O‘zbek repperi: "Maykl Jekson va Shakiraning iste‘dodu jasoratiga tan beraman"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Bu ikki yulduz xonandaning muxlisi bo‘lgan Fariydun Asqariyning o‘zi Afg‘oniston bulbuli Ahmad Zoyirning qo‘shiqlarini kuylab, o‘zi uchun kutilmagan bir holatda san‘at olamiga qadam qo‘ygan.

Agar, ta‘bir joiz bo‘lsa, suhbatdoshimizning taqdiri sizga xuddi hind kinolarini eslatib yuboradi.

Ikki yildirki, Shveytsariyada muhojiratda istiqomat qilayotgan Fariydun asli Afg‘onistonning asosan o‘zbeklar yashovchi Maymana shahridan. Hozir 30 yoshda.

Fariydun uchun katta san‘atga yo‘l 90-yillar boshlarida, hali maktab o‘quvchisi ekani chog‘ida ukasi bilan ikkovlon toliblardan qochib, boshpana izlab borgan Erondan boshlanadi.

Yosh boshiga tushgan muhojirlik alamlarini Ahmad Zoyirning "Men uchun ortiq ko‘z yosh to‘kma" ashulasiga solib kuylayotgan bir yerida to‘rt tanga pul ilinjida o‘zi tinim nimaligini bilmay mehnat qilayotgan qurilish rahbarining mashhur xonanda do‘stining nazariga tushib qoladi.

Fariydun xuddi shu insonning ko‘magida ilk bor o‘z ovozini Erondagi rostmana ovoz yozish studiyasida sinab ko‘radi.

O‘z ovozi bilan u yerdagilarni tan oldirgach, bir qancha eronlik xonanda va musiqiy guruhlar bilan ijodiy hamkorligi boshlanadi.

Qisqa vaqtning ichida Eronda qator kliplar yaratib, minglab muxlislar orttirishga ham ulguradi.

Qo‘shiqlari Afg‘onistondagi qator televizion kanallarning ham e‘tiboriga tusharkan, o‘zining ovoziyu uslubi bilan ona Vatanida ham ko‘pchilikning ko‘nglidan joy oladi.

Fariydunning aytishicha, Erondan Afg‘onistonga qaytib, hayoti va ijodiy faoliyatini endi yo‘lga qo‘yib oldim deganda, siyosiy qarashlari sabab, ta‘qibga uchraydi va Shveytsariyadan boshpana olishga majbur bo‘ladi.

Ammo, suhbatdoshimizning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, muhojirlik hayotining qattiqliklariga qaramay, hanuz ijod qilish, yangidan yangi ashulalar yaratishdan to‘xtamagan.

Fariydun shaxsan o‘zi marhum pop yulduzi Maykl Jekson va Shakiralarning iste‘dodi va jasoratiga tan berishini aytarkan, qo‘shiqchi sifatida hech kimga taqlid qilmasligini alohida ta‘kidlaydi.

Image caption Fariydun manaman degan yulduzi bo‘lmaydimi, xonanda sifatida hech kimga taqlid qilmasligini aytadi

Afg‘onistonning asosan o‘zbeklar yashovchi shimoliy mintaqalarida esa, o‘z ona tilida rep aytuvchi xonandalarni deyarli uchratmaysiz.

Yillarki, muhojiratda yashayotganiga qaramay, Afg‘onistondagi ijod ahli bilan aloqalarini uzmagan Fariydun bir kun kelib, baribir, o‘z ona Vatanimga qaytaman, deydi.

Fariydunning aytishicha, eng azaliy orzusi bir emas, bir nechta va shunda ham yulduz bo‘lib, milliardlar ishlash emas: Bir orzuim Vatanimning orom bo‘lishi, keyingisi odamlar bir parcha nonga zor bo‘lmasin va eng so‘nggisi shunday bir ijodiy meros qoldirsamki, o‘zbek yoshlari undan bahramand bo‘lib, mening mehnatimni davom ettirishsin, deydi u.

Yillarki, Erondagi "Live Records" professional ovoz yozish studiyasi bilan hamkorlik qilayotgani, Afg‘oniston, Eron, Turkiya va Shveytsariyada o‘ndan ortiq ashulalar yaratishga muvaffaq bo‘lgani, ulardan ayrimlarining she‘r va musiqalarini o‘zi yozayotganiga qaramay, Fariydun kamtarlik bilan o‘zini hanuz havaskor qo‘shiqchi sanashini aytadi.

O‘z san‘ati orqasidan dunyoning qator davlatlarida minglab muxlislar orttirgan o‘zbek rep qo‘shiqchisi Fariydun Asqariy bilan suhbatimizda batafsil tinglang.