Suriya muxolifati Jenevadagi muzokaralarda qatnashadi

Image copyright AFP

Suriya milliy koalitsiyasining 22 yanvarda Montryo shahrida "Jeneva 2" anjumanida qatnashishga rozilik bergani G‘arb davlatlari tomonidan olqishlandi.

Suriya muxolifati a‘zolari uzoq vaqtdan buyon Suriya inqirozini hal qilishga bag‘ishlangan muzokaralarda qatnashishdan bosh tortib kelayotgan edi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri muxolifatning roziligini "jasoratli" deb atagan.

Istanbulda gapirgan janob Kerri bu qaror "barcha suriyaliklarning manfaatlari uchun, Assad tuzumi va fuqarolar urushidan haddan ziyod azob chekayotgan xalq uchun qabul qilingani"ni ta‘kidlagan.

Britaniya Tashqi Ishlar vaziri Uilyam Xeyg ham bunday qaror Suriya milliy koalitsiyasi uchun oson bo‘lmagani va har bir kelishuv Suriyaning kelajagida Assad ishtirokiga o‘rin yo‘qligini bildirishini ta‘kidlagan.

Frantsiya Tashqi Ishlar vaziri Loran Fabius hamkasblari fikrini quvvatlab, Suriya muxolifatining yo‘li "tuzum tomonidan buzg‘unchiliklar va bosimlarga qaramasdan to‘g‘ri bo‘lgani"ni aytgan.

Muzokaralar maqsadi

Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda muxolifatning 58 a‘zosi anjumanda qatnashishni yoqlab ovoz bergan, 14 nafari qarshi chiqqan va ikki kishi betaraf qolgan.

Muzokaralardan ko‘zlangan maqsad - Suriyada o‘tish davri hukumatini tuzish va qon to‘kilishlariga barham berish.

Bundan oldin Britaniya va Qo‘shma Shtatlar Suriya muxolifati tinch muzokaralarda qatnashishdan bosh tortsa, ko‘mak berilishi to‘xtatilishini bildirgan edi.

Jenevada o‘tadigan muzokaralarda Bashar al-Assad hukumati vakillari va muxolifat a‘zolari muzokaralar davrasiga o‘tirishadi.

"Jeneva-2" anjumanida Rossiya, AQSh, Xitoy, Frantsiya, Britaniya va 30 dan ortiq mamlakat delegatlari qatnashishi kutilmoqda.

Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov muzokaralarda jarayonga katta ta‘siri bo‘lgan Eron vakili qatnashishini taklif qilgan.

Biroq bu taklif hali ma‘qullanmagan.

BMT hisobotiga ko‘ra, Suriyada qarama qarshiliklar boshlangan 2011 yildan buyon 100 mingdan ortiq inson halok bo‘lgan.

Qochqinlar soni ikki milliondan oshgan.

Olti million besh yuz ming kishi yashab turgan joylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.