Qiziq: Qizil iblislar dunyoning boyvachchalari safiga kirolmadi

Image copyright AFP

Bunaqasi amaldagi Angliya chempioni "Manchester Yunayted" klubi tarixida bo‘lmagan.

Qizil iblislar o‘z tarixlarida ilk bor Deloitte shirkatining dunyoning eng boyvachcha klublar uchligiga kira olishmadi.

O‘tgan yilgi futbol mavsumida qilgan daromadlariga qarab, "Real"(Madrid), "Barselona" va Olmoniyaning nahang "Bavariyasi" yuqori uchlikni to‘ldirishdi.

"Bavariya"ning bu kabi yutug‘ini izohlarkan, BBC muharriri Yoxannes Dell, "klubning muvaffaqiyati muqim daromadi, homiylik shartnomalari, katta sondagi a‘zolari va dunyo bo‘ylab ishqibozlari safining kengayib borayotgani va uyushtirishga muvaffaq bo‘layotgan ko‘plab xalqaro turnirlarga bog‘liq", – deydi.

O‘zining 518.9 million yevrolik tushumi bilan Madridning "Real"i qizil iblislar tomonidan o‘rnatilgan rekordni buzishga muvaffaq bo‘ldi: Ketma-ket to‘qqizinchi bor dunyoning eng boyvachcha klubi, deb topildi.

O‘zbekistonda ham yaxshigina muxlislariga ega Frantsiyaning amaldagi chempioni "Pari Sen Jermen" esa, beshinchi o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi.

Hatto, yillik daromadlarining 2010 yildan buyon uch barobariga ortib, qariyb 400 million yevroga yetgani ham frantsuz klubining yuqoriroq o‘rinlarga da‘vo qilishiga imkon bermagan.

Ammo, yuqori uchlikka kira olishmagan bo‘lsa ham, qizil iblislarning yillik tushumi 395.9 million yevrodan 423.8 million yevroga ortgan.

Agar, dunyoning eng cho‘ntagi qappaygan klublarining bir yillik daromadi bir yerga jamlansa, ularning daromadlari qariyb 10 foizga ortib, 5.4 milliard yevroni tashkil qilgan.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, shirkat boyvachcha jamoalarning ro‘yxatini tuzayotganda ularning qarzlarini inobatga olmaydi, faqat yillik tushumlariga asoslanadi.

Deloitte shirkati biznes hamkori Dan Jonsning BBCga aytishicha, "faqat chipta va translyatsiyalar emas, balki homiylik, sport ust-boshlari savdosi, xullas, pul keladigan barcha tujjoriy manbalar orqasidan shundoq ham boyvachcha bo‘lgan klublar yanada boyishgan".

Dunyoning "Pichog‘i moy ustida bo‘lgan" klublar yigirmaligiga yana besh ingliz jamoasi : "Manchester Siti" (6-o‘rin), "Chelsi" (7-o‘rin), "Arsenal" (8-o‘rin), "Liverpul" (12-o‘rin) va "Tottenhem" (14-o‘rin)lar ham krishga muvaffaq bo‘lishgan.

Dan Jonsning aytishicha, Ovro‘po eng old jamoalari daromadlarining katta miqdorda ortib borayotgani global miqyosda omma o‘yini bo‘lgan futbolga qiziqishning darajasini ham ko‘rsatadi".

Bu yilgi dunyoning boyvachcha klublariga ro‘yxatiga Italiyaning ikki nahang jamoasi: "Yuventus" va "AS Milan"lar ham kirishga muvaffaq bo‘lishgan.

O‘z o‘rnida shuni ham alohida ta‘kidlab o‘tish joizki, boyvachchalar ro‘yxatida ilg‘orlik qilgan klublarning barchasi "Yirik Beshlik": Angliya premerligasi, Olmoniya Bundesligasi, Italiya A Seriyasi, Ispaniya La Ligasi va Frantsiyaning 1-Ligasi vakillaridir.

Ammo ikki turk jamoasi va Braziliyaning "Korintians" klubi ham dunyoning 30 ta boyvachchalari safidan joy olishga muvaffaq bo‘lishgan.