Gorbachev Ukrainaga yordam so‘rab Putin va Obamaga murojaat etdi

Image copyright Reuters

Ukrainada aksil-hukumat namoyishchilar va politsiyaning qonli to‘qnashuvlari davom etar ekan, SSSR Prezidenti Mixail Gorbachev 23 yanvarda Rossiya va AQSh prezidentlariga maktub yo‘llab, ularni taraqqiyot yo‘liga qaytishda Ukrainaga yordam berishga chaqirgan.

Janob Gorbachevning maktubi Rossiyaning "Moskovskiy Komsomolets" nashrida chop qilingan.

Ayni damda Ukraina muxolifat rahbarlari hukumat bilan muzokaralari ish bermagach, Prezident Viktor Yanukovichga qarshi ultimatum e‘lon qilganlar.

Muxolifat rahbarlaridan biri, "Udar" partiyasi rahbari Vitaliy Klichko, agar hukumat favqulodda saylovlarni chaqirmasa, uning o‘zi Ovro‘poparast namoyishchilarga Kiyevga qarshi hujumda boshchilik qilishini aytgan.

Chorshanba kuni to‘qnashuvlarda ikki namoyishchi halok bo‘lgan.

Quyida Mixail Gorbachev maktubining to‘la matni:

Hurmatli Vladimir Vladimirovich!

Hurmatli Barak Obama!

Men hozirgina "Inson huquqlari uchun" harakatining ijrochi direktori janob Ponomarevning murojaatnomasi bilan tanishib chiqdim. Unda u sizning ikkingizni Ukrainadagi zo‘ravonlikni zudlik bilan to‘xtatish va ommaviy qon to‘kilishining oldini olish yo‘lida Ukrainadagi muzokaralarga tashabbuskor bo‘lib chiqishiningizga chaqiradi.

Image copyright AFP
Image caption Gorbachev Rossiya va Ukrainaliklar yaqinligi haqida gapirib, marhum rafiqasining ukrain millatiga mansub bo‘lganini aytadi

Men bu chaqiriqni to‘laligicha qo‘llab-quvvatlayman. Aminmanki, bu maqsadga yetishishga qodirsizlar. Kurashayotgan tomonlar muzokaralar stoliga o‘tirishlari lozim.

Hozir har ikki tomon bir-birini ayblayati. Ukrainadagi vaziyatning yomonlashishiga sababchilarni Rossiyadan, G‘arbdan, Ukraina hukumat idoralari va Ukraina muxolifati saflaridan qidirishayapti. Bu vaziyatni yanada qiyinlashtiradi, xolos. Hozir kim aybdorligini qidirish vaqti emas. Eng asosiysi - vaziyatning o‘ta xavfli tarzda nazorat ostidan chiqib ketishini bartaraf qilish.

Kiyevdagi voqealar rivoji nafaqat Ukraina va uning qo‘shnilari, balki Ovro‘po va butun dunyoga ta‘sir qilishini inkor qilib bo‘lmaydi.

Men, Rossiyadagi ko‘plab odamlar kabi, Ukrainada bo‘layotgan hodisalarni yuragimga juda yaqin qabul qilaman. U yerda vaziyat millatning, jamiyatning bo‘linib ketishi bilan yakun topishini tasavvur ham qilolmayman. Bu havotirlarni tushunsa bo‘ladi. Rossiya va Ukraina asrlar osha yaqin bo‘lib kelganlar. Gap faqat tarixiy rishtalar haqida ketmayapti. Gap odamlar o‘rtasidagi yaqin qarindosh-urug‘chilik munosabatlari haqida ketayapti.

Bunga misol topish uchun uzoqqa borish shart emas. Mening oilamda onam ukrainka edi, otam - rus. Marhum rafiqam Raisa Maksimovna ukrainka edi. Bunday misollardan minglab keltirish mumkin. Xalqimiz va mamlakatlarimizning qon rishtalari haqida ochiqcha gapirish mumkin.

Ukrainaliklar ukrainaliklar bilan jang qilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu dahshatli absurd. Lekin, aftidan, vaziyat shunday xarakterni kasb etgan, va ikki davlatimizning eng yuqori darajali vakillarining yordamisiz bu fojea bilan yakun topishi mumkin.

Vladimir Vladimirovich, janob Obama, men sizlardan Ukrainani tinch taraqqiyot yo‘liga qaytishi uchun imkoniyat topib dadil qadam qo‘yishingizni iltimos qilaman.

Men sizlardan umidim juda katta.

Ehtirom ila

Mixail Gorbachev

Your contact details
Disclaimer