O‘sh yangi hokimi: "Vazifamiz barqarorlik va xavfsizlikni ta‘minlash"

To‘rt yil avval qonli etnik nizolarga sahna bo‘lgan Qirg‘iziston janubidagi O‘sh shahrining yangi hokimi etib saylangan Aytmamat Qodirboyev BBC bilan suhbatda asosiy vazifa shaharda barqarorlik va xavfsizlikni ta‘minlash ekanligini aytdi.

Uning aytishicha, shaharliklar uchun nima yaxshi bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha ishlarni davom ettiradi.

Markaziy hokimiyat bilan aloqalari haqidagi savolga javob berar ekan, barchasi qonun doirasida bo‘lishini bildirdi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘sh shahri yangi xokimi Aytmamat Qodirboyev 1966 yili O‘sh viloyatining Qorasuv tumanida tug‘ilgan.

Oliy ma‘lumotli, Qirgiziston davlat dorilfunining iqtisodiyot fakultetini bitirgan.

Aytmamat Qodirboyev O‘sh shahrida temir-beton mahsulotlari korxonasi rahbari, 2007 yilning 14 sentyabridan buyon O‘sh viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

2010 yilning 13 may kuni ag‘darilgan prezident Kurmanbek Bakiyev tarafdorlari viloyat xokimiyati binosini bosib olgan paytda "xalq hokimi, gubernator" deya e‘lon ham qilingan.

2012 yilning 12 mart kuni O‘sh va Jalolobod shaharlarini qayta tiklash va rivojlantirish davlat direktsiyasi bosh mudirining birinchi muovini lavozimiga tayinlangandi.

Avvalroq shahar Kengashidagi saylovlar natijasi e‘lon qilingan vaqti u yerda yig‘ilgan minglab sobiq hokim Melis Mirzaqmatov tarafdorlari norozi bo‘lib Kengash binosiga toshlar ota boshlaganlar.

Image copyright kloop.kg

Chorshanba kungi o‘tgan saylovlarda Qodirboyev 25 ovoz to‘plagan va 19 ta ovoz olgan raqibi Mirzahmatovni ortda qoldirgan.

Natijalar e‘lon qilinishi bilan sobiq hokim Melis Mirzaqmatovning bir guruh tarafdorlari saylovlar bo‘lib o‘tgan hokimiyatga bostirib kirishga harakat qilgan.

Mahalliy jurnalistlar namoyishchilarni bir necha mingta ekanini yozdi. Maydonda otliqlar ham ko‘ringan.

Saylov natijalari e‘lon qilingandan taxminan bir soat o‘tib sobiq hokim Melis Mirzaqmetov maydonga yig‘ilgan tarafdorlarining oldiga chiqib nutq so‘zladi.

"Bahorda yangi kuchlar bilan kelib bularning hammasini joyiga qo‘yamiz. Yoki bu narsani Xudo qiladi. Hokimiyatni bosib olganimiz bilan hech narsaga erishmaymiz", - deya kloop.kg sayti Mirzaqmatovning gaplaridan iqtibos keltirgan.

Melis Mirzaqmatov tarafdorlarini tarqalishga chaqirgan.

Saylov arafasida O‘sh merini Qirg‘iziston Bosh vaziri Jonto‘ra Sotboldiyev vazifasidan ozod qilgan edi.

Melis Mirzakmatov anchayin o‘zboshimcha, markaziy hukumatga bo‘ysunmaydigan shaxs sifatida tanilgandi.

Qirg‘iziston janubida 2010 yili yuz bergan milliy nizolarning bir yilligi arafasida O‘sh shahar hokimi Melis Mirzakmatov BBC bilan suhbatda unga qarshi bo‘lgan kuchlar uni narkobaron, bandit qilib ko‘rsatishga harakat qilgani, biroq shahar hokimiyati bajarayotgan ishlar bu ayblovlarning bari asossiz ekanini isbotlaganini aytgan.