Yirik korxonalar kasodga uchrayotganda 8 foizlik o‘sish qayerdan?

Image caption TAPOICh zavodi o‘n minglab kishini ish bilan ta‘minlagan zavod edi

O‘zbekiston rasmiylariga ko‘ra, 2013 yilda mamlakat iqtisodiyoti 8 foiz o‘sgan.

Bu kabi o‘sishga ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, yangi turdagi, raqobatbardosh va qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish orqali erishilgani aytilgan.

O‘tgan yil sarhisobiga bag‘ishlangan hukumat majlisida esa Prezident Islom Karimov O‘zbekistonning 140 dan ortiq yirik sanoat va kimyo korxonasi zarar ko‘rib ishlayotganini aytgan.

Kasod bo‘lgan korxonalar orasida Toshkent Traktor zavodi, "Agregat zavodi", "Chirchiqqishloqmash", "O‘zpaxtamash" ochiq aktsiyadorlik jamiyatlari bor.

Rasmiy Toshkent mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab har yili mamlakat iqtisodi 8 foizdan o‘sib kelayotganini e‘lon qiladi.

8,8 foizlik o‘sish hozirda yirik sanoatlashgan mamlakatlarning o‘sishidan ham anchayin yuqori ko‘rsatkich.

O‘zbek rasmiylarining bu ma‘lumoti naqadar ishonchli?

Suhbatdoshimiz iqtisodiy tahlilchi Alisher Taksanov:

Alisher Taksanov: Menimcha, bu yerda O‘zbekiston hukumati erishishni istagan narsasini amaldagi voqelik, deya taqdim qilmoqda. Mana qarang, umuman olganda o‘tgan yil natijalari bo‘yicha statistik ma‘lumotlarni ishlab chiqish uchun 2-3 oy vaqt ketadi. Haqqoniy hisobot mart oyidan oldin chiqishi deyarli imkonsiz. Rasmiylar yanvar oyidanoq natijalar va muvaffaqiyatlar haqida gapira boshlagan ekanlar, iqtisodchi sifatida men buni shubha ostiga olaman. Bu birinchidan. Ikkinchidan, oxirgi yillarda O‘zbekistonda iqtisod diversifikatsiyasi o‘tkazilgan bo‘lsa ham aviatsiya zavodi kabi yirik ishlab chiqaruvchi korxonlarni yo‘qotdik. Aynan shu korxonaga o‘xshash butun boshli shahar tashkil qilishi mumkin bo‘lgan korxonalar qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlarni chiqarar edi. Bundan tashqari, Toshkent Traktor zavodi kabi korxonalar oqsab ishlayapti. Bu kabi sharoitda qanday qilib, bu kabi o‘sish sur‘atlari haqida gapirish mumkin.

BBC: Lekin evaziga GM-Uzbekistan kabi avtomobil ishlab chiqaruvchi yangi korxonalar ishga tushirilgan-ku?

Alisher Taksanov: Agarda "UzDEUavto" korxonasi faoliyatiga nazar tashlasak, uning mahsulotlari asosan Rossiyaga eksport qilinadi. Lekin u yerda ham bu mashinalar savdosi oxirgi vaqtda pasaygani haqida ma‘lumotlar bor. MDH davlatlaridan tashqarida esa bu mashinalar uchun deyarli bozor yo‘q. Boshqa tomondan, Asakadagi korxona bu asosan yig‘ish korxonasi. Asosiy ehtiyot qismlar, motor, elektronika va hokazolar hammasi xorijda ishlab chiqariladi va O‘zbekistonga olib kelib yig‘iladi, xolos. Bu kabi narsalarni O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarish uchun hozirda asos yo‘q, ayniqsa mutaxassislar darajasida. Chunki millionlab, asosan yuqori malakali mutaxassilar mamlakatni tark etganlar.

BBC: GM-Uzbekistandan tashqari ishlab chiqaruvi korxonlar ishga tushirilmaganmi O‘zbekistonda?

Alisher Taksanov: Ishga tushirilmagan demoqchi emasman. Lekin bu korxonalar asosan xomashyo ishlab chiqarish sohasida. Masalan, uran ishlab chiqarish sohasida, yoki oltin yo neft. Lekin bu ishlab chiqarish emas, qazib chiqarish-ku. Ha, ba‘zi metallurgiya korxonalari ishlab turibdi, lekin 20 yil avvalgi darajada emas. Shuning uchun men sanoat ishlab chiqarishida o‘sish borligini shubha ostiga olaman. Ko‘plab korxonalar bankrot bo‘lib yotgan sharoitda qanday qilib o‘sish haqida gapirish mumkin? Balkim kichikroq, yengil sanoat, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvi korxonalar ishga tushirilayotgandir. Lekin ular jiddiy o‘sishni ta‘minlay olmaydi. O‘zbekiston eksportining asosiy qismini xomashyo tashkil etadi, qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar emas.

BBC: Siz tilga olgan kichikroq korxonalar umumiy tarzda, birgalashib iqtisod o‘sishini ta‘minlayotgan bo‘lishi mumkin emasmi? Masalan Turkiya kabi davlatlarda kichik biznes va korxonalar iqtisodning anchayin yirik qismini tashkil qiladi, shunday emasmi?

Alisher Taksanov: Ha bo‘lishi mumkin. Lekin kichik korxonalar asosan yirik korxonalarga xizmat ko‘rsatadi. O‘zbekistonda esa bu kabi yirik, gigant korxonalar ko‘p emas. Agarda iqtisod o‘sishi rasmiy raqamlardagidek bo‘lganida, O‘zbekiston yirik sanoatlashgan mamlakat sifatida ko‘rilardi, lekin aksar tahlilchilar bunday fikrda emaslar. O‘zbekiston bozorlaridagi mahsulotlarga qarab ko‘ring, asosan Xitoy, Turkiyada ishlab chiqarilgan mahsulotlar. U yerda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bor bo‘lsa ham, rasmiylar aytayotgandek, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar emas.