Qirg‘izistondagi amnistiya kimlarga nisbatan qo‘llaniladi?

Image copyright Human Rights Watch
Image caption Bo‘lajak amnistiya 2010 yil voqealarida ayblanib qamalganlarga qanchalik tegishli bo‘lishi haqida hozircha ma‘lumot yo‘q

Qirg‘iziston Prezidenti matbuoti xizmati xabar qilishicha, Almazbek Atamboyev Inson huquqlari deklaratsiyasining 65 yilligi munosabati bilan amnistiya haqidagi qonunga imzo chekkan.

Unga ko‘ra, taxminan yetti mingga yaqin mahbus ozodlikka chiqishi mumkin. Ayni paytda Qirg‘iziston qamoqxonalarida 15 ming kishi borligi aytiladi.

Amnistiya e‘lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi va yil o‘rtasigacha davom etadi, deb aytgan matbuot xizmati.

Avf etish qonuni voyaga yetmaganlar, 60 yoshdan katta erkaklar va 55 yoshdan yuqori ayollar, homilador va nogiron mahbuslar, shuningdek, og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etganlarga nisbatan qo‘llanilishi bildiriladi.

Amnistiyaga binoan, ba‘zi mahbuslarning jazoni o‘tash muddatlari qisqartirilishi mumkin.

Shuningdek, qamoqdan qochgan mahbuslar olti oy mobaynida jazoni o‘tash maskanlariga ixtiyoriy tarzda qaytsa, avf etilish qonuni ularga ham taluqli bo‘ladi. Bundan oldingi amnistiya 2011 yilda respublikaning 20 yilligiga bag‘ishdab o‘tkazilgan. Unga ko‘ra, to‘rt ming mahbus ozod qilingan. Ularning ichida bir nechta jinoiy avtoritet vakillari borligi aytilgandi.

Xalqaro kuzatuvchilar Qirg‘iziston qamoqxonalarida noinsoniy sharoit mavjudligi, mahbuslar shafqatsiz qiynoqlarga tutilgan hodisalar qayd etilganini bildirishgan.

O‘zbeklarga avf bo‘ladimi?

Bo‘lajak amnistiya 2010 yil voqealarida ayblanib qamalganlarga qanchalik tegishli bo‘lishi haqida hozircha ma‘lumot yo‘q.

Amnesty International - "Xalqaro Amnistiya" va boshqa ko‘plab xalqaro inson haqlarini himoya qilish tashkilotlari qirg‘iz rasmiylaridan "haqiqatni tiklash va minglab qurbonlar uchun adolatni o‘rnatish"ni talab qilib keladi.

"Xalqaro amnistiya"ning da‘vo qilishicha, "qirg‘iz hukumati iyun mojarolari haqida bir taraflama va noxolis yondashuvlarni bartaraf eta olmadi".

"Xalqaro Amnistiya" shuningdek mazkur mojaro va uning oqibatlari yuzasidan o‘tkazilgan hukumat tekshiruvlari va hibsga olishlarning xolisligini savol ostiga olgan.

O‘sh va Jalolobod viloyatlarida qirg‘iz va o‘zbek jamoalari o‘rtasida yuz bergan etnik to‘qnashuvlarda yuzlab insonlar halok bo‘lgan va minglab uy-joylar vayron etilgan edi.

Ikkala millatdan ham qurbonlar bo‘lgan, biroq ko‘plab xalqaro kuzatuvchilarning ishonishicha, qurbonlarning asksari o‘zbeklardir.

Qirg‘iziston hukumati hodisalar yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazishi ortidan o‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar, qiynoqlar va adolatsiz mahkamalar kuchaydi.

"Xalqaro Amnistiya" zo‘ravonliklarda ishtirok etganlik ayblovi bilan mahkamaga tortilganlarning deyarli barchasi o‘zbeklar ekanini ta‘kidlagan.

Qirg‘izistonda ro‘y bergan milliy nizolar payti yuzlab o‘zbek millatiga mansub kishilar soxta ayblovlar bilan qamalgan.

Ulardan bir qanchasi, jumladan inson haqlari faoli Azimjon Asqarov tartibsizliklarni uyushtirish va odam o‘ldirishda aloqadorlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingandi.