Prezident Karimov: mintaqada keskinlik kuchayishi mumkin

Image copyright BBC World Service
Image caption Prezident Karimov mintaqadagi eng qudratli armiyaning Bosh qo‘mondoni hisoblanadi

Prezident Islom Karimov xalqaro kuchlarning Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi O‘zbekistonning janubiy sarhadlarida keskinlikning kuchayishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 22 yilligi munosabati bilan harbiylarga yo‘llagan tabrigida janob Karimov o‘zbek armiyasi "har qanday tajovuzkor xurujlarga" tayyor turishi kerakligini aytgan.

"ISAF deb atalmish tinchlikparvar kuchlarning Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha mamlakatlar uchun jiddiy sinovga aylanishi, bizning janubiy sarhadlarimizda va chegaradosh hududlarda keskinlikning yanada kuchayishiga olib kelishi mumkin", deb aytgan janob Karimov.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonga asosiy tahdid "terrorist va estremist kuchlar"dan kelmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Qurolli kuchlarning asosiy vazifasi "terrorist va ekstremist kuchlar xatti-harakatlarining faollashuv ehtimoli bilan bog‘liq bo‘lgan xavf-xatarlarni o‘z vaqtida aniqlash" ekanini aytgan.

O‘zbekiston rahbari xalqaro kuchlarning Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi ortidan mintaqada vaziyatning yomonlashishi borasida birinchi marta ogohlantirayotgani yo‘q.

G‘arblik tahlilchilar Afg‘onistondagi jangarilarning O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarga sizib kirish xavfi saqlanib qolayotganini e‘tirof etganlari holda Prezident Islom Karimov xalqaro terrorchilar xavfini bo‘rttirib ko‘rsatishini aytadilar.

Ularga ko‘ra, O‘zbekiston rahbariyati 2001 yilda AQSh tomonidan e‘lon qilingan terrorga qarshi urushdan mamlakatdagi siyosiy repressiyalarni oqlashda foydalanib keladi.

Joriy yil oxiriga qadar kutilayotgan xalqaro kuchlarning Afg‘onistondan olib chiqib ketilishida O‘zbekiston muhim tranzit nuqtasiga aylangan.

O‘zbekiston Afg‘onistondagi AQSh va NATOga tegishli harbiy texnikaning bir qismini yordam tariqasida yoki arzon narxlarda olib qolishga umid qilayotgani aytiladi.

O‘tgan yili Amerika matbuoti ayni masala Toshkent va Vashingtonda kechgan muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘lgani haqida yozgan.

Inson huquqlari tashkilotlari g‘arbning Prezident Karimov tuzumi bilan harbiy hamkorligini tanqid qilib keladilar.

Qudratli armiya

O‘zbekiston Qurolli kuchlari son jihatdan mintaqadagi eng yirik armiya hisoblanadi.

Rossiyalik va g‘arblik eskpertlar o‘zbek armiyasi jangovar tayyorgarligi jihatidan ham mintaqadagi qolgan to‘rt davlat qurolli kuchlaridan ustun ekanini e‘tirof etadilar.

Hukumat harbiy harajatlarni e‘lon qilmaydi, ammo turli hisob-kitoblarga ko‘ra, harbiy harajatlar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 3.5 foizini tashkil etadi.

O‘zbekiston armiyasi shuningdek, ko‘ngillilar tanlov asosida qabul qilinadigan dunyodagi sanoqli armiyalardan biridir.

Tahlilchilar bunga mamlakatdagi ishsizlik sabab ekanini aytishadi.

Ayni paytda tahlilchilarga ko‘ra, zobitlar maoshlarining kamligi o‘zbek armiyasining eng kuchsiz jihatlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Islohotlar

Janob Karimov harbiylarga yo‘llagan tabrigida Qurolli kuchlarda islohotlarni davom ettirish zarurati haqida ham gapirgan.

Prezident Karimov bundan avvalgi chiqishlarida O‘zbekiston NATO andozasidagi armiya yaratish istagida ekanini ham aytgan edi.

Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekistonda 1990-yillar oxiri va 2000 yillar boshlarida armiyani isloh qilishga jiddiy urinishlar bo‘lgan.

Xususan, 2000-yilda harbiy bo‘lmagan birinchi shaxs, akademik Qodir G‘ulomovning mudofaa vaziri lavozimiga tayinlanishi islohotlarning bir qismi sifatida taqdim etilgandi.

Ammo 2005 yil mayida Andijonda yuz bergan qonli voqealar ortidan G‘ulomov lavozimidan chetlatilgan va O‘zbekiston Oliy Sudi Harbiy kollegiyasi tomonidan uzoq yillik shartli jazoga mahkum etilgan.

Matbuotga sizgan ma‘lumotlarga ko‘ra, G‘ulomov AQShning o‘sha paytdagi mudofaa vaziri Donald Ramsfeld bilan shaxsiy aloqalari uchun jazolangan.

Ammo janob G‘ulomovni yaqindan bilgan shaxslardan birining BBCga aytishicha, u Andijondagi namoyishlarni bostirish chog‘ida "etarlicha tashabbus ko‘rsatmagani" uchun Prezident Karimovning g‘azabiga uchragan.

Qodir G‘ulomovning o‘zi BBC bilan telefon muloqotida ushbu farazlarni tasdiqlamagan, ammo rad ham etmagan.

Tahlilchilar Qodir G‘ulomovning lavozimdan chetlatilishi bilan armiyadagi islohotlar jarayoni to‘xtab qolganini aytishadi.

Andijon voqealari ortidan Mudofaa vazirligining ayrim bo‘linmalari Milliy Xavfsizlik Xizmatiga o‘tkazilgan va maxsus xizmatlar armiya ustidan to‘la nazorat o‘rnatgani aytiladi.