Dehlida daniyalik sayyoh ayol zo‘rlangan

Image copyright AFP

Hindiston poytaxti Dehli politsiyasining ma‘lum qilishicha, shahar markazidagi mehmonxonasiga yo‘l topa olmay qolgan daniyalik sayyoh ayolning guruh bo‘lib zo‘rlanish holati bo‘yicha tekshiruv jarayoni boshlangan.

51 yoshli sayyoh Dehlining Paharganj mavzesida seshanba kuni kechqurun hujumga uchragan.

Politsiyaga ko‘ra, uni tunab, pichoq o‘qtalib, zo‘rlaganlar.

Ayol chorshanba kuni erta bilan Dehlidan Daniyaga jo‘nab ketgan.

2012 yili Dehlida avtobusda ketayotgan talaba qizning zo‘rlanib, hujumga tutilishi ortidan vafot etganidan so‘ng bu kabi jinoyatlarga e‘tibor kuchaygandi.

Ushbu hodisa ortidan kelib chiqqan keng miqyosli noroziliklardan so‘ng o‘tgan yili hukumat jinsiy hujumlar uchun jinoiy javobgarlikni qat‘iylashtiruvchi qonunni qabul qildi.

Ayolning politsiyaga ma‘lum qilishicha, poyezd bekati yaqinida adashib qolganidan so‘ng bir guruh yigitlardan yo‘l so‘rashga harakat qilgan.

Politsiya so‘zchisining BBCga aytishicha, yigitlar ayolni tunab, zo‘rlaganlar.

"Mehmonxonani topib borganidan so‘ng ayol hodisa haqida boshqaruvchiga xabar bergan va u politsiya chaqirgan. Hozirda tekshiruv jarayoni davom etmoqda", dedi politsiya so‘zchisi.

Hozircha bironta gumon ostidagi shaxs qo‘lga olinmagan.

Paharganj Dehlining sayyohlar ko‘p keladigan mavzelaridan biridir va shahar markazida joylashgan.

O‘tgan yili Hindistonning Madhiya Pradesh mintaqasida ham bir xorijlik sayyoh ayol zo‘rlanib, yonidagi hamrohi kaltaklangandi.

Ushbu hujumda aybdor topilgan olti shaxs 2012 yil iyul oyida umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganlar.