Jahon chempionati: Ravshan Ermatov Braziliyaga boradigan hakamlar ro‘yxatida

FIFA tomonidan e‘lon qilingan ro‘yxatda Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar guruhi butun sobiq Sho‘ro va Boltiqbo‘yi davlatlarini namoyon etadi.

O‘zbekistonlik nomdor hakam bundan avval ilk bor 2010 yilgi Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida hakamlik qilgandi.

Uning so‘nggi jahon chempionatidagi hakamlik mahorati katta olqishlarga sazavor bo‘lgan va Ravshan Ermatovga yarim final o‘yinini boshqarish ham ishonib topshirilgandi.

Dunyo bo‘ylab ko‘pchilik futbol mutaxassislari va futbol ishqibozlari so‘nggiga qadar Ravshan Ermatovning final bellashuviga ham hakamlik qilishiga umid qilishgandi.

2010 yilgi Jahon chempionatining ilk uchrashuvini ochib berish bilan Ravshan tanimaganga ham o‘zini tanitgan, bir birinchilikning o‘zida besh bellashuvga hakamlik qilish bilan esa, nomi xalqaro rekordchilar ro‘yxatiga ham kirgan.

Ro‘yxat

FIFA Hakamlar qo‘mitasi o‘z ro‘yxatini 14 yanvar kuni Tsyurixda bo‘lib o‘tgan yig‘ini chog‘ida e‘lon qildi.

Qo‘mita ro‘yxatidagi 25 hakamlar uchligi va ko‘makchi sakkiz juft brigada jahonning 43 ta mamlakatini namoyon etishadi.

Ravshan Ermatovning nomi ro‘yxatda yordamchilari o‘zbekistonlik Abduhamidullo Rasulov va qirg‘izistonlik Bahodir Qo‘chqorovlar bilan birga tilga olingan.

Osiyo qit‘asidan yana Yuichi Nishimura (Yaponiya), Benjamin Vilyams (Avstraliya) va Abdulla Shukralla (Bahrayn)lar ham FIFA Hakamlar qo‘mitasining ro‘yxatiga tushishgan.

2014 yilgi jahon chempionatini boshqarishi ko‘zda tutilgan hakamlar ro‘yxatida qolgan qit‘alarni:

Afrika: Jamol Aymudi (Jazoir), Bakari Papa Gassama (Gambiya), Numandez Due (Fil Suyagi qirg‘og‘i)

KONKAKAF: Xoel Antonio Agilyar Chikas (Salvador), Mark Geyger (AQSh), Marko Antonio Rodriges Moreno (Meksika)

Janubiy Amerika: Enrike Osses (Chili), Nestor Pitana (Argentina), Vilmar Roldan (Kolumbiya), Karlos Vera (Ekvador), Sandro Meyra Rissi (Braziliya)

Okeaniya: Piter O'Liri (Yangi Zelandiya)

Ovro‘po: Feliks Brix (Olmoniya), Junaid Chaqir (Turkiya), Yunas Eriksson (Shvetsiya), Born Kuypers (Gollandiya), Milorad Majich (Serbiya), Pedru Proensa (Portugaliya), Nikola Ritstsoli (Italiya), Karlos Velasko Karbalo (Ispaniya), Hovard Uebb (Angliya)lar namoyon etishadi.

Eng kuchli hakamlar ro‘yxatida

Yaqinda Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi Ravshan Ermatovni o‘tgan futbol mavsumining eng yaxshi hakamlar o‘nligiga ham kiritgandi.

Ravshan dunyoning eng nomdor hakamlar ro‘yxatida 8-o‘rinni egallagan va Osiyo qit‘asi hamda butun sobiq Sho‘rolar Ittifoqini namoyon etgan yagona hakam bo‘lgandi.

2011 yilda Ravshan Ermatov xuddi shu tashkilot tomonidan dunyodagi ikkita eng zo‘r hakamdan bittasi deb ham e‘tirof etilgan.

Halicha na-da sobiq Sho‘ro davlatlari va na-da o‘zbekistonlik hakamlardan birortasi bu kabi maqomga loyiq deb ko‘rilgan...

Sakkiz karra O‘zbekistonning eng zo‘r hakami bo‘lgan Ravshan Ermatov o‘zining hakamlik karerasi davomida ketma-ket to‘rt bor Osiyoda ham eng kuchli sifatida e‘tirof etilgan.

O‘zbekistonlik taniqli hakam Ravshan Ermatov bungacha Konfederatsiya Kubogi, so‘nggi jahon chempionati, London Yozgi Olimpiada O‘yinlari, Osiyo Futbol konfederatsiyasi musobaqalari, klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati va Osiyo Chempionlar ligasi final uchrashuvlarini boshqargan.

Ammo so‘nggi Konfederatsiya Kubogida Italiya va Braziliya uchrashuvida qilgan hakamligi 2014 yilgi jahon chempionati mezbonlarining shikoyatlariga ham sabab bo‘lgandi.