Belgiyadagi Afg‘on qochqinlari uylariga qaytarilishidan xavotirda

Image caption Bryusseldagi cherkov qochqin afg‘onlar uchun boshpana bo‘lib turibdi

Belgiyaga boshpana izlab borgan yuzlab afg‘onlar vataniga qaytarilishiga qarshi norozilik bildirmoqdalar.

Bryusseldagi qochqinlar jamlog‘ida bo‘lgan BBC muxbiri Dankan Kroufordga ko‘ra, qochqin afg‘on oilalar orqaga qaytishni o‘lim hukmi bilan teng, deb aytishgan.

XVII asrda qurilgan cherkov ichiga o‘rnatilgan tor va sovuq chodirda o‘tirgan 27 yoshli Marva Mahbub o‘zining nima uchun vataniga qaytishni rad qilayotganini tushuntiradi.

"Afg‘onistonda mening hayotim xavf ostida", - deydi u. - Menda Toliblar bilan muammolar bor. Bu yerdagi aksariyat odamlarning muammolari shu".

Marva o‘tgan yilning oxirida Bryussel markazidagi cherkovga kelib o‘rnashgan 200 afg‘ondan biri.

Asli Helmand viloyatilik Marva 2008 yil Toliblar ta‘qibi tufayli Afg‘onistondan qochgan.

U bir necha bor Belgiyadan boshpana so‘raganiga qaramasdan, uning ariza rad qilingan.

"Men Afg‘onistonga qaytgandan ko‘ra, shu yerda o‘lishni ma‘qul deb bilaman", deydi Marva yonida o‘tirgan olti yoshli qizi Mariya va to‘rt yoshli Zakiyga qarab.

Noaniqlik va ishonchsizlik

Image caption Bolalar maktabga borishmaydi

Cherkov hozir chodirlar jamlog‘iga aylangan. O‘rin-ko‘rpalarga joy ajratish uchun skameykalar bir chetga yig‘ib qo‘yilgan. Erkaklar isinish uchun elektr chiroqlar oldida to‘planishgan. Bolalar kafedrada o‘ynashmoqda. Ularning hech qaysisi maktabga bormaydi.

1300 dan ortiq afg‘on o‘tgan yili Belgiyadan boshpana so‘rab murojaat qilishgan. Ma‘lumotlarga ko‘ra, 200 mingdan ortiq afg‘onlar Ovro‘po Ittifoqi mamlakatlaridan boshpana so‘raganlar.

Muhojirlik bo‘yicha xalqaro tashkilotning keltirishicha, joriy yilda NATO qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etgach, qochqinlar soni keskin oshishi mumkin.

"U yerda katta ishonchsizlik bor", deydi Xalqaro muhojirlik tashkilotining Afg‘onistondagi bosh vakili Richard Dansiyer BBCga.

Boshpana izlovchi afg‘onlar o‘zlarining Afg‘onistonga qaytishlari o‘ta xatarli ekanini ta‘kidlaydilar.

NATO kuchlari mamlakatdan chiqqach, vaziyatdan foydalangan Tolibon katta hududlarni egallab olishi mumkin, degan xavotirlar bor.

Ba‘zi afg‘onlar yana fuqarolar urushi boshlanib ketishidan qo‘rqishadi.

Boshqalari esa, Afg‘oniston iqtisodi tashqi ko‘mak kamaygach, keskin tushib ketishi mumkinligini o‘ylaydi.

"Iqtisod keyingi yilda yomonlashishi mumkin", - deb aytadi janob Dansiyer. - Sababi iqtisoddagi bandlikning katta qismi xalqaro kuchlar bilan bog‘liq".

Belgiyadan boshpana izlovchilarning ish topish umidi kam. Yaqinda ular o‘zlarining muammolariga e‘tibor qaratish maqsadida norozilik namoyishi o‘tkazishdi.

Image caption 1300 dan ortiq afg‘on o‘tgan yili Belgiyadan boshpana so‘rab murojaat qilishgan

"Biz xavfli emasmiz. Bizning o‘zimiz xavf ichidamiz", deb yozilgan Gent shahridagi bannerlardan biriga.

Afg‘onistonlik qochqinlar huquqiy jihatdan noaniq vazityaga tushib qolganlaridan shikoyat qilishadi. Ularga na boshpana ishlashga ruxsat berilgan, yoda Afg‘onistonga ham qaytib keta olmaydilar.

Qochqinlar bilan ishlash markazi direktori El Keytsman Belgiya hukumati ularga ko‘proq e‘tibor va yordam berishi kerakligini aytadi.

"Biz Afg‘onistondagi vaziyat xalqaro qo‘shinlar chiqqach, yomonlashishidan xavotirdamiz. Shuning uchun Belgiya hukumatidan afg‘on qochqinlarini ortga qaytarmaslikni so‘raymiz".

Belgiya hukumati esa qochqinlarning mustaqil idorasi ularga boshpana berish kerak yoki yo‘qligini hal qilishini ta‘kidlaydi.

"Bu norozilik bizning vaziyatga baho berishimizga ta‘sir qilmaydi, - deb aytadi qochqinlar va fuqarosiz shaxslar ishi bo‘yicha bosh komissar Dirk Van den Balk. - Mening idoram Afg‘onistondagi vaziyatga muammoli deb qaraydi. Lekin shunchalik tahdidliki, kelayotgan barchaga boshpana berish kerak qabilida emas albatta", deydi janob Balk.

Ayni paytda Suriya, Iroq, Somali va boshqa notinch mamlakatlardan o‘n minglab qochqinlar Ovro‘po mamlakatlaridan boshpana olishga umid qilmoqda.

O‘tgan yilning oktyabr oyida Britaniya Ichki ishlar vazirligi "Qochqinlar tizimi bosim ostida" deb nomlangan hisobot e‘lon qilgan. Unda aytilishicha, qochqinlar bilan bog‘liq jarayon haddan tashqari tig‘iz va tang holatga kelib qolgan.

Qochqinlar jamlog‘idagi Marva esa Belgiyada qolishni istaydi.

"Biz ham uyni ijaraga olish va soliq to‘lash uchun ishlashni xohlaymiz", deydi u.