Kiyevdagi namoyishlarda dastlabki qurbonlar

Ukraina poytaxti Kiyevdagi namoyishchilar va politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda uch kishi halok bo‘lgan.

Rasmiylar ulardan ikki nafari o‘q otar quroldan halok bo‘lganligini tasdiqladilar.

Bu noyabr oyida Ukraina hukumati Ovro‘po Ittifoqi bilan bitimni imzolashdan bosh tortganidan beri boshlanib ketgan noroziliklarda birinchi bor qurbonlar berilishidir.

Chorshanba kunidagi to‘qnashuvlar politsiya namoyishchilar lagerini tarqatib yuborishga kirishganidan so‘ng boshlanib ketgan.

Xabar berilishicha, ayni vaqtda prezident Viktor Yanukovich muxolifat vakillari bilan mojaroni yechish yo‘llarini izlashga qaratilgan muzokaralarni olib bormoqda.

Bu galgi namoyishlarni o‘tgan hafta norozilik aktsiyalarini jinoiy amal sifatida talqin qiluvchi qonunning tasdiqlanishi keltirib chiqargandi.

O‘shandan beri davom etib kelayotgan namoyishlarda yuzlab insonlar jarohatlangan.

Ba‘zilar zo‘ravonliklarning kelib chiqishida u qadar taniqli bo‘lmagan O‘nglar Sektori guruhini ayblamoqdalar.

Ayni vaqtda Ukrainadagi AQSh elchixonasi zo‘ravonliklarga aloqador ko‘rilgan qator shaxslar uchun avval berilgan vizalarni bekor qilganligini bildirgan.

Vizalari bekor qilingan shaxslarning ismlari oshkor etilmagan, ammo "joriy zo‘ravonliklarga aloqador ko‘rilganlarga qarshi qo‘shimcha choralar ko‘rish ilinjida" ekanligi aytilgan.

To‘qnashuvlar

Chorshanba kungi to‘qnashuvlar Xrushevskiy ko‘chasi hududida, asosiy namoyishlar o‘tayotgan Mustaqillik maydoniga yaqin yerda bo‘lib o‘tgani xabar qilinmoqda.

Nisbatan tinch o‘tgan tundan so‘ng, erta bilan soat 6 da politsiya Xrushevskiy ko‘chasidagi namoyishchilar lageriga bostirib kira boshlagan.

Burkirab yog‘ayotgan qor vaziyatida politsiya hibsga olishlarni boshlab yuborar ekan, ikki o‘rtada to‘qnashuvlar yuz bergan.

Televideniye orqali olib ko‘rsatilgan tasvirlarda namoyishchilar politsiyaga tosh va mushaklarni otayotganlari ko‘rinadi.

Keyinchalik namoyishchilar Mustaqillik maydoniga, politsiya esa o‘z avvalgi mavqelariga chekinishgan.

Mamlakat Bosh prokurorining aytishicha, o‘q otar quroldan halok bo‘lgan ikki kishining jasadi to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan yerda Milliy kutubxona binosiga yaqin yerda topilgan.

Namoyishchilarni qo‘llovchi tibbiy xodimlarga ko‘ra, ulardan kamida bittasida ko‘p sonli o‘q jarohati bo‘lgan va ularning da‘vo qilishlaricha u snayper tomonidan o‘ldirilgan.

Yana bir namoyishchi Dinamo futbol stadionida balanddan yiqilib tushib, olgan jarohatlari tufayli olamdan o‘tgan.

Bosh vazir Mikola Azarov politsiya kuchlari o‘q otar quroldan foydalanishmagani va o‘limlar uchun masu‘l emasliklarini aytgan.

"Bu o‘limlar uchun masu‘liyat ommaviy tartibsizliklarni tashkillshtirganlar va ba‘zi ishtirokchilar gardanida va vijdonida", dedi janob Azarov.

Peshinga yaqin namoyishchilar barrikadalariga yana minglab kishilar yetib keldilar. Ularning aksari quruvchilar kaskarlarini kiyib olishgandi, bu yangi qonuning niqob va himoyalovchi ust-bosh kiyishni taqiqlovchi moddasiga qarshi norzilik ramzidir.

Qonun shuningdek, jamoat binolarini to‘sib olganlar uchun qamoq jazosi belgilanishini nazarda tutib, jamoat yerlarida chodirlar tiklashni taqiqlaydi.