O‘zbekiston: Qiynoqlarni taqiqlovchi qonun kuchga kirdi

Image copyright BBC World Service
Image caption Huquq faollari hisbxonalarni borib ko‘ra olmasliklari sababli, qiynoqlar qo‘llanishi borasidagi vaziyatga baho berish imkonsiz ekanligi aytadilar

2012 yilning dekabr oyida imzolangan "Tezkor qidiruv faoliyati to‘g‘risida"gi qonun bir yil o‘tib 2013 yilning 25 dekabr kuni kuchga kirdi.

Bu haqda gazeta.uz nashri xabar bergan. Huquq himoyachilari qonun amalda ishlab ketishi imkonsiz ekanligini ta‘kidlamoqda.

Gazeta.uz nashriga ko‘ra, "Tezkor qidiruv faoliyati to‘g‘risida"gi qonun prezident Karimovning 2010 yil noyabrdagi tashabbusi asosida ishlab chiqilgan.

Qonunga ko‘ra tezkor qidiruv faoliyatining asosiy vazifalari Insonning huquqlari, erkinligi va qonuniy manfaatlari himoyasini ta‘minlashdir.

"Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson sha‘ni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas", deyiladi unda.

Toshkentdan inson huquqlari himoyachisi Sur‘at Ikromov qonun 25 dekabrda kuchga kirgan bo‘lsa ham tergov jarayonidagi qiynoqlar hali to‘xtamaganini va to‘xtashi amrimaholligini aytadi.

"Qamoq va hibsxonalardar tartib va kuzatuv organi bo‘lmasa, huquq himoyachilarini mutlaqo kiritmasa, qanday qilib qiynoqlar kamaydi, deb ayta olamiz. Qiynoqlar bo‘lmayapti,deb aytishga asosning o‘zi yo‘q".

Huquq himoyachisi bundan oldinroq gumonlanuvchini faqat sud qarori asosida hibsga olish tartibi joriy qilinganini, biroq militsiya xodimlari ushbu tartibni aylanib o‘tib tergov ishlarini olib borayotganini ta‘kidlaydi.

Surat Ikromov qiynoqlarni taqiqlovchi qonun amalga kirmasligini O‘zbekistonda militsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunning yo‘qligini bilan izohlaydi.

"Militsiya to‘g‘risidagi qonunning o‘zi yo‘q. Odam ko‘ylakning ustidan mayka kiymaydiku. Oldin militsiya to‘g‘risidagi qonun chiqariladi. Nafaqat militsiya, balki "Milliy xavfsizlik xizmati to‘risida"gi qonun ham haligacha mavjud emas. Qanday qilib uning ichidagi tashkilotning faoliyati to‘g‘risida qonun qabul qilinadi. Bu mutlaqo aqlga sig‘maydigan narsa-ku".

O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat tomonidan muntazam qiynoqlar qo‘llaniluvchi davlatlar sirasiga kiritilib kelinadi. O‘zbekiston rasmiylari esa ushbu da‘volarni rad etishadi.

O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha bosh muzokarachisi Akmal Saidov 2013 yilning 30 oktyabrida Jenevada o‘zini so‘roqqa tutgan Birlashgan Millatlarning Qiynoqlarga qarshi qo‘mita a‘zolariga baqirgan va stolni mushtlash bilan javob bergandi.

Huquqbon Su‘rat Ikromov "Tezkor qidiruv faoliyati to‘g‘risida"gi qonun xalqaro hamjamiyatga bu borada ishlar qilinayotganini ko‘rsatish uchun nomiga tashlangan qadam ekanligini aytadi.

"Hozir O‘zbekistonga qiynoqlarni to‘xtatish to‘g‘risida BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan bosim bo‘layapti. Bu qonun ularga qarata, "mana biz harakat qilayapmiz, qonun chiqardik", deyish bahonasi uchun chiqarilayapti. Xo‘jako‘rsinga chiqarilgan, uning foydasi yo‘q. Baribir ham ishlamaydi".