O‘zbekistonda qiynoqqa solingan Qayum Ortiqovga AQSh boshpana bergan

O‘zbekistonda qiynoqlarga tutilgani borasidagi ish BMTda muhokama qilingan Qayum Ortiqovga Amerika Qo‘shma Shtatlaridan boshpana berilgan.

Toshkentdagi Britaniya elchixonasining qo‘riqchisi Qayum Ortiqov 2008 yil dekabrida hibsga olingan.

Uni odam savdosida ayblashgan.

Qayum Ortiqovni Britaniya foydasiga josuslik qilishda ayblashgan.

O‘zi va Britaniya elchixonasida ishlaydigan bir necha xodimga qarshi iqrorlik ko‘rsatmalarini qo‘lga kiritish maqsadida qiynoqlarga solingan.

2009 yil noyabrida "Toshturma"da turmush o‘rtog‘ini borib ko‘rgan Mohira Ortiqova Qayum Ortiqovni "sen Britaniya josusisan, kimga qanday ma‘lumot olib borganing va qanday ma‘lumot olib kelganingni aytib berasan” deb qiynashganini aytgan.

Ortiqovaning so‘zlariga ko‘ra, mahbusni "sovuqda yalang‘och holatda soatlab polga yotqizilib, ustiga 4-5 kishi o‘tirgan holatda ushlab turishgan, tirnoqlari ostiga igna tiqib, tizzasi, qorni va boshiga bittadan odam o‘tirg‘izib, oyog‘i ostiga dubinka bilan soatlab urishgan".

Mohira Ortiqova turmush o‘rtog‘i qiynoqlarga chidolmay, bir necha marta o‘z joniga qasd qilishga uringanini aytgan.

Mohira Ortiqova erining qonga belangan ust-boshini Toshkentdagi "Ezgulik" inson huquqlari jamiyatiga topshirgan.

2009 yili josuslik ayblarini bo‘yniga olmagan Qayum Ortiqovni odam savdosi bilan bog‘liq "soxta ayblovlar" bilan 6 yillik qamoq jazosiga mahkum etishgan.

2012 yilda O‘zbekistodan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan Qayum Ortiqov oilasi yordam so‘rab Britaniya hukumatiga murojaatlar qilgan.

Yaqinda Qayum Ortiqov BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga shikoyat bilan murojaat etgan.

Frantsiyadagi "O‘tyuraklar klubi"ning Jarayon.com web-saytida e‘lon qilingan shikoyat matnida qiynoq dalillari bilan birga qiynoqqa solishda ishtirok etgani aytilgan O‘zbekiston huquq-tartibot idoralarining xodimlari va mahbuslarning ism-shariflari keltirilgan.

BBC bilan suhbatda Qayum Ortiqov qiynoqlar oqibatida salomatligini yo‘qotganini, doimo shifokorlar nazoratida bo‘lib, muntazam muolajaga muhtoj ekanini aytadi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi