"Murod Jo‘rayevning ozodlikka chiqishidan umid bor"

Image caption 61 yoshli Murod Jo‘rayev 20 yildan buyon O‘zbekiston qamoqxonasida qolmoqda

Toshkentdagi Mustaqil inson huquq himoyachilari tashabbus guruhining 2014 yil 7 yanvarda O‘zbekiston Ichki Ishlar vazirligining Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi rahbari nomiga qilgan murojaatidan so‘ng, Chirchiqdagi UYa 64.6 jazoni o‘tash koloniyasida muddatini o‘tayotgan siyosiy mahbus Murod Jo‘rayev bilan uchrashishga ruxsat berilgan.

Mustaqil inson huquq himoyachilari tashabbus guruhi press-relizida aytilishicha, 2014 yil 24 yanvar kuni Murod Jo‘rayev tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov va ekspert Anvar Karimov ikki soat mobaynida uchrashganlar.

Sur‘at Ikromovning BBCga aytishicha, Murod Jo‘rayev ozib ketgan, tishlari tushgan, o‘z yoshidan katta ko‘rinadi.

Murod Jo‘rayev sog‘ligi haqida gapirib, 2012 yildan buyon qon bosimi muntazam oshib turishini aytgan.

Qamoqxonadagi sharoitni Murod Jo‘rayev qoniqarli degan.

U mahbuslarga uch mahal ovqat berilishi, kutubxona, televizor borligini aytgan.

Unga ko‘ra, mahbuslar g‘isht zavodida ishlashadi, o‘zi nafaqa yoshiga yetgani sababli ishdan ozod qilingan.

Huquq faollarining "qamoqxonada qiynoqqa tutildimi?" degan savoliga Murod Jo‘rayev o‘zining oxirgi qamoqxonada qiynoqqa tutilmagani, lekin 19 yil ichida turli qamoqxonalarda, ShIZO va bir kishilik kameralarda qiynoqlarga duch kelganini gapirib bergan.

Huquq faollariga qamoqxona hududida suratga tushirish va videoga olishga ruxsat berilmagan.

Lekin qamoqxona xodimlari tomonidan ikki soat ichida suratlar olinib, tsenzuradan o‘tgach huquq faollariga yetkazilishi va suratlarni internetda e‘lon qilishlari mumkinligi bildirilgan.

Mustaqil inson huquq himoyachilari tashabbus guruhining rahbari Sur‘at Ikromov Murod Jo‘rayev tez orada ozodlikka chiqishiga umid qilayotganini aytadi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Siyosiy tutqun

Bugungi kunga kelib Murod Jo‘rayev mustaqil O‘zbekiston tarixida qamoqda eng uzoq vaqt qolayotgan siyosiy tutqunga aylangan.

61 yoshli Murod Jo‘rayev 20 yildan buyon O‘zbekiston qamoqxonasida qolmoqda. 1994 yilda u hokimiyatni ag‘darishga urinishda ayblanib hibsga olingan va mol-mulki musodara etilib, 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

O‘zbek maxsus xizmatlari Murod Jo‘rayevni 1994 yilda Qozog‘istonda tutib o‘g‘irlab kelganlar va 1995 yil fevralida uning ustidan hukm o‘qilgan.

Murod Jo‘rayev qamoqxonada o‘ziga qiynoqlar qo‘llanilganini aytgan.

20 yillik mahkumlik oqibatida Murod Jo‘rayev salomatligiga jiddiy putur yetgan.

1980 yillarning ikkinchi yarmida Murod Jo‘rayev Qashqadaryo viloyatidagi Muborak shahar ijroiya qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan, bu yillarda Prezident Islom Karimov Qashqadaryo viloyatini boshqargan.

Murod Jo‘rayev hali Boris Yeltsindan ham ilgari kommunistik partiyaning Muborakdagi boshlang‘ich tashkilotini tarqatib yuborgan.

U 1990 yilda saylangan O‘zbekiston parlamenti deputati bo‘lgan.