Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston shirkati "menejerlari hibsga olingan"

Image copyright RIA Novosti
Image caption Coca cola O‘zbekistonda avval ham mojarolar markazida bo‘lgan

O‘zbekistonda Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston shirkatining ikki yuqori darajali rahbari hibsga olingan. Bu haqida Agence France-Presse xabar agentligi O‘zbekiston prokuraturasidagi ismi-sharifi keltirilmagan manbasiga tayanib xabar tarqatdi.

Agentlik xabar berishicha, ikki menejer hali dekabr oxirida qo‘lga olinganlar. Ularga qarshi tovlamachilik aybi qo‘yilgan.

Menejerlarning ismi-shariflari ochiqlanmagan. BBC hibs holatlari borasida bilish uchun Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston bilan bog‘landi, biroq ma‘lumot ola olmadi.

Xabar agentliklari mahalliy prokuratura ham bu borada ma‘lumot bermayotganini aytishmoqda.

AFP manbasining aytishicha, mahalliy huquq-tartibot organlari o‘tkazgan boshlang‘ich tergov Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston faoliyatida ko‘p sonli qonunbuzarliklar yuz berganini aniqlagan.

Qo‘lga olingan rahbarlar shirkat kapitalidan 12 million dollar naqd pulni o‘zlashtirishgani da‘vo qilinadi.

Ular, shuningdek, qiymati 4,6 million dollarga teng shakar yetkazib berilishi borasidagi deklaratsiyalarning soxtalashtirilishi va moliyaviy hisobotlarning soxtalashtirilishida gumon qilinayapti.

Tergovchilarga binoan, bu jinoyatlar 2010 va 2013 yillar o‘rtasida yuz bergan.

Coca-Cola o‘zbek tomoni bilan 1993 yilda qo‘shma korxona ochgan. Hozirda Amerika korporatsiyasi Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston shirkatining 42,9 foiz aktsiyasiga egalik qiladi. Qolgan 57,1 foiz aktsiyalar esa Muzimpex tashkiloti qo‘lidadir.

Coca-Cola O‘zbekistonda avval ham mojarolarga sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaning sobiq amerikalik umr yo‘ldoshi Mansur Maqsudiy Coca-Cola brendini ilk marta O‘zbekistonga olib kelgan savdo shirkatiga egalik qilgan.

Biroq, uning Karimova xonimdan ajrashishi ortidan, Maqsudiyning aktsiyalari musodara qilingan va Musimpex shirkatiga o‘tkazilgan.

Maqsudiy janoblari Coca-Cola korporatsiyasini o‘zbek biznes elitasi bilan til biriktirib, uning aktsiyalarini tortib olishda ayblagan.

Gulnora Karimova o‘zining yaqinda yozgan twitlarida Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston o‘ziga tegishli ekani borasidagi iddaolarni rad qilgan.

Your contact details
Disclaimer