Tojikiston fuqarolari Qirg‘iziston hududiga kiritilmayapti

Image copyright askar baymuratov

22 yanvarda Qirg‘izistonning "Manas" aeroportiga Tojikistondan uchib kelgan 37 odam, bojxona tekshiruvlari bahona ularni shaharga chiqishlariga yo‘l qo‘yilmagan.

Shuningdek, yana shuncha odam, Bishkekdan Dushanbega ucha olmasdan aeroport hududida turilganligi ma‘lum bo‘ldi.

"Manas" aeroporti ma‘muriyati Tojikiston fuqarolari ushlab turilganligi yuzasidan quyidagicha ma‘lumot berdi.

"Qirg‘iziston - Tojikiston o‘rtasidagi so‘ngi chegaraoldi vaziyatdan kelib chiqqan holda, Qirg‘iziston hududiga kirib kelayotgan Tojikiston fuqarolarini ekstremistik, terrorist tashkilotlarga aloqador yoki yo‘qligini, shuningdek narkotik savdosi bo‘yicha tekshirish ishlari olib borilayapti. Shu sababdan, ularni aeroport nazoratidan o‘tayotganida biroz uzoq vaqt o‘tayapti. Hozir Bishkek - Dushanbe reysi uchib ketdi. Dushanbedan kelganlar esa, navbat bilan tekshiruvdan o‘tayaptilar" - dedi "Manas" aeroporti ma‘lumot xizmatining boshchisi Nurxon Tojiboyeva.

Bu orda "O‘rta Osiyo harakati" Fuqarolik Platformasi a‘zosi Dushanbelik Shuxrat Latipov, 22 yanvarda Bishkekda o‘tgan yig‘inga qatnashish uchun, avval Olma otaga uchgani, keyin u yerdan Bishkekka kelayotgan payti Qozog‘iston - Qirg‘iziston chegarasida qirg‘iz chegara xizmati xodimlari tarafidan to‘xtatilganini aytgan.

"22 yanvar kuni Bishkek shahrida o‘tadigan "O‘rta Osiyo harakati" Fuqarolik Platformasi yig‘ilishida qatnashish uchun kelayotgan edik. Olma otadan Bishkekka bizni o‘tkazishmadi. O‘tkazmaslik sababini ham tushuntirishmadi. O‘sha yerdan ortga qaytdik. Bugun ertalab Dushanbega uchdik", - dedi Shuxrat Latipov.

Bu holat yuzasidan Qirg‘iziston Davlat Chegara Xizmatiga murojaat qilganimizda: "Bizda bu haqda ma‘lumot yo‘q va mahsus buyruq ham bo‘lmagan. Chegarani kesib o‘tayotgan har bir inson, tekshiriladi. Qanday maqsadda kelayapti, kim taklif qildi va qancha vaqtga kabi savollar so‘raladi" - degan javobni oldik.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 11 yanvar kuni Qirg‘iziston va Tojikiston chegara posbonlari o‘rtasida Isfara shahriga yaqin yerda ikki mamlakat chegarachilari o‘rtasida otishma yuz berib, ikkala tomondan ham chegarachilar jarohatlangandilar.