Ukraina: Politsiya Kiyevdagi namoyishchilar barrikadasiga reyd qildi

Image copyright Reuters

Ukraina poytaxti Kiyevda politsiya namoyishchilar joylashib olgan maydonga hujum qilar ekan, o‘zaro to‘qnashuvlar kelib chiqqan.

BBCning hududdagi muxbiriga ko‘ra, kamida bir kishi otib o‘ldirilgan.

Norozilik namoyishlari o‘tgan noyabrdan beri davom etayotgandi. Namoyishchilar hukumatning Moskva bilan yaqinlashish niyatida Ovro‘po Ittifoqi bilan hamkorlik bitimidan voz kechishi ortidan kelib chiqqan.

Bosh Vazir Mikola Azarov agar o‘tgan bir necha kun ichida namoyishlar atrofida yuzaga kelgan tartibsizliklar davom etsa, politsiya kuch qo‘llashini aytib ogohlantirgandi.

Zo‘ravonliklar Mustaqillik maydonidagi eng asosiy namoyishchilar jamlog‘iga yaqin joylashgan Xrushevskiy ko‘chasi atrofidagi kichik hududda yuz bergan. Muxbirlarga ko‘ra, shaharning aksar qismida hayot odatdagidek davom etgan.

Image copyright Reuters

Ikki tun davom etgan to‘qnashuvlarda yuzlab odamlar jarohat olishgan. Tinch namoyishchilar zo‘ravonlikni keltirib chiqarishda avval nomi chiqmagan o‘ta o‘ng-qanot guruh "O‘ng sektor"ni ayblashgan.

Molotov kokteyllari

Seshanba oqshomida Rossiya 24 kanaliga gapirgan janob Azarov: "Agar gijgijlovchilar o‘z amallarini to‘xtatishmasa, politsiyada qonunga binoan xalqni himoya qilish yo‘lida kuch ishlatishdan boshqa iloj qolmaydi", - deb aytgan.

Nisbatan tinch o‘tgan tun ortidan, chorshanba tongida soat 06:00dan ko‘p o‘tmay, politsiya Xrushevskiy ko‘chasidagi barrikadalarga qarshi hujum qilgan.

Image copyright AP

Quyuq yog‘ayotgan qor ostida to‘qnashuvlar kelib chiqqan va politsiya namoyishchilarni hibsga olgan.

Televizion kadrlarda namoyishchilar politsiyaga qarata toshlar va Molotov kokteyllarini otayotganlari ko‘rinadi. Bir politsiyachi Molotov kokteylini yonib yotgan avtobus tomon otgani ham ko‘ringan.

Rasmiylar bir kishi nobud bo‘lganini tasdiqlashdi, ammo u qanday halok bo‘lgani hali aniq emasligini aytishdi.

Ko‘plab namoyishchilar namoyishlarda himoya uchun kaska va niqoblarni kiyishni taqiqlaydigan yangi qonunga bo‘ysunmasliklarini ko‘rsatib qo‘yish uchun qizil kaskalarni kiyib olganlar.

Yangi qonun, shuningdek, jamoatchilik binolarini to‘sganlarga qamoq jazosini belgilaydi, hamda jamoatchilik joylarida ruxsatsiz chodirlar qurishni man etadi.

BBC muxbiri Dankan Krouford politsiya hozirda ortga chekingani va namoyishchilar yana maydonga qaytishayotganini xabar qiladi.

Uning aytishicha, ziddiyat davom etmoqda va kun davomida yangi to‘qnashuvlar yuzaga kelishi mumkin.