Rossiya: Tibbiy sug‘urta mehnat muhojirlariga majburiy qilinishi mumkin

Rossiya hukumati mehnat muhojirlari uchun tibbiy xizmat tizimini yo‘lga qo‘ymoqchi.

"Izvestiya" nashri xabariga ko‘ra, hukumat muhokama qilayotgan qonun loyihasi bo‘yicha ish beruvchidan qo‘l ostidagi migrantlar uchun har oy sug‘urta to‘lovi to‘lab borish majburiy qilinadi.

Huquq himoyachilari mehnat muhojirlari ijtimoiy himoyalangan tibbiy muolajaga muhtoj ekanligini, biroq yangi qonun ularning mushkulini oson qilishiga ko‘zlari yetmasligini aytishadi.

Rossiya Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi hukumatga mehnat muhojirlarini tibbiy sug‘urta qilishni yo‘lga qo‘yuvchi qonun loyihasini taqdim etgan.

"Izvestiya" ro‘znomasi yozishicha, qabul qilinadigan qonun bo‘yicha, ish beruvchilar qo‘l ostidagi xorij fuqarolari uchun sog‘lig‘i tufayli ishga yaramay qolganda yoki farzand ko‘rish hollarida tibbiy muolaja olishini ta‘minlash uchun majburiy to‘lovlar to‘lab boradi.

Gazetaning yozishicha, xorij fuqarolari uchun sug‘urta to‘lovlari bir oylik maoshning 1,8 foizi qilib belgilanadi. Rossiyaliklar uchun ushbu to‘lov 2,8 foizdan yuqorini tashkil qiladi.

Ayni vaqtda Rossiyadagi mehnat muhojirlari faqatgina ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalar va kasbiy xastaliklardan majburiy sug‘urta qilinadi.

Sankt-Peterburg shahrida ishlovchi o‘zbekistonlik Vakilning aytishicha, mehnat muhojirlarini davlat tibbiy muassasalari sug‘urtasi bo‘lmasa qabul qilmaydi. Migrantlar xususiy shifoxonalarga murojaat qilishga majbur. Bu shifoxonalarni esa hammaning ham "cho‘ntagi ko‘tarmaydi".

"Rostini aytsam, majbur bo‘lib chorasiz qolsagina murojaat qilishi mumkin. Qolgan hollarda hech kimning cho‘ntagi tibbiy davolanishni ko‘tarmaydi. Qizimni maktabga berish uchun tibbiy ma‘lumotnoma kerak edi. Mening sug‘urtam bo‘lmagani uchun ushbu ma‘lumotnoma menga taxminan 600 dollarga tushdi", - deydi Vakil.

Rossiyadagi "Yoshlar" jamoatchilik harakati raisi Maxsud Abdujabborov Rossiya mehnat muhojirlari to‘g‘risidagi qonunchilikni Ovro‘po standartlariga moslashtirishga harakat qilayotganini, ammo ushbu ezgu qonun amalda ishlamasligini aytadi.

"Rossiyadagi mehnat muhojirlari qo‘lidagi 80 foiz shartnoma qalbaki. Ularning birortasiga ham amal qilinmaydi. Ushbu migrantlar hattoki kim ish beruvchi ekanligini bilmaydi", - deydi Maxsud Abdujabbarov.

Mavjud qonunchilik bo‘yicha mehnat muhojirlari xastalik nafaqasi, tekin tibbiy xizmat ololmaydi. Ularga faqatgina tez tibbiy yordam ko‘rsatilishi mumkin. Qolgan hollarda ko‘chada ham qolib ketishi mumkin.

Moskvadan huquqbon Bahrom Hamroyev majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma‘lum guruhlar foydasiga ishlab chiqarilayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi.

"Bu qonunlar hukumatga yaqin tashkilotlar yoki sug‘urta kompaniyalarning qilayotgan ishi. Ushbu qonunlar mehnat muhojirlarining hayotini o‘ylab emas, balki qandaydir yangi strukturalar paydo qilishi uchun qabul qilinadi".

Rossiya Federal Migratsiya xizmati rasmiy ma‘lumotlariga ko‘ra, Rossiyada 6 oydan kam bo‘lmagan muddatga shartnoma tuzuvchi mehnat muhojirlarining soni 1,2 millionni tashkil qiladi.

Biroq kuzatuvchilar ushbu raqamlar bir necha barobar ko‘pligini ta‘kidlashadi.