri Izzatullo Rahmatulloyev saylovoldi jarayonda faqat o‘zbek deputatlarga qarshi deb qaralayotgan bu hodisa shundoq ham nozik qolayotgan millatlararo munosabatlarni taranglashtirishidan xavotirda.

Varaqalar nishoni ostida bo‘lgan deputatlarning aksariyati O‘shning sobiq rahbari Melis Mirzakmatov partiyasi a‘zolaridir.

Tarixcha o‘rnida

Image copyright Press service
Image caption O‘shdagi saylov prezident Atambayev qudrati uchun sinovlardan biri bo‘lishi mumkin

O‘tgan yil 4 dekabrida Bishkek shahri hokimi Isa O‘murqulov o‘z hohishi bilan ist‘foga chiqqan, ko‘p o‘tmay O‘sh shahrining hokimi Melis Mirzakmatov Qirg‘iziston Bosh vaziri buyrug‘iga binoan ishdan olingan edi.

Uning ishdan olinishiga, O‘sh markazida poraxo‘rlikda ayblanayotgan parlament deputati Axmatbek Keldibekovning tarafdorlari oldiga chiqib, markaziy hukumatni tanqid qilgani sabab bo‘lgan.

25 dekabrda O‘sh shahar kengashida ham qator o‘zgarishlar ro‘y berdi, ya‘ni "Haqiqat, Birlik" - Akyikat, yntymak" deya nomlanuvchi yangi ko‘pchilik koalitsiyasi tuzildi.

Bungacha, shahar kengashidagi 45 deputatlik o‘rnidan 21 o‘ringa ega sobiq hokim Mirzakmatov boshchiligidagi "Millatlar Birligi" partiyasi, "Zamondosh" va "Qirg‘iziston Halq Demokratik" partiyalarining qo‘llovi bilan ko‘pchilik koalitsiyani tashkil etar edi.

Qolgan 22 deputatlik o‘rinlar esa "Ota Makon", "Qirg‘iziston Sotsial-Demokratlar"i, "Respublika" va "Adolatli Qirg‘iziston" partiyalar orasida taqsimlangan.

Kutilmaganda, Qirg‘iziston Markaziy saylov qo‘mitasi qarori asosida, "Zamondosh" partiyasining vakili Nuradil Joldoshev deputatlikdan chaqirtirib olindi. Uning o‘rniga 25 dekabrda shahar kengashi yig‘ilishida partiya nomidan Qamchibek Mambetov yangi deputat etib tayinlandi va u o‘sha zahotiyoq ozchilik koalitsiyaga qo‘shildi. Shundan keyin ozchilik koalitsiya ko‘pchilikka, ko‘pchilik koalitsiya esa ozchilikka aylandi.