Misrdagi to‘qnashuvlarda 49 kishi halok bo‘ldi

Image copyright AP

Misrdagi xavfsizlik kuchlari o‘ta kuchaytirilgan tayyorgarlik holatiga keltirilganlar, mamlakatdagi muxolif taraflar Husni Muborakning hokimiyatdan ag‘darilganining 3 yilligi munosabati bilan yurishlar tashkil qilgan.

Sobiq prezident Husni Muborak tarafdorlari ham, harbiylar dastaklagan hukumat dastaklovchilari ham ko‘chalarga chiqqanlar.

Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qilishicha, shanba kuni butun mamlakat bo‘ylab davom etgan muvaqqat hukumat muxoliflari va tarafdorlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda kamida 49 kishi qurbon bo‘lgan, 250 nafari yaralangan.

Ichki Ishlar vazirligi miltiq, Molotov suyuqligi va boshqa vositalar bilan qurollangan mingdan ortiq kishini hibsga olinganini aytgan.

Misrning muvaqqat prezidenti, Adli Mansur, o‘tgan yili prezident Muhammad Mursiy ag‘darilgach qabul qilingan rejaga muvofiq, prezidentlik saylovi parlament saylovidan oldin bo‘lib o‘tishini aytgan.

Uning bu so‘zlari armiya rahbari General Abdul Fattoh Sisiyning prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarni yanada kuchaytiradi.

Shanba kuni Qohiradagi Tahrir maydoniga to‘plangan minglab namoyishchilar uni prezidentlikka nomzodini qo‘yishga chaqirishgandi.

Bundan oldin Misr sobiq prezidenti Husni Muborakni ag‘darishga yetaklagan muxolifat namoyishlarining uch yilligi arafasida bir necha portlashlar sodir etilgan.

Qohirada yuz bergan uchta portlashda kamida besh nafar inson halok bo‘lgan va 70 nafardan ko‘proq inson jarohat olgan.

Muxbirlarning xabar berishlaricha, portlashlarda asosiy nishon politsiya kuchlari bo‘lgan.

Ayni paytda shahardagi politsiya binolari kuchli qo‘riqlanayotganligi aytiladi.

Husni Muborakni ag‘dargan g‘alayonlarning uch yilligi arafasida faoliyati taqiqlangan "Musulmon Birodarlari" harakati ham ommaviy namoyishlar o‘tkazishni rejalashtirganlarini aytganlar.

"Musulmon Birodarlari" harakat rahbari Muhammad Mursiyning o‘tgan yili prezidentlikdan kuch bilan chetlatilganidan va tez orada Misrda yangi konstitutsiya kuchga kirishidan norozi.

Yangi konstitutsiyaga muvofiq, yangi siyosiy partiyalar tuzish va diniy tamoyillarga asoslangan siyosatni yuritish taqiqlanadi.