Tojikistonlik mehnat muhojiri kundaligidan oltinchi hikoya

Image copyright bbcuzbek.com
Image caption Maktab xotiralari...

Bugun aziz ustozlarim – maktabda menga harf tanitgan, yozishni o‘rgatgan boshlang‘ich sinfdagi muallimam va besh yil sinfimizga rahbarlik qilgan o‘qituvchimni ko‘rib keldim.

Maktab davrini esladik. Boshlang‘ich sinf muallimam birinchi sinfdagi sho‘xliklarimni esladi. Ikkalamiz ham miriqib kulishdik. Sinf rahbarimiz o‘ktam muallim hamma fanlardan yaxshi o‘qiganimni, lekin adabiyotga o‘zgacha bir muhabbatim bo‘lganligini aytar ekan, negadir xo‘rsinib qo‘ydi.

Ustozning yorishgan chehrasi

Birpasdan keyin bu xo‘rsinish sababini tushundim. "Sen aslida adabiyot etagini tutishing kerak edi. Umidjon, sendan zo‘r ijodkor chiqishiga, qishlog‘imiz nomini butun olamga tanitishingga ishonardim", dedi ustozim.

Men maktabda o‘qiyotganimda shunchaki bir havasga qog‘oz qoralaganimni, haqiqiy ijodkor tug‘ma iste‘dod egasi zarur bo‘lishini aytdim.

"Men bu gapingga yuz foiz qo‘shilaman. Qaniydi, hozir badiiy so‘zning onasini ko‘rsatayotgan bozorchi kitobyozarlar buni tushunishsa! Ularning kitob deb atalgan qamog‘iga qamalgan so‘zlar alamdan bo‘zlaydi. Tinglaydigan, chorasini ko‘radigan odam yo‘q. Qo‘ziqorindek patillab chiqayotgan saviyasiz kitoblarni o‘qiyotgan bolalar, yoshlar nima bo‘ladi? G‘irt savodsiz, ma‘naviyatdan yetti mahalla uzoq bo‘lib ulg‘ayishmaydimi? Yana o‘sha yolg‘on shuhratning ketidan quvganlar, avomni aldab yurganlar, chinakam ijodning mashaqqatli va maroqli ko‘chasidan o‘tmaganlarning oshig‘i olchi, tili uzun. o‘zlariga o‘xshagan shuhratparast qo‘li uzunlar tomonidan ta‘sis etilgan, umri bir piyola choy sovushidan zo‘rg‘a nari o‘tadigan mukofotlarga ming xil yo‘llar bilan ega bo‘lib olishadi. Ana undan keyin akang qarag‘ay falon mukofot egasi bo‘laman, deya darslikka kiritishlarini talab qilgan, uchra-shuvlarda hammani chetlab minbarga chiqib olib, ko‘kragiga urgan, soatlab vaysagan... "

Image copyright national domain
Image caption Dostoyevskiyni kim o‘qiydi?

Men ustozimning so‘zlarini bo‘lmadim. Rossiyaga ketmasimdan ilgari, universitetda o‘qib yurgan paytimda qo‘limga ustoz aytgan kitoblar tushgan. Bir-ikki varaq o‘qimasdan, sarflangan qog‘ozga, nashriyot ishchilari mehnatiga achingandim.

Ayni shu o‘ktam ustozim menga kitob mutolaasini o‘rgatgandi. Uning darslaridan so‘ng "o‘tkan kunlar"ni, "Kecha va kunduz"ni qayta o‘qib chiqqandim. Dostoyevskiy, Lev Tolstoy asarlariga muhabbatim ayni shu ustozimning bu ulug‘ yozuvchilar borasidagi hikoyalaridan so‘ng kuchaygandi.

Men qarindoshlarimning o‘g‘il-qizlari, sinfdoshlarim, tanishlarimning ukalari, sin-gillari bilan gaplashganimda hozirgi yoshlarning ko‘plari kitob o‘qimay qo‘yishganini sezdim. o‘qiydigan yoshlarning ko‘pchiligi esa, oldi-qochdi kitoblarga, qo‘shiq deb atalayot-gan saviyasi past, qofiyali bir nimalarga o‘ch ekanlar. Ular hali Dostoyevskiy, Tolstoy nari tursin, o‘zimizning o‘zbek shoir va yozuvchilarimizni bilishmas ekan.

Bittasidan " Murod Muhammad Do‘stni o‘qiganmisan?". deb so‘rasam, yelka qisdi. Ahmad A‘zam, Erkin A‘zamni ham bilmas ekan. Xayriyat, Dadaxon Hasanov Rauf Parfining, Sherali Jo‘rayev, Yulduz Usmonova esa Usmon Azimning she‘rlarini qo‘shiq qilishgan ekan. Bo‘lmasa, ularni ham bilishmas edimi…

Moskvadagi farg‘onalik hamxonam Ergashalining aytishicha o‘zbekistonda ham kitobga munosabat bizdagidan yaxshi emas ekan. Uch-to‘rtta nuqul ur-yiqit, o‘ldir-o‘ldir, jinoyatchini qidirishlar… e-e, hammasi bir-biriga o‘xshash to‘qima voqealardan iborat kitob yozadiganlar odamlarni aldab yotishibdi, "o‘ldim-kuydim"chi qo‘shiq yozayotganlarni tani-shadi, kitoblarini sotib olishadi, degandi kuyinib Ergashali.

"Lekin hadeb yoshlarni kitob o‘qimaslikda ayblash ham to‘g‘ri emasdir, - dedilar ustozim o‘ylanganlaricha.- Kitob o‘qish kamayganligining boshqa sabablari ham bor. Masalan, Tojikistonda o‘zbek maktablari uchun yangi tuzilganmi, yozilganmi, adabiyot darsliklarining saviyasi o‘ta past. Ustiga o‘zbekiston lotin harfiga o‘tdi, biz kirillda qoldik. o‘zbekistondan badiiy kitoblar, "Sharq Yulduzi"ga o‘xshash jurnallar olib kelishga to‘siq qo‘yildi…"

Men ustozim bilan xayrlashayotganimda uning bir gapi tushib borayotgan ruhiyatimni biroz ko‘tardi. "Hamma bir xil emas. Shukr, Navoiyni o‘qiyotganlar bor, uyimga Abdulla Qodiriyni, Cho‘lponni, Dostoyevskiyni, Aytmatovni, Markesni so‘rab kelishadi…"

Ustozim bu gapni aytayotganlarida yorishgan chehralariga boqar ekanman, oppoq oqargan sochlari siyraklashib qolganini, ajinlari uch yil oldingidan besh-olti baravar ko‘payganini ko‘rdim.

Yetmishga kirgan ustozimning hamon maktabda ishlayotganlarini eslab, u kishiga uzoq umr, salomatlik tiladim…

Qassobga mol qayg‘usi

Bomdodni endi o‘qib bo‘lgandim, ko‘cha tomondan birov chaqirgani eshitildi.

- Ishqilib, tinchlik, yaxshi xabar bo‘lsin-da, - dedilar onam yuz-ko‘zlariga xavotirlik yugurganicha. – Tong saharda yo shomdan keyin eshik taqillatishdan cho‘chib qolganman.

Onamning xavotirliklari bejiz emas ekan. Ikki hafta ilgari ko‘mirdan islanib bemorxonaga tushgan ayol vafot etibdi.

- Oxiri bo‘lmabdi-da, - dedilar onam janoza haqidagi xabarni eshitgach ko‘zlariga qayg‘u yugurib. – Jiyanining orqasidan ketibdi.

Xushxabarning qanoti bor, deyishadi. Lekin qayg‘uli xabar tezroq tarqaladi. Yangi yil-ning ikkinchi kunimidi, qishloqda ko‘mirdan islangan oila haqida gap tarqaldi. Bir uy-da yotgan ayol, uning qizi va jiyani pechkaga yoqilgan ko‘mirdan hushlaridan ketishadi. Ni-magadir bu hovliga chiqqan qo‘shni ayol ustma-ust chaqirsa ham hech kim ovoz bermagach, eshik ochib es-hushini yo‘qotgudek bo‘ladi. Uyni ko‘ngilni alag‘da qiladigan ko‘mir isi tutgan, qo‘shni ayol ham, ikki qiz ham hech narsa bilmasdan cho‘zilib yotishardi.

Qo‘shni tezda "tez yordam"ga xabar beradi. Qizlardan biri – ayolning jiyani bemorxonaga yetar-etmas jon taslim qiladi. Ayolning qizi ahvoli yengilroq ekan, tuzalib ketadi.

Shifokorlar jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan ayolni saqlab qolish uchun harakat qilishadi…

Onam aytganlaridek "bo‘lmabdi-da".

Fojea yuz bergan mahallada yashaydiganlarning gaplariga qaraganda dunyodan bevaqt ketgan qiz endigina o‘n sakkizga kirgan ekan. Ota-onasi Rossiyada ekan. Ular qizlari uyda bir o‘zi – yolg‘iz qolmasligi uchun xolasiga tashlab ketishgan ekan.

Hur qizning jasadini bir kecha-kunduz – ota-onasi Rossiyadan yetib kelishgancha saqlab turishdi…

- Bu hozirgi ko‘mirlarni tekshirmasdan sotishadimi, deyman. Bitta bizning qishloqda uch yilda ikkinchi hodisa bu!

Onamning ko‘zlari yoshga to‘ladi…

Uch yil oldingi islanishdan o‘lganlar haqida Moskvada turib eshitgandik. o‘shanda bir emas, ikki emas, uch nafar o‘n olti-o‘n yetti yoshdagi guldek qiz islanib o‘lgandi…

Akamning aytishlaricha oldinlari qishloq maktabi o‘qituvchilariga ko‘mir bepul be-rilgan, mashinada uylarigacha keltirib berishgan ekan. "Qarag‘andadan, Qirg‘izistonning Suluktasidan, o‘zimizning Sho‘robdan ochiq vagonlarda ko‘mir olib kelinardi. Ko‘mirning isi kuchli bo‘lsa, sotishga qo‘yishmasdi. Tekshirishlardan so‘ng faqat maxsus ijozat be-rilgachgina ko‘mir sotilardi. Hozir unday emas. Hamma pulning ketidan quvib ketgan. Ko‘mir sotilsa bo‘ldi. Uni sotib olgan odam uyini isitadimi o‘ladimi, sotadiganlarning ishlari yo‘q", dedi akam.

Men shu payt kuniga uch-to‘rt marta ustma-ust signal chalgancha ko‘chamizdan o‘tadigan ko‘mir sotib yuradiganlarni esladim. Ko‘z oldimga qishloq markazidagi bozorchada qator turgan ko‘mir, o‘tin ortilgan mashinalar keldi. Oldinlari bunday o‘tin, ko‘mir bozorlari yo‘q edi. Ayniqsa, o‘zbekiston tabiiy gaz bermay qo‘ygach, o‘zimizda ayni qishda elektr ta‘minoti yanada yomonlashib ketadigan bo‘lgach, odamlar bobomeros sandal va pechkalarga o‘tishgach, Tojikistonda o‘tin, ko‘mir bozorlari ko‘payib ketibdi.

Men xavotir bo‘lib ko‘mirxonaga kirdim-da. ko‘mir sifatini o‘zimcha tekshira boshladim…

Umid,

ona qishlog‘im.