Fathulloh Gulan 16 yilda ilk bor BBCga intervyu berdi

Amerikada yashaydigan kuchli ta‘sirga ega Turk ruhoniysi Fathulloh Gulan Turkiyadagi politsiya va prokurorlarga Turkiya hukumatining yuqori martabali mulozimlari korruptsiyaga botganini tekshirayotgan jarayonga hech qanday ta‘sir ko‘rsatmaganini aytgan.

AQShda o‘zicha hijratda yashayotgan Fathulloh Gulan iqtidordagi "Adolat va Taraqqiyot" partiyasining ayni tekshiruvlarga nisbatan munosabatini nodemokratik qadam deb atagan.

Islomiy "Xizmat" deb nomlangan xarakat yetakchisi janob Gulan oxirgi 16 yil mobaynida ilk bor televizion intervyusini BBCga bergan.

Fathulloh Gulen: Ular odamlarni bizning harakatimiz ulkan, deya qo‘rqitmoqchilar. Ular "Xizmat"ga xayrixoh bo‘lgan "Adolat va Taraqqiyot" partiyasining tarafdorlaridan xalos bo‘lmoqchilar. Gumonim shuki, ular korruptsiya hollarini tekshirishlardan o‘zlarining bizning harkatimizdan xafa ekanliklarini ko‘rsatmoqchilar. Balkim bu harakatlarga qo‘l urayotganlar kelajakda bundan afsuslanarlar. O‘tmishda ham shunday ishlar bo‘lgandi, keyin yuzga yaqin inson elektron maktub yo‘llab "bizning qilmishlarimizni kechiring, sizga nohaqlik qildik", deb yozishgandi. Harbiylar qudratda bo‘lgan yillarida ham shunday ishlar bo‘lgandi. Tarix o‘zini qaytarmoqda, bu qilmishlar va xatolar, ayniqsa yaqin o‘tmishdagai holatlar qaytarilmoqda. Bugungi qilmishlaridan afsus chekuvchi insonlar bo‘lishi bilan birga, o‘zi aytgan so‘zlarini qaytarib olish yoki o‘zgartirishga harakat qiladiganlar ham bo‘ladi.

BBC: Turkiya hukumatining oxirgi harakat va qadamlarini qanday baholaysiz?

Fathulloh Gulen: Bugungi kunda Turkiya hukumatining bizning harakatimizga qarshi harakatlari Turkiyaning o‘ziga ham zarar yetkazmoqda, deb ishonaman. Bu harakatlar AQSh va Ovro‘po Ittifoqining Turkiya haqidagi tasavvurlariga salbiy ta‘sir ko‘rsatadi. Chunki hukumatning bu harakatlari - aksildemokratikdir. Chunki hukumatning bu harakatlari qonunga ziddir. Buni hozir deyarli hamma aytayapti. Vaziyatni o‘zgartirish mumkinmi? Hamma narsani qayta yo‘lga solish mumkinmi? Bu oqil va adolatli bo‘lishga bog‘liq. Mening sog‘lig‘im yaxshi emasligi tufayli, hozirgi sharoitda harakatni himoya qilish uchun biron narsa deganim yo‘q. Va bu borada sukut saqlashga sodiq qolmoqchiman.

BBC: Turkiyadagi ba‘zilar sizdan farmoyishlar olayotganliklari haqida gapirishadi?

Fathulloh Gulen: Bu odamlar mendan topshiriq olmaydilar. Turkiyaning qaysi burchida, qaysi shahrida bo‘lmasin, hukumat korruptsiyaga qarshi amal qila boshlagan politsiya xodimlari, prokurorlar va hakamlarga qarshi harakat qila boshladi. Ularni uloqtirib tashladilar. Avval ham shunday ishlarni qilgandilar. Hukumat amallarini tekshirmoqchi bo‘lgan insonlarni hukumatning o‘zi tayinlagan. Yangi tayinlanganlar biron narsa qilmoqchi bo‘lsalar, men ishonamanki, hukumat ularni shu zahotiyoq o‘zgartirishga harakat qiladi. Hozirda ro‘y berayotgan narsalar buzg‘unchilik. Buning menga hech qanday aloqasi yo‘q. Avval aytganimdek, men tekshiruvlarni olib borayotganlarning mingda birini ham tanimayman. Buni men to‘liq ishonch bilan ayta olaman.

BBC: Turkiyadagi biron partiya bilan "Xizmat"ning yaqin aloqasi yoki tarafkashligi bormi?

Fathulloh Gulen: Biz hech qachon biron muayyan partiya bilan ittifoqdosh bo‘lmaganmiz. Qanday partiya bo‘lishidan qat‘i nazar. Bu narsa Millatchi partiyaga ham, Xalq respublika partiyasi , "Adolat va Taraqqiyot partiyasi", o‘ng qanot va ANAP partiyalariga ham taalluqli. Buning o‘rniga biz bu partiyalarning qilayotgan to‘g‘ri ishlarini qo‘llab-quvvatlashni o‘z insoniy burchimiz, deb bilamiz.