Jihodchilik Markaziy Osiyoga qanchalik xavf soladi?

Image caption Ahmad Rashidga ko‘ra, mintaqadagi yakkahokim tuzumlar diniy radikallashuv ortidagi asosiy sabablardan

"Markaziy Osiyo davlatlari jihodchilikning yoyilishiga qarshi birlashishlari kerak".

Britaniyada chiqadigan Financial Times ro‘znomasida chop etilgan maqola ana shunday nomlanadi.

Maqola muallifi, pokistonlik taniqli jurnalist va yozuvchi Ahmad Rashidga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqib ketishi ortidan islomiy jangarilarning Markaziy Osiyo davlatlariga sizib kirish xavfi katta.

Uning yozishicha, AQSh amaliyotlari Afg‘onistondagi Al-Qoidani ildizi bilan qo‘porib tashlash o‘rniga, jihodchilik urug‘larining yanada kengroq maydonga sepilishiga sabab bo‘lgan.

BBC maqola muallifi bilan bog‘lanib, uning o‘zi tilga olgan tahdidlar, jumladan, chegarada amal qilayotgan jangarilarning soni borasida yanada aniqroq ma‘lumotlar bormi, deb so‘ragan.

Ahmad Rashid: Yo‘q. Bizda ularning soni borasidan aniq ma‘lumot yo‘q. Men eshitgan taxminiy raqamlar bo‘yicha chegarada 500 nafargacha jangarilar amal qilayotgan bo‘lishlari mumkin. Ular Tolibon, Al-Qoida, O‘zbekiston Islomiy Harakati, Islomiy Jihod Ittifoqi va hatto Pokistonning Lashkari Toyyiba guruhi jangarilari, deb ishoniladi. Ular Afg‘onistonning shimoli-sharqida, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari chegaralari tutashgan strategik hududda joylashib olganlar.

BBC: Bu 500 ta jangari butun mintaqadagi vaziyatni izdan chiqarib yuborishga qodir, deb ishonasizmi?

Ahmad Rashid: Yo‘q, ularning haqiqiy sonini hech kim bilmaydi. Bir necha yuz jangari deb oladigan bo‘lsak, ulardan ba‘zilarining Markaziy Osiyo davlatlari chegaralaridan sizib kirayotgani aniq. Mintaqa davlatlariga tahdid ham xuddi shu yerda. Biz hozirgacha qancha jangarilarning Tojikiston yoki O‘zbekistonga sizib kirganliklarini bilmaymiz.

BBC: Ammo agar jangarilar xususan, O‘zbekistonga sizib kirganida, biz buni eshitgan bo‘lardik. Siz O‘zbekistondagi tartibni yaxshi bilasiz. Shu ma‘noda allaqachon parchalangan va parokandalikka yuz tutgani aytiladigan O‘zbekiston Islomiy Harakati xavfi bo‘rttirilmayaptimi sizning-cha?

Ahmad Rashid: Men fikringizga qo‘shilaman. Bu guruhlar haqiqatan ham parchalanib ketgan. Ammo shu bilan birga ular, masalan, Markaziy Osiyoga - uylariga qaytish masalasida birlashishlari mumkin. Ya‘ni birgalikda harakat qiladigan alohida kichik guruhlar tuzilishini istisno qilib bo‘lmaydi. Ammo albatta, ularni boshqarib turgan siyosiy qo‘mondonlik yo‘q. Xuddi afg‘on Tolibonida bo‘lgani kabi. Toliblarning qo‘mondoni Mulla Umar va boshqaruvchi organi - Sho‘ro bor, ammo markaziy osiyolik jangarilarda bunday rahbariyat mavjud emas. Hali aytganimdek, bu borada aniq ma‘lumotlar yetishmaydi. Lekin Markaziy Osiyo davlatlariga tahdid bor narsa.

BBC: Biroq O‘zbekiston hukumati bu tahdidni bo‘rttirishi ham haqiqat, deb ishoniladi. G‘arbdagi ko‘pchilik tahlilchilar qaytaga bu davlatlardagi tuzumlarning o‘zi vaziyatni ko‘proq beqarorlashtirishi mumkin, degan xulosaga kelishmoqda. Shu ma‘noda siz aytayotgan islomiy jangarilik mintaqa davlatlariga yagona xavfmi?

Ahmad Rashid: Men maqolamda urg‘ulagan eng asosiy jihat mintaqadagi davlatlarning zaifligi. Afsuski, jabha chizig‘idagi davlatlarning hammasi, Qirg‘izistondan tashqari, Tojikiston, va O‘zbekiston aksildemokratik davlatlardir. Bu davlatlarda siyosiy o‘zgacha fikrga yo‘l berilmaydi. Bu esa yashirin jihodiy harakatlarning yuzaga kelishiga zamin hozirlaydi. Men islomiy jangarilik birinchi yoki yagona muammo deb uqtirayotganim yo‘q. Birinchi muammo bu hukumatlarning tabiatidadir. Demokratiya va erkinliklarning yo‘qligi, iqtisodiy imkoniyatlarning cheklangani, ishsizlik va ijtimoiy adolatning yo‘qligi eng asosiy muammolardir. Markaziy Osiyo hukumatlari faqat jihodchilikka qarshi kurash yoki xavfsizlik haqida emas, balki siyosiy va iqtisodiy islohotlar haqida ham o‘ylashlari kerak.