O‘sh: Melis Mirzaqmatov qayta saylanadimi?

Image caption Mirzaqmatov millatchi chiqishlari va markaziy hukumatni mensimasligi bilan tanilgan

Chorshanba kuni Bishkek va O‘sh shaharlarining hokimlari saylanadi.

Saylov yaqinlashgani sari O‘sh shahri aholisi orasida turli vahima – sarosimalar ko‘payib bormokda.

Markaziy hukumat ham, mahalliy hokimiyat ham o‘z qo‘llaridagi imkoniyatlarni foydalanib, yutuqqa erishish ilinjida.

Hozirgi kunda olib borilayotgan siyosat o‘yinlaridan charchagan aholi esa, yangi hokim kim bo‘lishidan qat‘i nazar, shahar rivoji, aholi ravnaqi uchun ish olib borsa deydi.

Saylov yaqinlashgani sari O‘sh shahar sobiq hokimi Melis Mirzaqmatov bilan markaziy hukumat o‘rtasidagi munosabat tobora taranglashib borayapti.

Ikkala taraf bir-birlarini qoralab, ig‘vogarliklarda ayblab kelmoqdalar.

Shubhali varaqalar

Dushanba kuni O‘shda shahar kengashidagi o‘zbek deputatlarining surat va manzillari yozilgan, ularni saylov oldidan u yoki bu nomzodga ovoz berish uchun qo‘rqitishga yo‘naltirilgan varaqalar paydo bo‘lgani xabar qilingan.

15 yanvarda bo‘lib o‘tadigan saylov kuni, O‘sh markaziy maydonida sobiq hokim Mirzaqmatovni qo‘llagan tinchlik mitingi o‘tkazilishi kutilmoqdi.

Tahlilchilar fikricha, bu kabi mitinglar, markaziy hukumatga bosim o‘tkazish maqsadida uyushtiriladi.

O‘z navbatida davlat idoralari, maktablarda ham tezkor yig‘inlar o‘tkazilib, 15 yanvarda markaziy maydonda bo‘ladigan tinchlik mitingida qatnashmaslikka da‘vat qilinmoqda.

O‘shlik media ekspert Bakit Ibraimovning fikriga ko‘ra, so‘nggi paytlarda markaziy hukumat bilan mahalliy hukumat o‘rtasida axborot urushi avjiga chiqqan.

"Mirzaqmatovning O‘sh shahar hokimi etib qayta saylanmasligi uchun markaziy hukumat, o‘z qaramog‘idagi OAVlar - KTR, ElTR, 5 kanallar orqali sobiq xokimni 4 yillik faoliyatidagi kamchiliklarini topib chiqib, ularni jamoatchilikka oshkor etayapti. O‘z navbatida Mirzaqmatov ham o‘ziga qarashli O‘shTV telekanali va "O‘sh Shaami" gazetasi orqali o‘ziga qo‘yilayotgan ayblarni rad etib, o‘zini oqlash, ishlarning barchasini xalq uchun qilganligini aytib kelmoqda" - deydi Bakit Ibraimov.

Mirzaqmatov 2009 yilning boshida O‘sh shahar hokimi bo‘lib kelgandan keyin, shahar obodonchiligi va rivojlanishi uchun ko‘zga ko‘rinarli ishlarni olib bordi deb, uning ishiga ijobiy baho beradiganlar ham bor. O‘sh shahar yashovchisi Ilhom Qosimov:

"Melis Mirzaqmatovning hokimligi davrida shaharda bir qator ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Uning bajargan ishlarini tan olish kerak. Ko‘chalar asfalt qilinib, obodonlashtirildi, yoritildi. Shahar byudjeti bir necha barobarga ko‘paydi. Bungacha hokim bo‘lib ishlaganlar bunday ishlarni qilmagan edi", - deydi Ilhom Qosimov.

"Milliy qahramon"

O‘shdagi "Di grup" analitik markazining rahbari Munojot Toshboyevaning fikricha, Mirzaqmatovning olib borgan ishlarini maqtab, uni qahramon qilib ko‘rsatish noto‘g‘ri.

Shahar hokimi bo‘lganidan keyin bu ishlarni bajarish uning vazifasi:

"Janob Mirzaqmatov bu ishlarni bajarish uchun, o‘z cho‘ntagidan harajat qilgani yo‘q. Hadeb uni maqtayvermasdan, bu jarayonlarni oddiy bir hol, deb bilish kerak. Shu qatorda saylov jarayonini ham. Bo‘lajak shahar hokimi siyosatchi bo‘lishi shart emas, qaytanga "xozyaystvennik" bo‘lishi kerak. Shaharni qanday qilib rivojlantirish mumkin, degan savol ustida bosh qotiradigan, aniq reja asosida ishni olib ketadigan odam bo‘lishi kerak. Hali qancha yechilmagan muammolar turibdi", - deydi Munojot Toshboyeva.

2010 yil iyunida O‘sh va Jalolobodda bo‘lib o‘tgan millatlararo qonli voqealardan keyin, bir qator xalqaro va nodavlat tashkilotlari shaharlarni tiklashda mahalliy hokimiyat bilan ish olib borganlar.

O‘shdagi "Interbilim" nodavlat tashkilotining rahbari Gulgaki Mamasaliyevaning so‘zlariga ko‘ra, agar yangi hokim bo‘lsa, bir qator qiyinchiliklar bo‘ladi.

"Shahar hokimiyatining hozirgi tarkibi bilan ishlash biz uchun qulay. Agar saylovda Melis Mirzaqmatov emas, Aytmamat Qadyrbayev g‘olib bo‘lib, u yangi hokim etib tayinlansa, uning ortidan bo‘lajak hokimiyat hodimlari bilan ishlash bizlar uchun bir qator noqulayliklarni yaratadi. Sababi, biz hozirgi hodimlar bilan o‘tgan 4 yil ichida hamkorlik qilib, ularni o‘qitdik, ko‘mak ko‘rsatdik. Bir-birimiz bilan til topishganmiz. Shahardagi muammolarni birgalikda hal qilayapmiz. Yangi xodimlarni o‘qitib, o‘rgatguncha, vaqt kerak bo‘ladi" - deydi Gulgaki Mamasaliyeva.

Ma‘lumot o‘rnida

Bishkek shahar hokimi lavozimiga 5 yanvar kuni hukumatning SDPK partiyasi nomidan Chuy viloyatining sobiq gubernatori Kubanychbek Kulmatov nomzod qilib ko‘rsatilgan.

Bishkek shahar kengashidagi "Respublika" partiyasi ham avvaliga partiyamiz nomidan nomzod ko‘rsatamiz deb, keyinchalik saylov adolatli o‘tmaydi, degan vaj bilan nomzod ko‘rsatishdan bosh tortdi.

O‘sh shahar hokimligi nomzodiga esa Melis Mirzaqmatov bilan O‘sh va Jalolobod shaharlarini qayta tiklash Davlat Direktsiyasining direktor o‘rinbosari Aytmamat Qadirbayev nomzodlikka ot solishdi.

8 yanvar kuni Qirg‘iziston Davlat til komissiyasi uchala nomzodni ham qirg‘iz tili sinovidan o‘tkazganidan keyin, saylov kurashining asosiy bosqichi boshlandi.

Bu orada, 30 dekabrda, O‘sh shahar kengashi spikeri, ko‘pchilikni tashkil etuvchi Mirzaqmatov boshchiligidagi "Uluttar Birimdigi" partiyasining a‘zosi Taalay Sabirov Bosh vazir Jantoro Satybaldiyevning buyrug‘i bilan Davlat Arxitektura va qurilish agentligi boshlig‘ining o‘rinbosarligiga tayinlangan. Uning o‘rniga "Respublika" partiyasidan deputat Ulan Primov spiker etib saylangan va o‘sha kuni deputatlar sobiq hokim Mirzaqmatov boshchiligida 2013 yilda meriya bajargan ishlar hisobotini qoniqarli emas, deb topganlar.

25 dekabrda esa, O‘sh shahar kengashida ko‘pchilikni tashkil etuvchi "Uluttar birimdigi" partiyasi bilan ko‘pchilik koalitsiyani tashkil qilgan "Zamandash Sovremennik" partiyasining yagona deputati Joldoshev Nuradil, partiya tarafidan chaqirtirib olinib, uning o‘rniga Mambetov Kamchibek deputat etib saylangan va o‘sha zahotiyoq ozchilik koalitsiyaga qo‘shilgan. Shunday qilib, shahar kengashidagi 45 deputatning 23 nafari bilan ko‘pchilik koalitsiya ozchilikka, qolgan 22 deputatdan tashkil etgan ozchilik koalitsiya esa ko‘pchilikka aylangan.

29 dekabrda "Uluttar Birimdigi" partiyasining yana bir a‘zosi Janysh Rustanbekov ham, Prezident Almazbek Atambayevning 2013 yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanini ko‘rib, uning olib borayotgan siyosati to‘g‘ri ekanligiga ishongan va hukumatga muxolif partiya saflarini tark etishni to‘g‘ri, deb topganligi bilan izohlagan holda partiyadan chiqqan.

Bu ikki taniqli siyosatchilarning, "Uluttar Birimdigi" partiyasini kutilmaganda, hal qiluvchi pallada tark etishlarini tahlilchilar, davlat tarafidan ularga bo‘lgan bosimlar bilan tushuntirishmoqda.