Hind qishlog‘i oqsoqollari ayolning "jinsiy zo‘rlanishini buyurishgan"

Image copyright AFP
Image caption O‘tgan yili talaba qizning zo‘rlab o‘ldirilishi yirik namoyishlarni keltirib chiqargandi

Hindistonning G‘arbiy Bengol shtatida politsiya ayolni guruh bo‘lib jinsiy zo‘rlagan 13 kishini hibsga olgan. Da‘vo qilinishicha, ayolning ishqiy aloqalarini jinoyat deb ko‘rgan qishloq oqsoqollari uning zo‘rlanishini buyurganlar.

20 yoshli qurbon ayol ahvoli og‘ir holda kasalxonaga yotqizilgan.

Hindiston qishloqlaridagi norasmiy mahkamalar ko‘p hollarda mahalliy an‘analarni buzgan juftliklarning o‘ldirilishini ham buyuradilar.

Jinsiy zo‘ravonlik mavzusi 2012 yilda Dehlidagi avtobusda talaba qiz bir guruh erkaklar tomonidan zo‘rlanishi ortidan nobud bo‘lganidan so‘ng jamoatchilik diqqati markazida bo‘lib kelmoqda.

Talabaning vafoti ortidan yuzaga kelgan misli ko‘rilmagan norozilik namoyishlari tufayli hukumat jinsiy zo‘ravonliklarga qarshi jazo choralarini keskinlashtirgan.

Biroq, ayollarga qarshi zo‘ravonlik Hindistonning o‘ta patriarxal jamiyatiga chuqur singib ketgan.

Politsiyaning xabar qilishicha, dushanba oqshomida yuz bergan oxirgi hodisaga qabilaviy ayolning Birbhum tumanidagi boshqa qishloq yashovchisi bilan ishqiy aloqaga kirgani sabab bo‘lgan.

Klanlarga asoslangan qishloq kengashlari oqsoqollari Hindistonning chekka hududlarida katta ta‘sirga egalar. Ular mahalliy urf-odatlarga zid deb ko‘rilgan amallar uchun qattiqqo‘l jazo choralarini belgilaydilar.

"Jinoyati - sevib qolgani"

"Bu ishqiy aloqa kamida besh yildirki davom etgan. Erkak dushanba oqshomida qizning qo‘lini so‘rab uning uyiga kelganida, qishloq ahli uni ko‘rib qolganlar va "kenguru mahkamasi"ni tashkil qilganlar. Mahkama ishi davomida ikkovlon qo‘llari bog‘liq holda o‘tirganlar", - deb aytdi Birbhum politsiyasi rahbari Si Sudhakar BBCga.

Uning aytishicha, bosh oqsoqol ikkovlonga "sevib qolish jinoyati" uchun 25000 rupiy (400 dollar) jarima solgan.

Erkak jarimani to‘lagan, ammo ayolning oilasi jarimani to‘lashga qurbi yetmagan.

Ayolning uzoq qarindoshi hisoblanmish oqsoqol so‘ngra ayol jinsiy zo‘rlanishini buyurgan, dedi janob Sudhakar.

"Oilasi to‘lay olmayapti, shunday ekan, boringlar, qizni olib ko‘ngilhushlik qilinglar", - deb aytgan oqosol, ayol oilasining shikoyatiga ko‘ra.

Hodisa bilan bog‘liqlikda hibsga olingan 13 erkak orasida oqsoqol ham bor. Ular payshanba kuni mahkamaga tortilganlar va 14 kunga hibsxonada saqlanishlari qaror qilingan.

Hujum dushanba oqshomida yuz bergan bo‘lsada, ayolning oilasi chorshanbagacha politsiyaga murojaat qilishga botina olmagan. Ayol chorshanba oqshomida kasalxonaga yotqizilgan.

Mahalliy rasmiylar hozirda uning muolajasi bilan besh tibbiy xodim shug‘ullanayotganini bildirishdi.

Politsiyaga ko‘ra, Birbhumdagi qishloq oqsoqollari 2010 yilda uch ayolning qip-yalang‘och holda olomon qarshisida sazoyi qilinishini buyurganlar.

Your contact details
Disclaimer