Qirg‘iziston: qirg‘iz-tojik chegarasida vaziyat keskinlashdi

Image copyright Askar Baimuratov
Image caption 11 yanvar kungi hodisada har ikki tomon bir-birini ayblaydi

Qirg‘iziston Davlat chegara xizmatining bildirishicha, qirg‘iz-tojik chegarasida vaziyat yana taranglashgan.

"Davlat chegarasining qirg‘iz-tojik hududidagi vaziyat o‘zgardi", - deyiladi qirg‘iz tomoni tarqatgan bayonotda.

Unda aytilishicha, 11 yanvar kuni qirg‘iz va tojik chegarachilari o‘rtasida otishma yuz bergan Botken viloyatining Oq-Soy hududida vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Qirg‘iz tarafining bildirishicha, seshanba kuni ikki davlat chegara xizmatlari o‘rtasida kechgan muzokaralarga Tojikiston vakillari "to‘la jangovar anjom va bronejiletlarda" kelishgan.

"Muzokaralar chog‘ida tojik tomoni Kok-Tash-Ak-Say" avtoyo‘li qurilishiga qat‘iy qarshilik ko‘rsatish niyatida ekanini bildirdi", - deyiladi qirg‘iz chegara xizmati tarqatgan xabarda.

Jangovar shaylik

Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati "Qirg‘iziston Respublikasining hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun barcha zarur hozirlik choralarini ko‘rgani, shu jumladan, ehtimoliy qurolli hujumni qaytarishga tayyor"ligini aytgan.

"Barcha kuch tizimlari bilan birgalikdagi harakat masalalari ishlab chiqilgan", - deyiladi bayonotda.

Qirg‘iz tomoni Tojikiston chegarachilarining "bu kabi tajovuzkor harakatlari vaziyatni murakkablashtirishi va ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarga putur yetkazishi"ni ta‘kidlagan.

Qirg‘iziston Tojikistonni yuzaga kelgan bahsni "kuchni ko‘rsatib qo‘yish yo‘li bilan emas, balki tinch yo‘l - muzokaralar orqali hal qilish"ga chaqirgan.

11 yanvar kuni Botken viloyatining Oq-Soy qishlog‘ida yuz bergan otishmada ikki tojik chegarachisi yaralangan.

Har ikki tomon hodisada bir-birini ayblamoqda.

Tojik tarafining aytishicha, Qirg‘iziston 7 yanvarda erishilgan kelishuvga xilof ravishda bahsli hududdagi yo‘l qurilishini davom ettirishga uringan.

Ammo Qirg‘iz chegara xizmati mabuot kotibi Gulmira Bo‘riboyeva BBC bilan suhbatda yo‘l qurilishi Qirg‘iziston hududida olib borilayotganini aytgan va qurilish ishlari davom etishini aytgan.

Dushanba kuni Botken viloyat markazida kechgan muzokaralar chog‘ida ikki tomon chegara bahsini yechish yuzasidan kelishuvga erishgani, unga muvofiq chegara mintaqasida Qirg‘iziston va Tojikiston ichki ishlar vazirliklarining patrul guruhi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ma‘lum qilingandi.

Qirg‘iz tomoni ikki davlat bosh vazir o‘rinbosarlari qo‘shma tekshiruv yuzasidan kelishuvga erishganliklarini ham bildirgan.