Uch yilda ham aybi isbotlanmagan narimonliklar qamaldi

Qirg‘izistonning O‘sh shahri mahkamasi 2010 yil iyun oyida yuz bergan etnik xunrezliklar bilan bog‘liqlikda yana olti o‘zbekka hukm chiqargan.

Mutaxassisligi huquqshunos bo‘lgan Dilmurod Haydarov ommaviy tartibsizliklarni tashkil qilish va qotilliklarda ishtirok etishda ayblangandi.

U yetti yillik qamoq jazosiga hukm etildi.

U bilan birga sudlangan Daniyor Qodirov, Bahodir Sobirov, G‘ani Sodiqjonov, Shukrullo Qo‘chqorov va Xayrulla Soipovga ham olti yildan sakkiz yilgacha qamoq jazolari chiqarilgan.

Ayblov tomoni O‘sh shahri yaqinidagi Narimon qishlog‘i yashovchilari 40 yoshli Dilmurod Haydarov va yana besh kishiga ikki harbiyni va shu paytgacha jasadi topilmagan shaxsni o‘ldirish, ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqarish, davlat hokimiyati vakili joniga qasd qilish hamda mol-mulkka tajovuz qilish ayblarini qo‘ygan.

So‘nggi mahkama qo‘yilgan ayblovlardan faqat ommaviy tartibsizliklarda qatnashish ayblovini asosli deb topdi, deydi ayblanuvchilarning advokati Nazgul Suyunbayeva.

"Mahkama jarayonida uch kishini o‘ldirish ayblovi tasdiqlanmadi. Bu band bo‘yicha sudlanganlar oqlandi", deydi advokat.

2010 yilning iyun oyidagi milliy nizolarga bog‘liq ushbu ish ustidan ilk mahkama 2010 yil noyabrida Qorasuv tuman sudida boshlangan.

Yakuniy qaror chiqarilishi uchun 3 yildan ortiq vaqt kerak bo‘lgan.

"Buni sababi ishni qayta-qayta tergovga yuborishga to‘g‘ri keldi. Hakamning qayta tergovga jo‘natish qarori ustidan prokuratura shikoyatlar yozdi. Ish Oliy Sudgacha bordi. Dastlab Qorasuv tuman mahkamasi hakamlarini ishdan chetlatishga to‘g‘ri keldi. Ish O‘sh shahar sudiga o‘tkazildi. U yerdagi hakamlarga ham otvod berildi. Shuning uchun mahkama jarayoni amalda boshlangani ham yo‘q edi", deydi advokat Nazgul Suyunbayeva.

Himoyachilarga ko‘ra, aslida talon-tarojlar oldini olgan va Qirg‘iz millatiga mansub insonlarni qutqarib qolgan Dilmurod Haydarovning aybi isbotlanmagan.

Qator inson huquqlari tashkilotlari iqrorlik ko‘rsatmalarini qo‘lga kiritish maqsadida ayblanuvchi deb hibsga olingan o‘zbeklar qiynoqlarga solinganini qayd etganlar va ko‘plab hisobotlarda bu haqda aytib o‘tilgan.

Qirg‘iz rasmiylari 2010 yil hodisalariga aloqadorlik gumoni bilan yuzlab insonlar hibsga olinganlarini xabar qilganlar.

Xalqaro Amnistiya va Human Rights Watch tashkilotlari esa qo‘lga olinganlarning aksari o‘zbeklar ekani va aybsiz insonlar qiynoqlar vositasida qo‘lga kiritilgan iqrorliklar asosida uzoq yillik qamoq jazolariga hukm qilinganlarini o‘z hisobotlarida urg‘ulaganlar.

O‘sh shahridagi "Adolatli mahkama-haqiqat" inson huquqlarini himoya qilish markazi rahbari Ravshan Gapirovning aytishicha, Dilmurod Haydarov ishida jabrlanuvchi taraf deb ko‘rilganlar mahkama payti ayblanuvchilarni, ularning himoyachilarini ko‘p bora kaltaklaganlar.

Ko‘plab Qirg‘iz mahkamalarida kuzatilgan bunday shakldagi bosimlar mahkamalar qoldirilishi, hukmning bir yoqlama bo‘lishiga ta‘sir ko‘rsatgan.

Va nihoyat jabrlanganlar ham bu olti shaxs aybdor emasliklarini tushunib yetdilar, shuning uchun avvalgidek zo‘ravonlik qo‘llamay qoldilar, deydi faol.

Ravshan Gapirov aytishicha, 2010 yil hodisalari bo‘yicha 150 nafarcha kishi umrbod qamoq jazosiga hukm etilganlar, biroq mahkamalarda ularning ayblari isbotlanmagan.

"Minglab kishilar 10 yil, 15 yil, 20 yillik qamoq jazolariga hukm qilinganlar", deydi u.

Himoyachi Nazgul Suyunboyeva aytishicha, ushbu mahkama qarori ustidan appelyatsiya shikoyati bilan murojaat qilmoqchilar.

Qonunchilik bo‘yicha muvaqqat hibsxonadagi bir kun tutqunlikning ikki kuni deb hisoblanadi.

Shuning uchun ustlaridan hukm o‘qilgan bu oltovlon allaqachon qamoqda olti yildan ko‘p vaqtni o‘tkazgan, deb ko‘riladilar.