BBC mehmoni - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Luiza Zokirovaga savol bering

Image copyright mytashkent.uz

BBC mehmoni - O‘zbek san‘ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Zokirovlar sulolasining yorqin vakilasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Luiza Zokirova.

Luiza Zokirova 1938 yilda Toshkentda tug‘ilgan.

U akasi Botir Zokirov bilan O‘zbek estradasi asoschilaridan biri bo‘lgan.

Botir Zokirov va Luiza Zokirova ijrosidagi qo‘shiqlar 1950-, 1960-yillarda nafaqat Sho‘rolar Ittifoqi, balki butun dunyoda mashhur bo‘lgan, hatto Qohira restoranlarida "Arab tangosi"dan oldin Luiza Zokirovaning "Namanganning olmasi"ni qo‘yish urfga aylangan.

O‘zbekistonda juda ko‘p oilalar aynan Luiza Zokirovaga havas qilib qizlariga uning ismini qo‘yganlar.

Shuncha mashhurlikka qaramasdan, Luiza Zokirova o‘zi va ijodi haqida gapirishdan tortinadi.

Bugungi aksar yoshlar uning faqat Nargiz Zokirovaning onasi ekanini biladilar, xolos.

Luiza Zokirova 1995 yildan buyon yolg‘iz farzandi Nargiz yonida - Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashaydi.

BBC mehmoni Luiza Zokirovaga savollaringizni sahifamizning quyi qismidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

BBC mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.