Qirg‘iz-Tojik chegarasidagi vaziyatga doir kelishuvga erishilgan

Image copyright askar baymuratov
Image caption Dushanba kuni chegaradagi vaziyat barqaror ekani xabar qilindi

Qirg‘izistonning Botken viloyati markazida kechgan tojik-qirg‘iz vakillari muzokaralarida bugundan boshlab chegara mintaqasida har ikki tomon ichki ishlar vazirligi xodimlarining patrul guruhi faoliyati yo‘lga qo‘yilishiga kelishilgan.

Har ikki davlat ichki ishlar vazorati xodimlari bahsli hududlarni birgalikda nazorat qilishadi.

Bu haqda Tojikiston mulozimlari xabar qilishgan.

Tojikistonning Aziya-plyus xabar agentligi, So‘g‘d viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Jumaboy Sanginovning so‘zlaridan iqtibos keltirib yozishicha, "Tojikiston tomoni qo‘shnilariga davlatlararo kelishuvga muvafiq davlat chegaralarining bahsli hududlarida har qanday qurilish ishlari taqiqlanadi. Shuningdek, biz Qirg‘iziston tomonidan bahsli hududdan kechadigan Oqsoy-Tomdiq yo‘l qurilishini to‘xtatishni so‘radik", deb aytgan tojikistonlik mulozim.

Mulozimga ko‘ra, bugungi kunda har ikki tomon ham bo‘lib o‘tgan otishmaga doir o‘z tekshiruvlarini boshlagan.

Bu tekshiruvlar yakunlanganidan keyin ular ma‘lumotlar almashish va aybdorlarni jinoiy javobgarlikka tortishga kelishganlar.

Avvalroq, Bishkek va Dushanbe bir-birlarini birinchi bo‘lib o‘t ochishda ayblashgan edi.

So‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, qariyb bir soat davom etgan otishmada har ikkala tomondan ham o‘ndan ortiq chegarachi jarohat olgani aytilmoqda.

Tojikiston Tashqi Ishlar vazirligi avvalroq bayonot bilan chiqib Qirg‘iziston chegara hududlariga doir davlatlararo kelishuvni hurmat qilmagan deya iddao etgan edi.

Qirg‘iziston mulozimlari esa otishma uchun mas‘uliyatni Tojikiston chegarachilariga yuklashmoqda.

Bishkek Chegara xizmati da‘vosiga ko‘ra, Tojikiston tomoni otishmani birinchi bo‘lib boshlagan va avtomat quroldan tashqari, minamyotlardan ham hujum qilgan.

Tojikiston chegarachilari esa 11 yanvar kuni ro‘y bergan otishmaga doir rasman izoh berishgani yo‘q.

Qirg‘iziston Chegara xizmati esa Dushanba kuni tongda chegaradagi vaziyat nisbatan osoyishta ekanini xabar bergan.

Bahsli hudud

Tojik tarafining aytishicha, Qirg‘iziston 7 yanvarda erishilgan kelishuvga xilof ravishda bahsli hududdagi yo‘l qurilishini davom ettirishga uringan.

Ammo Qirg‘iz chegara xizmati mabuot kotibi Gulmira Bo‘riboyeva BBC bilan suhbatda yo‘l qurilishi Qirg‘iziston hududida olib borilayotganini urg‘uladi.

"Muqobil yo‘l qurilishi Qirg‘iziston hududida olib borilayapti", - deb aytdi qirg‘iz chegara qo‘mitasi vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘l qurilishi fuqarolik tashkiloti tomonidan olib borilmoqda va Chegara qo‘shinlari hamda Ichki ishlar vazirligining harbiylari u yerda faqat xavfsizlikni ta‘minlash uchun jalb etilgan.

"Chegaraning ayni hududida Qirg‘iziston Respublikasiga tegishli. 7 yanvar kuni ikki davlat bosh vazir o‘rinbosarlarining uchrashuvi chog‘ida qirg‘iz tomoni yo‘l qurilishi davom ettirilishini aniq-taniq aytgan", deb aytdi Gulmira Bo‘riboyeva.

Uning ta‘qidlashicha, agar kelajakda, davlat chegaralarini aniqlash jarayonida ushbu hudud Tojikistonga o‘tib qoladigan bo‘lsa, qurilgan yo‘l ham Tojikiston tasarrufiga o‘tishi haqida aytilgan.

"Ammo tasdiqlovchi hujjatlar va amalda istifoda etilishiga ko‘ra, bu hudud Qirg‘izistonga qarashli", - dedi mulozim.

Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, 11 yanvar kungi hodisa munosabati bilan qirg‘iz-tojik chegarasidagi nazorat- o‘tish nuqtalarini vaqtincha yopish haqida qaror qabul qilingan.

Vaziyat barqarorlashgunicha, chegara yopiqligicha qolishi aytilmoqda.

Chegarasiz chegaralar

Image copyright Askar Baimuratov
Image caption Chegarasiz "chegaralar"

17 dekabrda Qirg‘izistonning Aq-Say qishlog‘i aholisi va Tojikistonning Vorux anklavi yashovchilari o‘rtasida mojaro kelib chiqqandi.

Xabarlarga ko‘ra, Aq-Sayliklar anklavga yo‘lni berkitib, o‘z hukumatidan Tojikistonning Chorku qishlog‘ini aylanib o‘tuvchi yo‘lni qurib berishni talab qilganlar.

Ikki hukumat vakillari muzokaralari ortidan yo‘l qayta ochilgandi.

Bu muzokaralar oqibatida 9 yanvarda Isfarada qirg‘iz-tojik chegarasidagi muammoli hududlarda birgalikda qo‘riqlov ishlarini olib borish tartibi kelishib olingandi.

Keyingi yillarda Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston chegarasidagi bahsli hududlar yuzasidan fuqarolar va harbiylar o‘rtasida tez-tez janjallar yuzaga kelishi kuzatiladi.

Sho‘rolar zo‘ri bilan yaratilgan sun‘iy Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishgach o‘zaro sarhadlarni aniqlashtirish boshog‘riq masalaga aylandi.

Markaziy Osiyoning boshqa hududlarida bo‘lgani kabi Tojikiston shimoli va Qirg‘iziston janubidagi mintaqada ayrim holatlarda bir qishloqdan o‘tgan yo‘lning ikki tarafi deyarli bir kecha kunduzda ikki mamlakatning "mulki"ga aylanib qoldi.

O‘zbekiston o‘z qo‘shnilari bilan birin-ketin viza tizimini joriy qilib, chegaralarga mina ekib chiqar ekan, Qirg‘iziston va Tojikiston sarhadlariga doir asosan maishiy, mayda janjallar ro‘y bera boshladi.

Bishkek va Dushanbe bu kabi muammolarga o‘sha mintaqa rahbarlari kabi hech qachon jiddiy munosabat ko‘rsatishmagan.

Ammo 11 yanvarda ikki davlat chegarachilarining rostakamiga bir-biri bilan otishmaga kirishgani vaziyat qanchalar tez yomonlashishi ehtimolini urg‘ulamoqda.