Rossiya Oliy mahkamasi Platon Lebedevni qo‘yib yuborish haqida qaror qabul qildi

Image copyright AP

Rossiya Oliy mahkamasi sobiq neft korcholoni va Kremlning tanqidchisi Mixail Xodorkovskiyning biznes hamkori Platon Lebedevni qamoqdan ozod qilishga buyruq bergan.

Ikkovlon ham 2005 yil hibs qilingan va Mixail Xodorkovskiy o‘tgan oy ozod qilingandi.

Platon Lebedev Rossiyada qamoqdan qo‘yib yuboriladigan yana bir taniqli siyosiy mahbusdir.

Mazkur qadamlar Prezident Vladimir Putin Sochida kelasi oy o‘tkazilishi kutilayotgan Qishki Olimpiada o‘yinlari oldi inson huquqlari va demokratiya borasidagi tanqidlarni yumshatishga urinishi sifatida talqin qilinmoqda.

Xodorkovskiy va Lebedov soliqlardan bo‘yin tovlashda ayblangan va keyinroq boshqa ayblovlar bo‘yicha ham ozodlikdan mahrum qilingandi. Lebedov may oyida qamoqdan chiqishi kerak bo‘lgan. Biroq, Oliy Mahkama unga berilgan jazo muddati kamaytirilishi borasida qaror chiqargan.

"Lebedevni qo‘yib yuboring", deya xitob qilgan Oliy Mahkama hakami Petr Serkov.

Platon Lebedevning himoyachisi Vladimira Krasnovning so‘zlariga ko‘ra, uning mijozi payshanba kunning o‘zida qo‘yib yuborilishi mumkin.

Ammo, mahkama Lebedev va Xodorkovsiy 17 milliard rubl (521 million dollar) soliqni to‘lashi lozimligi haqidagi qarorini o‘zgartirmagan.

Vladimir Putin bir paytlar Rossiyaning eng badavlat odami va YuKOS neft shirkatining rahbari bo‘lgan Mixail Xodorkovskiyni o‘tgan oy avf qilgandi. Qamoqdan chiqqan Xodorkovskiy mamlakatni tark qilgan. Aynan bo‘yinlariga qo‘yilgan soliq to‘lovi hozir uning Rossiyaga qaytishiga to‘siq ekani aytiladi.

Xodorkovsiy va Lebedev inson huquqlari guruhlari tarafidan siyosiy mahbuslar sanalgan. Kreml esa, ularga qarshi mahkamalar ortida siyosiy vajlar turganini rad etib kelgan.