Luiza Zokirova: "Nargiz o‘zining o‘zbekligi bilan faxrlanadi. Sulolasining an‘analarini davom ettirishni istaydi"

Image copyright mytashkent.uz

BBC mehmoni - O‘zbek san‘ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Zokirovlar sulolasining yorqin vakilasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Luiza Zokirova.

Luiza Zokirova 1938 yilda Toshkentda tug‘ilgan.

U akasi Botir Zokirov bilan O‘zbek estradasi asoschilaridan biri bo‘lgan.

Botir Zokirov va Luiza Zokirova ijrosidagi qo‘shiqlar 1950-, 1960-yillarda nafaqat Sho‘rolar Ittifoqi, balki butun dunyoda mashhur bo‘lgan, hatto Qohira restoranlarida "Arab tangosi"dan oldin Luiza Zokirovaning "Namanganning olmasi"ni qo‘yish urfga aylangan.

O‘zbekistonda juda ko‘p oilalar aynan Luiza Zokirovaga havas qilib qizlariga uning ismini qo‘yganlar.

Shuncha mashhurlikka qaramasdan, Luiza Zokirova o‘zi va ijodi haqida gapirishdan tortinadi.

Bugungi aksar yoshlar uning faqat Nargiz Zokirovaning onasi ekanini biladilar, xolos.

Luiza Zokirova 1995 yildan buyon yolg‘iz farzandi Nargiz yonida - Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashaydi.

BBC mehmoni Luiza Zokirovaning mushtariylarimiz savollariga javoblari

Nodir, MoskvaAssalomu alaykum Luiza opa. Men Moskvada Nargiz Zokirovaga qiziqish qancha kattaligini o'tgan yil o'z ko'zim bilan ko'rib Zokirovlar sulolasi haqida yana kuchli eslatganidan, uzbekligidan faxrlandim. Nargizning O'zi o'zbekligidan faxrlanadimi yoki O'zini amerikalik yoki rossiyalik deb biladimi? Rahmat.

Luiza Zokirova: Menga bu savol juda ham yoqdi. Uning tashqi ko‘rinishiga qarab bugun ko‘pchilikda mana shu savol tug‘ilgan. Nargiz o‘zining o‘zbekligi bilan juda faxrlanadi. U nafaqat faxrlanadi, u Zokirovlar nomini saqlab qolishni, munosib sulolaning an‘analarini davom ettirishni istaydi. Qizim Nargiz birinchi o‘rinda o‘zini o‘zbek deb biladi. Bu balandparvoz so‘zlar, pafos emas, aslida ham shunday. U menga doim aytadi: "Ona, men Zokirovaman" deb.

BBC: Bizga savol yuborgan bir necha o‘quvchimiz nima uchun san‘atni tark etdingiz, ko‘shikchilikdan uzoqlashdingiz, deb so‘rashgan.

Luiza Zokirova: Juda ko‘p sabablar tufayli san‘atdan uzoqlashishimga to‘g‘ri kelgan. Bu sabablarning ayrimlarini ko‘pchilik oldida aytish odobsizlik bo‘ladi. San‘atkor bo‘lish - juda mashaqqatli mehnat. Biz - akam rahmatli Botir Zokirov bilan birga sahnaga chiqqanmiz. Biz o‘zimizni san‘atga bag‘ishlagan edik. Sahna biz uchun muqaddas bo‘lgan. Biroq men o‘zimning tabiatimdan kelib chiqib har doim omma ko‘z o‘ngidagi - "publichniy" odam bo‘lmaganman. Shuning uchun men ko‘zda tutilgan 25 yilni sidqidildan mehnat qildim. Bizning 25 yil ishlash va shundan keyin pensiyaga chiqishimiz mumkin edi. Men 1984 yilgacha ishladim va shundan keyin ketdim.

BBC: Bir necha o‘quvchimiz sizning bugungi O‘zbek estrada san‘ati haqidagi fikrlaringiz bilan qiziqishgan.

Luiza Zokirova: Men O‘zbek estrada san‘atini qiziqish bilan kuzatib kelayotgan edim. Men Yulduz Usmonova sahnaga chiqqanidan keyin, Ozoda endi-endi ko‘zga ko‘rina boshlagan paytlargacha kuzatib keldim. Undan keyin esa qiziqmay qoldim. Bu mening ochiq, shaxsiy ob‘ektiv fikrim. Men bugun ko‘rayotganim, tinglayotganim estrada qo‘shiqlarining aksarini bizning tushunchamizdagi O‘zbek milliy estrada san‘ati deb qabul qila olmayman. Ukam Farrux Zokirov yozayotgan musiqalarni men haqiqiy O‘zbek musiqasi deb bilaman. Boshqa ko‘p estrada qo‘shiqlarining musiqasini men o‘zbekcha deb aytolmayman. Meni yoshlar kechirishsinu, bu qo‘shiqlarni men O‘zbekcha deb qabul qilolmayman.

Bobitoy, Moskva

Bugungi o‘zbek san‘atiga nima yetmayapti, deb o‘ylaysiz?

Luiza Zokirova: Bundan oldin aytganimdek, klassik ijrochilik yo‘llarimizga amal qilmaslik yetmayapti. Men bu yo‘lga amal qilayotganlar qatoriga Sevara Nazarxonni keltirishim mumkin hozirda. U mumtoz yo‘nalishni estradaga uyg‘unlashtirgan holda kuylaydi. Men bu yo‘nalishni yuz foiz quvvatlayman. O‘zbek qo‘shiqlari ana shunday jaranglashi kerak. O‘zbekona ohanglar bilinib tursin. Turkcha yoki arabchaga o‘xshamasligi, farq qilib turishi kerak. Bundan tashqari matn to‘g‘ri talaffuz qilinishi lozim. Hozirgilar esa noto‘g‘ri talaffuz qilishadi. Bu masalan mening "qulog‘imni kesadi". Musiqa ham buning ustiga o‘zbekcha emas butunlay. Shuning uchun qo‘shiqchilikda ham matn ham musiqada klassik an‘analarga tayangan holda ish qilinsa, esda qoladigan asarlar yaratiladi deb o‘ylayman.

BBC: Sizga savol yuborgan Yoqub, Toshkentdan Madiyor, Tokiodan Rustam Nasimiy, Suxumidan Xursandbek Amerika Qo‘shma Shtatlariga ketib qolishingizga nima sabab bo‘lgan?- deb so‘rashgan.

Luiza Zokirova: Bizning yoshimizda birinchi navbatda albatta farzandingizning kelajagini o‘ylaysiz. O‘zingizdan keyin bolalaringiz, yaqinlaringizga nimadir yaxshi narsa qoldirishni o‘ylaysiz. Menda shu savol ko‘ndalang turgan edi o‘shanda. Ya‘ni, menda jarrohlik amaliyotidan so‘ng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytganda, masala hayot yoki o‘lim shaklida kuyilgandi. Ya‘ni, joy almashtirish, sog‘likni tiklash masalasi. Mening shifokorim Amerikaga borishim mening sog‘ligimga foydali bo‘lishini maslahat berdi. Biz o‘shanda hujjatlarni rasmiylashtirish arafasida turgandik. Turmush o‘rtog‘imning ukasi bu yerda turar edi. Va u ham bizning ko‘chib kelishimizni juda xohladi. Va bu paytda mening sog‘ligimni tiklash masalasi o‘rtaga chiqqanda, tabiiy erim ham, yaqinlarim ham ko‘chish kerakligini, Amerikada tibbiyot kuchli ekanini ta‘kidlashdi. Ayni paytda Nargizimda ham ijodiy jarayonida o‘zgarish bo‘layotgan paytlar edi. O‘sha paytlar faqat o‘zbek tilida kuylash kerak, degan talablar qo‘yildi. Albatta qizim ijodi to‘xtab qolmasligi, rivojlanishi uchun hamma narsaga tayyor edi. Lekin unda o‘zbek tilida kuylash uncha muvaffaqiyatli bo‘lmadi, men unga o‘shanda aytdim: qizim, o‘zingni ovora qilma, sen o‘zbek tilida ko‘ngildagidek kuylay olmayapsan, dedim. Bundan tashqari nevaralarimning kelajagini ham o‘yladik. Shuning uchun Amerikaga kelishga qaror qilganmiz.

Xursandbek, Suxumi. O‘zbekistonga borib turasizmi?

Rustam Nasimiy, Tokio. O'zbekistonga borib turasizmi?O'zbekiston haqidagi oxirgi taasurotlaringizni aytib bering, iltimos.

Luiza Zokirova: Ha, albatta borib turamiz. Har yil bora olmaymiz, har ikki yilda desam bo‘ladi. Men albatta Toshkentga borib kelaman. U yerda mening qarindoshlarim, mening jondan ortiq ko‘radigan ukalarim bor. Biz olti nafar edik, uchta qoldik hozir. Men ularga bog‘langanman, ular bilan muloqatda bo‘lib turishim kerak albatta.

BBC: Bir necha o‘quvchimiz hozir ham qo‘shik aytasizmi, deb so‘rashgan.

Luiza Zokirova: Yo‘q, 1984 yilda kuylashni to‘xtatganimdan so‘ng, aytmadim.

Guli, Uzbekiston

Siz Botir Zokirov bilan juda ko‘p qo‘shiklarni juda zo‘r ijro etgansiz. "Mechali" qo‘shig‘idan ozgina xirgoyi qilib bera olasizmi?

Luiza Zokirova: Savol bergan bechora, yaxshi singlimning avvalgi tasavvurlarini yo‘qotmaslik uchun xirgoyi qilmay qo‘ya qolay.

Madiyor, Toshkent

Assalomu aleykum, Siz USA ketib nimalar topdingiz yoki nimalar yo'qotdingiz?

Luiza Zokirova: Bu haqda uzoq gapirish mumkin. Lekin qisqa qilib aytsam, mening yoshimda o‘z hayoting haqida emas, farzandlaring, nevaralaring kelajagi haqida o‘ylarkansan. Ular oldilariga qo‘ygan maqsadlari yo‘lida og‘ishmay harakat qilib, niyatlariga yetsalar. Bu yerda imkoniyatlar juda katta. Shuning uchun bugunga kelib Amerikada yashayotganimdan afsuslanmayman. Men buni o‘zim tanladim. Qizim Nargiz, uch nevaram o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlariga yetdilar, yetyaptilar. Menga yaxshi tilak bildirganlarning hammalariga niyatlariga yetib yurishlarini tilab qolaman. Men o‘z mehnati, umid, ishonchi bilan maqsadiga yetishadiganlarni hurmat qilaman, yaxshi ko‘raman.

Toxir,"Mahallada duv-duv gap" fil'midagi qo'shiqlarni kuylaganmisiz?

Luiza Zokirova: "Seni izlab Zulfiya" filmida men bosh qahramon uchun kuylaganman. Muhabbat Shamayeva boshqa qahramon uchun qo‘shiq aytgan.

BBC: Bizning elektron pochtamizga xat yuborgan Olimbek, Xollandiyadan Zafar, Rossiyadan Vakil sizning diniy e‘tiqodingiz bilan qiziqishgan, Nargizning tashqi ko‘rinishi haqida so‘rashgan.

Luiza Zokirova: Oyim rahmatli dinga juda amal qiladigan, e‘tiqodli inson edilar. Qur‘onni o‘qir edilar, yod bilar edilar. Shunday voqea bo‘lgan. Akam Botir Moskvadagi kasalxonada o‘pkasini operatsiya qilishganida, bu amaliyot davo keltirishi anik bulmagan. Akam bu operatsiyadan tirik chiqishi xam, chiqmasligi xam mumkin edi. O‘sha kuni onam Moskvada bo‘lganlar. U yerda masjid topolmay, cherkovga kirganlar. "O‘g‘limga sog‘lik ber", deb Allohga iltijo qilganlar. Botir akam sog‘ayib uyga qaytganidan keyin bizga buni gapirib bergandilar, "Xudo bitta, mening cherkovda qilgan ohimni eshitib bolamni qaytarib berdi", der edilar. Men ham shu fikrga amal qilaman shu kungacha. Xudo bitta, uni nomini odamlar har xil aytishadi. Va men doim odamlarning ko‘nglini olishga, ko‘ngillarini og‘ritmaslikka harakat qilaman. Albatta har bir kishining e‘tiqodi bo‘lishi kerak deb bilaman. Oyim aytardilar, yomonlik qilmanglar bolalarim, yomonlik qaytadi baribir bir kun, deb. Nargizimning ko‘rinishi uning ichki dunyosiga ta‘sir qilmaydi. Bu shunchaki shakl. Inson mukammal emas, hammaning aybi bor. Savol beradiganlar ham o‘zlarini har tomonlama mukammal deb biladimi? Dunyomizdagi urushlar insonlar bir birini tushunmaganidan kelib chiqayapti. Biz mukammallikka qarab boramiz. Nargizim judayam mehribon, ko‘ngli toza inson. Xudoga shukur. Uning tatuirovkalari, sochi yo‘qligi o‘ziga yoqadi. Aynan shu ko‘rinishda u o‘zini erkin his qiladi. Bundan tashqari bu uning shaxsiy hayoti.

BBC: Muxlislaringiz va mushtariylarimizga qanday tilaklaringiz bor?

Luiza Zokirova: Odamlar o‘zlarining tanlagan yo‘llarida qat‘iy ishonchli bo‘lsinlar. Ular o‘zlarining harakatlari bilan yaxshilikni olib yursinlar. Odamlar bir birlarini eshitsinlar, hech bo‘lmaganda o‘z atrofidagi yaqinlarining ko‘ngliga yo‘l topsinlar, e‘tiborli bo‘lsinlar. Hamda bugun nimaga ega bo‘lsalar, uning qadriga yetsinlar, o‘z niyatlariga yetishish uchun intilishdan to‘xtamasinlar, deyman. Bu juda uzoq yo‘l va undan qo‘rqmaslik kerak.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

(Davomi bor)