Qarag‘anda yo‘lida 50 nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojiri qutqarildi

Qozog‘iston Favqulotda vaziyatlar vazirligining ma‘lumotiga ko‘ra, 22 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan 23:25 da Toshkent - Nijniy Novgorod yo‘nalishi bo‘ylab ketayotgan avtobus yo‘lovchilari qutqarib qolingan.

Avtobus ichida 50 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgani aytilmoqda. Ular Rossiyaga ishlash maqsadida ketayotgan bo‘lgan.

"Avtotobusning to‘xtab qolishiga elektr uskunasidagi nosozlik sabab bo‘lgan. Bizga xabar kelib tushishi bilan qutqaruvchilar 10 daqiqaning ichida hodisa joyida bo‘lishdi. Chunki hodisa bizning qutqaruv shtabimizdan uncha uzoq bo‘lmagan joyda sodir bo‘lgan. Yo‘lda qolganlarni Aqsu-Ayuli poselkasidagi sportzalga joylashtirildi. Jabrlangan yo‘q", - deydi Qarag‘anda viloyat favqulotda vaziyatlar departamenti matbuot kotibi Quanish Mutallapov.

Matbuot kotibi avtobus ichida yosh bolalar yo‘qligini ma‘lum qildi. Unga ko‘ra Qarag‘anda viloyatida o‘zbekistonlik yo‘lovchilarning yo‘lda qolib ketish hollari ko‘proq qish kunlari sodir bo‘ladi. O‘tgan qish mavsumida Qarag‘anda viloyatida bir necha marta shunday holat ro‘y bergan.

2012 yilning 1 dekabr kuni Aqmo‘la viloyatida kuchli qor bo‘roni natijasida yo‘lda qolib ketgan 50 nafar o‘zbekistonlik qutqarilgan edi.

Qozog‘iston o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining Rossiyaga quruqlik orqali qatnashda asosiy yo‘li hisoblanadi.

Eng arzon transport vositasi bo‘lmish avtobus xizmatidan mehnat muhojirlari keng foydalanadi.

Qozog‘iston yo‘llarida odamlarning halok bo‘lishiga olib keluvchi yirik avtohalokatlar tez-tez sodir bo‘lib turadi.

Haydovchilarning tajribasizligi, rulda uxlab qolishi, yo‘l sifatining yomonligi va aksar yo‘llarning faqat ikki yo‘nalishga egaligi halokatlarga bosh sababchi qilib ko‘rsatiladi.

Your contact details
Disclaimer