10 yil kometa izidan quvgan "Rozetta" uyg‘ondi

Image copyright AFP esa

Yerdan 890 million kilometr uzoq masofaga parvoz qilgan "Rozetta" sun‘iy yo‘ldoshi uyg‘ongan.

Ovro‘po Fazo agentligi "Rozetta" zondini 2004 yil uchirishgan, uning maqsadi Churyumov-Klimenko kometasining sathiga qo‘nish edi.

1969 yilda Sovet olimlari Klim Churyumov va Svetlana Klimenko kashf qilgan dumli yulduz chang va muzlikdan iborat.

Churyumov-Klimenko dumli yulduzi Quyosh atrofida aylanadi, u Quyosh atrofini aylanib chiqishi uchun 6,5 yil vaqt sarflaydi.

Olimlar fikricha, tashqi sathini muz qoplagan bu kometani o‘rganish Quyosh tizimi barpo bo‘lgan paytda qanday bo‘lganini o‘rganish uchun muhimdir.

2004 yilda uchib ketgan "Rozetta" zondi bir marta Yer atrofini aylanib chiqdi, so‘ng Mars sayyorasini aylanib keldi.

Shundan so‘ng yana Yer va Mars atroflarini aylanib keldi.

Kutilganidan ham ko‘p "sayohatlar"ga boshqa qo‘shgan "Rozetta" Shteyn va Lyutetsiy degan asteroidlar bilan ham uchrashdi.

Image copyright AP ESA C.Carreau

Shundan keyin Churyumov-Klimenko kometasi izidan quvishi lozim bo‘lgan sun‘iy yo‘ldoshning Quyosh orbitasidan uzoqlashgani, bu esa uning quyosh nuridan quvvat oladigan batareyalari uchun yaxshi emasligi ma‘lum bo‘ldi va 2011 yilda "Rozetta"ni "uxlatishga" va dumli yulduz orqasidan parvozini yo‘naltirishga to‘g‘ri keldi.

Bu uyquning 2014 yil 20 yanvar kuni tugashi kutilgan.

Yerdagi olimlar bugun "Rozetta" "uyg‘ongani" haqidagi signalni yuborganini xabar qildilar.

Endi aqlli apparat o‘zidagi hamma uskunalarini ham "uyg‘otishi", qizitishi va samoda qaysi joyda turganini aniqlashi va Yerga signal yuborishi kerak bo‘ladi.

Rejaga ko‘ra, sun‘iy yo‘ldosh shu yilning avgustida Churyumov-Klimenko dumli yulduziga yaqinlashadi.

So‘ng kometa atrofida bir muddat parvoz qilib, uni o‘rganish rejalashtirilgan.

Noyabr oyida "Rozetta"dagi "Fila" ulovchasini kometa ustiga qo‘ndirish mo‘ljallanmoqda.