Shahodat Ulug‘. Jayhun epkinlari - roman

Shahodat Ulug‘ (Ulug‘ova) – 1970 yilda Nurota shahrida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tamomlagach, ToshDU jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Bir necha nasriy kitoblar muallifi. Yozuvchining e‘tiboringizga havola etayotganimiz – Xorazmshohlar saltanati tarixidan, ulug‘ sarkarda Jaloliddin Manguberdining jasoratlarga to‘lug‘ hayotidan hikoya etuvchi romani adabiyot ixlosmandlari tomonidan iliq qarshi olinmoqda. Aziz mushtariy, jozibali uslubda bitilgan ushbu asarni Sizga ham sog‘indik, uni mutolaa qilish barobarida Siz ham yurtimizning shavkatli o‘tmishiga yana bir karra oshno bo‘ling.

Pok “Ixlos” ichida Ulug‘ Tangriga yukunib boshlayman...

Muallifdan:

Jaloliddin o‘lim qutqusini pisand qilmasdi; bu ojiz hisni u yo‘qlik qa‘riga uloqtira olgandi. Aslida qo‘quv unga chikora edi. Illo, qaltis vaziyat ichida bitilgan taqdiri yolg‘iz Ollohning izmida edi. Garchi botmon-dahsar yukni yelkasiga ortgan esa-da, Jaloliddin o‘zidan ko‘ngli to‘lib yurardi.Men birdan o‘zim bilan o‘zim chiqisholmay qoldim... Allaqanday mahobat ichra yo‘qlik qa‘riga singib borardim. Aslida faromush edim va savdoyi quyunlar raqs tushmakda edi mening ichimda.Ichimdagi bu quyunlar meni qoqib tashladi...Vatan, Ona yurt jamoli... Sog‘inchdan ko‘ra qo‘msash kuchlilik qildi. Ayni chog‘ shu favqulodda holimda men butun hayotimni yashab tugatib, Jaloliddin hayotiga ko‘chib o‘tdim. Illo, Ona yurt tuprog‘ini ko‘zga surtish mening-da orzuim edi...Yigitlik quvvati bilaklariga sig‘may qaynab-toshgan, shiddati esa yelkalarida bo‘rtib chiqqan Jaloliddin tahlikalarga to‘lug‘ hayotini yashab o‘tardi. Davri davron dorulsaltananing, Pomiru Tiyonshongacha, Fors ko‘rfazidan Firot va Dajla daryolari qadar o‘z ta‘sirini yoygan Xorazmshohlar saltanatining so‘nggi hukmdori - Jaloliddinning ruhiy quvvati va shijoati qarshisida hatto yengilmas Chingiz-da dong qolgan edi. Men esam baayni uning hayotini ichimda tashib yurgandek edim. Yashirib nima qildim, uning jasoratlarga to‘lug‘ hayoti mening nuray boshlagan devorlarimni o‘nglab qo‘ygandi. Uning kabi qat‘iyat sohibi, uning kabi o‘z e‘tiqodiga sodiq vatanparvar, uning kabi akobir va ruhiy quvvati zo‘r, ma‘naviy dahoci har dam, har qachon peshonamga yurtim epkinlarini purkagan Zotni hali ko‘rgan emasdim. Shuni anglab yetgan lahzalardan boshlab, men ojiza o‘z hayotimni butkul unutib, uning hayoti ila yashay boshladim.Men bunday paytlarda o‘zimni tamom boshqacha sezaman. Aniqrog‘i - chinakamiga yashay boshlayman. Chindan o‘z hayotimni unutib, uning hayotini yashay boshlagan edim. Va bu g‘ayritabiiy holdan sira qutula olmadim. Anglaganim shuki, mening bu holatim hali juda uzoq davom etgusi...

1. Dolg‘a ichidagi darg‘a

Oldinda ot surib ketayotgan xos navkarlar shamollar qutqusini pisand qilmasdi. Ularning nafari yetti edi. Yetti nafar harb qalqoni... Har biri-da yelkador, chayir va ham bilaklari botmon kabi yo‘g‘on. Eldegiz, Tolib Sarbon, Subhonquli, Dovudo‘g‘li, Sobitqoya, Holid Zamon va Badr Urxon... Ularning har biri o‘z ismini savash maydonida mislsiz jasorat tufayli qo‘lga kiritmish. Ularning har biri ayricha va barchasi barobariga Jaloliddinga toabad sodiq navkar edi. Narida Jaloliddin, O‘zloqshoh, Gursanjti, ularning ketida esa bir tuman sarboz shahzodalarni qo‘rib borishardi. Otlar tumonatidan o‘rlagan to‘zon ortda qolib ketdi. O‘zi bilan o‘zi chiqisholmay qolgan biyobon otlar dupurini pisand qilmas, chunki daydi quyun raqs tushardi uning qo‘ynida. Sarbozlariga darg‘a bo‘lib ot surgan Jaloliddin quyun qo‘pgan dolg‘a ichida jim ketar edi. Holbuki u bu dimog‘dor epkinlar mahobati ichra tutdek to‘kilib, yo‘q bo‘lib bormasmidi?! Xuddi telba shamol kabi isyon ko‘targan ko‘ngil xarobalarida uning o‘zi xor emasmidi?! Begunohlarning qonini beayov to‘kkan, hatto beshikdagi go‘daklarga shafqat qilmagan Chingiz Movarounnahr kentlarini zabt etgan edi... Bu qirg‘inbarot ishg‘ollar Jaloliddin jismi jonida gulxanlar yoqdi, bu olov tillari uning joniga azob berishini qo‘ymasdi. Aslida u o‘z hayotini yashab o‘tmayotgandek edi. Va uning bu dilgir holi kishida tushkun kayfiyat o‘yg‘otar edi. Atrofidagi dasht ham, biyobon ham xuddi uning kabi ko‘rimsiz edi. “Chig‘atoy qamal qilgan O‘tror nega bu savashdan omon chiqmadi? Yo‘qsa qal‘a himoyasi uchun yetarli kuch tashlanmadimi?” Bu o‘y uni omon qo‘ymadi. Ordan ko‘p o‘tmay Jo‘ji Sayhun etaklarini zabt etdi. Binokat va Xo‘jand Oloqno‘yon hamda Suketu Cherbi sarhang tomonidan egallandi. Movarounnahr yuragi - Maroqand, Buxoro va Gurganjni mahv etishni esa Chingiz o‘z ma‘suliyatida qoldirdi. Jaloliddinning nur shimgan peshonasi oftobda tirishdi. Tomirlari uzilib, go‘yo unda tiriklik qoni to‘xtab qolgandi. Shunda u birdan hushyor tortdi. Qirg‘og‘idan toshgan to‘lg‘ama, jon qonatgan uqubat, hatto o‘z vujudi yuragiga mustabid chiqdi. Uning ko‘z o‘ngida qilich qayragan muhoraba o‘lim manzarasini chiza boshladi... Qamal qilingan shaharlar tashqi olamdan mutlaq uzilib, otasining kuchlari butkul qirqildi va shunda u ayanchli intihoni anglab yetdi. Buxoro o‘t ichida yondi! Maroqand halokat yoqasida qoldi. Chingiz bir hamla bilan uni egalladi. Jaloliddin og‘rinib atrofiga qaradi. Oldinda ketayotgan Eldegiz yana otiga qamchi soldi. Isitmasi oshgan qum o‘pqonlari esa otlar dupuri ostida shig‘illab oqar edi. Endi savdoyi shamol tingan va biyobon tinchib qolgandi. Ammo har tarafini mustamlaka o‘lik sukunat o‘rab olgandi. Bu juda tahlikali hol edi. Va vahm qo‘zg‘ardi kishida. Atrofni chulg‘agan sukut choyshabi Chingiz josuslarini o‘z domida yashirgandek. Xonning xufyalari go‘yo qum o‘pqonlari qatida pusib, xiyonatkor nigohlari bilan sulton Muhammad Xorazmshoh va shahzoda Jaloliddin bosgan har qadamini kuzatuv bilan mashg‘ul edi. Shahzoda allaqanday tarqamas kuyit domida o‘rtandi, ichida qo‘zg‘olgan dovullar uni beomon qiynadi. Otasining o‘z joni tashvishida pana-pastqamda pusib yurishi g‘animiga qo‘l keldi. Bu hol shahzodaning sabrini nihoyasiga yetkazdi. ”Bu butun Movarounnahrni Chingiz qo‘liga o‘z ixtiyori bilan topshirib qo‘yish emasmi?!” Shu kabi zulmkor o‘y uni iskanjaga oldi. Qo‘llari ot tizginini mahkam ushlab ketayotgan esa-da, xayollari Dasht shamollarida sovurilib borardi. Shu tob onasining aytganlari esiga tushdi: “Yog‘iy qilich qayrab turgan tahlikada saltanat darg‘asiz qoldi. Yurtni qo‘rishga sen haqlisan. Hali kech emas. Yovga yon bosma! Qilichingni qo‘lingda mahkam tut, o‘g‘lim!” Hayotda shunday xatarli onlar bo‘ladi, ko‘nglingda kechganini birovga aytishga botinolmaysan. Hijolat chekasan. So‘ng xavotir ustiga jon titratgan xavf yovdek bostirib kiradi. O‘sha xatar joningni olov gulxanida yoqib boradi. Bu gulxan, bu otash seli nega sira so‘nmaydi? Kecha u juda noxush tush ko‘rgandi... Atrofni qiyomat qo‘pgan edi. Mo‘g‘ul galalarining qiyqiriqlari esa olamni tutib ketgan. Chingizxon borliqni jahannam o‘tida kuydirib, Movarounnahr ahlini poyiga tiz cho‘ktirdi. Oldinda shahzodalar, keyinda volida Turkon, uning yonida taqvosini ko‘ksida quchgan sultonning tanho va suyukli qizi Xon Sulton, narida esa ahli ayollari saf tortgan edi. Quyida Xorazmshohning joriya va g‘ulomlari bu sahroyi xon poyida tiz cho‘kishdi. Ammo ne tong, ne ishtibohkim asir olinganlardan na sas, na sado chiqdi. Chingiz bu ne hol ekanini surishtirgan chog‘ xos navkari uning qulog‘iga shivirladi: - Tili uchida beomon aylanib, so‘ng ichkariga qaytib ketgan bir muborak so‘zni alar yuraklari qatiga yashirg‘on. Bundan g‘azablangan xon ularning ko‘ksini o‘yib, yurak qatiga yashiringan bu qay so‘z ekanini bilishni ixtiyor etdi: - Alarning ko‘ksini yorib, yuragini qo‘poring, toki qa‘rida qay so‘z yashirin ekanini ko‘zlarim ko‘rsun! Avval g‘ulomlarning, keyin joriyalarning yuraklari ko‘kragidan o‘yib olindi, so‘ng Sultonnning ahli ayollariga navbat keldi, so‘ngra esa Xon Sulton yuragi qattol qo‘lida beomon qonadi. Va yakunida volida Turkon Xotunning ko‘ksi qo‘porildi. - Ulug‘ Xon, tanho Xotun yuraksiz chiqdi.- deya ma‘lumot berdi Turkon ko‘ksini yorib, yuragini qo‘porgan qattol. Alalxusus bu hodisadan Chingizxon dong qotdi. Turkon Xotun yuraksiz edi. Ular yuz nafar muslim edi. To‘qson to‘qqizning yuragida Olloh ismi yashirin edi. Faqat Xotun yuraksiz edi. Tanho Turkon Xotun yuraksiz chiqdi.

2. Xorazmshoh talvasasi

Jaloliddin tushining xotimasi juda ayanchli ekanini anglab, azob ichida qoldi. Huzuriga bostirib kelgan o‘lim sharpasi bilan yuzlashgandek edi, ammo umid qalqonlari qo‘l cho‘zib turardi. O‘sha umid uni xatardan omon saqlab qolgandi. Yo‘lida qayta ko‘rinmoq uchun yo‘qolib borayotgan sarob o‘z tilsimini yana namoyish etish uchun to‘lg‘ona boshladi. Sarob qalqigan yo‘lining esa adog‘i hech ko‘rinmas edi. Bu yo‘llarda tortgan azoblar esa hech arimasdi. Hayotda shunday quyoshsiz va dilgir kunlar ham bo‘ladi. Va inson bunday kunlarni hech unutolmaydi. Ammo yo‘llar adoqsiz, buning ustiga so‘qmoqsiz ko‘rinsa-da, kishini mudom to‘g‘ri yo‘lga yetaklab boradi. Ufq osha yoyilgan quyosh tikka ko‘tarildi. Zavol bilmas epkinlar esa Dashtga o‘zini dahldor sezib esaverdi. Shunda Jaloliddinning ko‘z o‘ngida shamol oqimiga qarshi ot surib, g‘animidan qochib borayotgan otasi ko‘rindi. U juda jonsarak edi. Xorazmshoh talvasa ichida edi.

Maroqand halokati otasini tahlikaga solgandi. Muhorabalarda mudom zafar quchgan Xorazmshoh halokat neligini ilk bor yuragidan o‘tkazdi. Bir siltov uni tutdek to‘kdi. Bu siltov xarob holiga muvofiq tushib, uni yerparchin qilib yubordi. Aslida qirg‘oqlaridan toshgan ayni shu sarosima Movarounnahrning parokandalanib, ayovsiz mahv etilishiga sababchi bo‘lmadimi?! Sulton o‘z saltanati atrofida qaror topgan vaziyatni og‘ir-bosiqlik bilan mushohada etib, muvofiq chora topa bilmadi. Qalbida xorazmshohlar qo‘ri-quvvati so‘nik, g‘ujursiz bu shahanshoh muhtasham dorulsaltana kalitini mo‘g‘ullar ixtiyoriga o‘z qo‘llari bilan topshirib qo‘ymadimi? Undagi bu sustlikni tepadan qulab tushgan kimsaning karaxt holiga mengzash mumkin edi. Sultonning ayni mana shu holi Chingizga qo‘l keldi. O‘shanda xufyalari unga xabar olib kelishgandi. - Ulug‘ Xon, bir qoshiq qonimdan kechsangiz, sizga bir xabarni yetkazgum! - Darhol so‘yla.- g‘ijinib amr etdi Xon. - Xorazmshoh xos lashkarlari qurshovida Jayhunning narigi qirg‘og‘iga o‘tib ketmish. Maroqandning mahv etilganini eshitib, tahlikada qolgan sulton xos lashkarlari qurshovida omonlik uchun manzil istamoqda edi. Chingizxon o‘ttiz ming lashkarga Jebi hamda Subutoyni boshchi etib tayinladi: - Xorazmshohni tiriklayin qo‘lga kiritgaysizlar, aning bilan hisoblashadigan ayricha hisobim bordur! Chingiz galalari sultonni ta‘qib etib Jayhun qirg‘og‘ida muttasil izg‘idi.

3. Shumxabar

Xorazmshoh ko‘nglini halovat tark etgan, ayni paytda unga jon tashvishi barchasidan afzal edi. Ichkari oshyonning eshigi ochilib, jarchining ovozi eshitildi: - Diqqatli bo‘ling, sulton Muhammad Xorazmshoh onhazratlari! Atrof suv quygandek jim-jit edi: shahanshoh huzurida tizilgan saroy a‘yonlari qulliqda bosh egdi. Nihoyat, Xorazmshohning zalvorli qadamlari eshitildi. Sulton shahdam qadamlar bilan to‘ridagi taxtga borib o‘tirdi, ammo uning hovuri past, ko‘zlaridagi cho‘g‘ esa so‘nik edi. Og‘abegi Xumor Ag‘u allanechuk bir xavotir ichida sultondan azmoyish oldi. Ko‘rdiki, sulton jisman tetik ko‘rinsa-da, ruhan singandi. Yuzi so‘lg‘in shohning qorachig‘ida esa sovuq qo‘rquv zohir edi. O‘sha qo‘rquv ko‘zlari shishasida mung bo‘lib qotib qolgandi. Lashkarboshi jur‘atsiz alfozda ko‘zlari yer chizgan holida turardi. - Og‘abegi Xumor Ag‘u?! - Xorazmshohning bo‘g‘iq ovozi oshyonaning shiftlariga borib urilib, so‘ng atrofga qaytdi. Lashkarboshi hali ham tili kesilgan ko‘yi tek qotib turar edi. - Sanga ne bo‘lgan, og‘abegi?! Xorazmshoh ko‘zlarining qiri bilan unga nazar tashlar ekan, gapirilajak mavzu nihoyatda muhim ekanligini his etib jahl bilan: - Yaqinlash, Xumor Ag‘u, anglat! - deya amr etdi. - Bir mavzu bordir onhazratim, unin yuzindan ... - Qulog‘im sendadur. - Faqat buni qay yo‘sinda aytmoqni bilmayotirman... Xorazmshohning sabri chidamay o‘shqirdi: - Na bu hol? Darhol so‘yla! - Bir qoshiq qonimdan keching, shahanshohim. Hijolat ichidaman. – Xumor Ag‘u peshonasida unib chiqqan shudringlarni sidirib, keyin sultonga qaradi: - Onhazratim! G‘azabingizga duchor etmang mani! Na bo‘lganin anglataman!- tomog‘iga nimadir tiqilgan kabi og‘ir yutinib, keyin yana gapira boshladi: - Chingiz Sizning bul tomonlarga Jayhun kechib o‘tganingizdan xabar topmish. - Ya‘ni... - Ul battarin xon Subutoy va Jebini boshchi etib, sanoqsiz lashkarlarini Sizning ketingizdan jo‘natmish. Xorazmshoh o‘tirgan joyidan turib, oshyonaning u yog‘idan bu yog‘iga borib keldi. Xumor Ag‘u sulton ketidan itoatkorona ergashdi. Sulton orqasiga qayrilmay so‘zladi: - Xo‘sh, undan keyin? - Xon alarga Sizni tiriklayin tutib kelmoqni buyurmish. -... Xumor Ag‘u jimib qolgan sultonga boshqa gapirmoqqa o‘zida jur‘at topolmay, tilini tishlab qoldi. Xorazmshoh hali ham oshyonaning to‘rida, orqasiga qayrilmay devorga tikilgan ko‘yi dili g‘orat, parishon turar, nigohlari qo‘nim topa bilmay tentirar edi. Nihoyat u yurib borib, taxti ravonning yonida to‘xtadi, ammo qaytib joyiga o‘tirmadi. Bezovta va asabiy bir tarzda u yoqdan bu yoqqa borib keldi. Xorazmshoh xayolan so‘zlandi: “Ey vohlar bo‘lsin tag‘in! Man daryodan judo, Jayhun oqar motamsaro...” Daryo kechib Xorazmshoh qulog‘iga yetib kelgan shumxabar a‘zoyi badanini muzlatdi va sulton karaxt holda qoldi. A‘yonlar qatorida qo‘l qovushtirib turgan dobir Imod al-mulk Tojiddin Jomiy so‘zladi: - Zudlik bilan ehtiyot choralarini ko‘rmoq joizdur, shohim. Xorazmshoh amr etdi: - Ogoh bo‘ling! Barcha zudlik bilan mashvaratga chorlansun! - Amirlariga muntazirmiz! Xumor Ag‘u sultonning yoniga itoatkorona yetib keldi. Xorazmshoh unga qarab farmon etdi: - Diqqatli bo‘l, og‘abegi! - Buyuring, shahanshohim! Amr eting, illo ikki qulog‘im Sizdadur. - Jamiki saroy a‘yonlari, shahzodalarni ogoh et, illo ertangi kun huzurimda bo‘lsinlar! - Amrlari bosh ustina, shahanshohim! Ne lozim bo‘lsa, tadorigin ko‘rgaymiz! - Ilovatan, bir ko‘zing qo‘shinlarda, bir ko‘zing daryoda bo‘lsin! - Amr etganingizdek, shohim!

4. Uyqusiz kecha

Sulton kibrga ortiq berilganini his etdi, ammo endi kech tushgan, bu zulmat qorong‘uligida kunduz kunga yetmoqlik dushvor edi. Ammo juda olislarda bir umid shami elas yonib turardi... Ufq chetida chiroy ko‘rsatgan oy mag‘rib tomon indi, tun esa ikkinchi yarmiga qarab og‘di. Sulton yotgan joyidan ilkis turib ketdi. Keng va muhtasham oromxona shamlar yorug‘ida charog‘on edi. Sulton salomxonaga o‘tdi. Koshonaning poyonida mudroq turgan eshik og‘alari sergaklangan, ular Xorazmshohga qaramoqqa jur‘at etmasdan qulluq qilgan ko‘yi qimir etmay, haykal misol qotib turardi. Sulton ularga qarata amr etdi: - Ketmoqqa ruxsat, bo‘shsizlar! Ular ortga tisarilib, chiqib ketishdi. Xorazmshoh yolg‘iz qoldi. Ich-ichidan bir azob jonini siquvga olib, toshib keldi. U talvasa ichida og‘ir yutindi, qo‘llarini peshonasiga olib borib, og‘ir uh tortdi. Tole‘siz shoh o‘z xotimasi ayanchli ekanini his etib titradi. Qa‘rida mislsiz, hech ado bo‘lmas dard qo‘zg‘algan edi uning. Hayajonini bosmoq uchun og‘ir yutundi, so‘ng yuzini so‘l tomonga burdi. U g‘iltillagan alam va o‘kinch yoshlarini sidirib tashlar ekan, boshidan to‘pig‘iga qadar qo‘zg‘algan titroqni bosish uchun mushtini tugdi. Uning bu holi Xorazmshoh erkiga sira qovushmasa-da, qaddi og‘ib, bir kuch uning ko‘z yoshlarini sog‘di. Uning qayg‘usi mislsiz edi. Bu - inqirozga yuztuban tushgan Xorazmshoh halokati edi aslida. Hukmdor qudrat va shavkat sohibi bo‘lmog‘i uchun hokimiyatni qattiqqo‘llik bilan boshqarishi lozimligini anglagan, ammo unda adolat hissi yetishmas edi. Unda qat‘iyat yetishmas edi. Ko‘z ilg‘amas olislardagi yurtlarni-da o‘z zabtiga olgan bu saltanat sarhadlari butun Ovrupa hududiga teng kelarli darajada kengaygan edi. Salb yurishlari davrida G‘arbiy Ovrupa davlatlarining umumiy qo‘shini ellik ming sara askardan tashkil topgan bir paytda Xorazmshoh ixtiyoridagi to‘rt yuz ming askar uning amriga shay turardi. Ammo culton o‘z vorislarini saltanat boqiy gullab yashnashi uchun bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihat yashamoqqa o‘rgatmadi... Dorulsaltanada qabohat va zulm avj oldi. Yovvoyi qabilalarni jamlab, butun hududni birlashtirgan Chingizxon esa uni boshidayoq dog‘da qoldirdi. U Xitoyni zabt etgan edi. Qoraxitoylar esa Qushluq boshchiligida Chingizxonga qarshi isyon ko‘tardi. Xorazmshoh qoraxitoylarni dastaklab, ularga yashirin qo‘llov jo‘natdi. U shu yo‘l bilan Movarounnahr so‘l qanotini mo‘g‘ul changalidan tozalab, Chingizxonning sharqqa bo‘lgan da‘vosiga chek qo‘yish ilinjida edi. Ammo Chingiz yigirma ming lashkar bilan isyonni ayovsiz bostirdi. Bu hol Xorazmshohni jiddiy tashvishga soldi, boz ustiga onasi Turkon o‘z qavmidan bo‘lgan ko‘p sonli qipchoqiy sarbozlariga tayanib, o‘g‘liga qarshi fitna uyushtirdi. Bu fitnadan omon chiqqan sulton baribir tahlikada edi, chunki uning paytavasiga qurt oralagandi. U lashkarboshilari orasida o‘ziga qarshilari borligidan gumonda yurgan, fitnadan so‘ng esa unga barchasi ayon bo‘ldi. Endi u o‘z lashkarboshilariga ishonmay qo‘ydi. Sulton mavqeini saqlamoq uchun qo‘shinni bir necha qismga bo‘lib, Movarounnahrning turli hududlariga jo‘natdi. Natijada qudratli kuchga ega bo‘lgan qo‘shin Chingiz bosqini arafasida parokandalanib qoldi. O‘tror voqeasi esa Chingizning Movarounnahrga yurishiga zo‘r dastak bo‘lgandi.

5. Jon qayg‘usi

Kecha oqshom mavjlanib chiqqan oy mung‘ayib botdi. Tong otgach, shamol ham atrofga vahm solib qo‘zg‘aldi. O‘qtin-o‘qtin to‘zon ko‘tarilgan chog‘ sovurilgan bargi xazonlar shamollarda to‘zg‘idi. Uyqusiz tong ottirgan Muhammadning nigohlari oshyona ichida tentirardi. Eshik ochilib xosnavkari ko‘rindi. - Shahanshohim! Xorazmshoh ortiga burilib qaradi. - Kel, O‘zloq! - Xayrli tonglar bo‘lsin, shohim! - Xayr, xayr kelsin, O‘zloq! Navkar ko‘rdiki, hukmdorning yuzida xayrdan nishona yo‘q, u juda g‘arib holda edi. Yuzining qoni qochgan, ko‘zidagi cho‘g‘ esa butkul so‘nik edi. - Ijozatingiz bilan nonushta kiritsalar! Sulton bosh irg‘adi. Daqiqa o‘tmay qo‘llarida kumush patnis tutgan joriyalar ketma-ket nonushta olib kirishdi. Ular hukmdor huzurini tark etgach, ichkarida faqat qo‘llari ko‘ksida turgan O‘zloq qoldi. - O‘zloq! - Buyuring, shohim. Xorazmshoh tomog‘ini qirib, vazmin bir ohangda so‘ylandi: - Bu tun juda kayfim qochdi. - Holingizni tushinmakdaman. - Oylar ichida xayrli xabar kutdim.- Xorazmshoh nigohini O‘zloqdan uzib, go‘yo o‘ziga o‘zi gapirayotgan misol so‘zlandi, - ammo kutib charchadim. - Illo, xayrli kunlar kelgaydur, shohim! - O‘zloqshoh dalda bergan bo‘ldi. - Yolvordim, yukundim! - Bir kun huzur keladur. - Shukurlar qildim, umid ichida yana xush xabar kutdim. Vale endi umid mani tark etdi. - Bir kun kelajak, qorong‘u yo‘lingiz oydin bo‘lajak! - Omin! - Xorazmshoh tushkun holda yana so‘zlandi.- Va lekin holimizning holati ayondur. Sulton biroz jim turdi, keyin yana gapida davom qildi. - Fikringni bilmoqqa bir mavzu bordur. Endi bu yerlarda qolmoq dushvordir. Endi...- Sulton gapini tugatmay, O‘zloqning tashvishli yuziga tikilib qoldi. - Buyuring, shahanshohim. - Yo‘l tadorigin ko‘rgaysan. - Uqdim, amr eting. - Nishopurga qarab yo‘l tadorigin ko‘rgaysan. - Angladim, shohim. - Nishopur orqali Qazvinga o‘tgaymiz.Undan nari... so‘ng, Hazor dengizining Ashur ada oroliga yetib olg‘aymiz.

6. Chorasiz mashvarat

Tojiddin Jomiy bu orada dasturni mashvaratga chorlagandi. Chorlovga ko‘ra a‘yonlar, shahzodalar, og‘abegi, sipohsolar, sohibi jaysh, amir ul-umaro malik Xorazmshoh huzurida to‘plangan edi. Sulton umidvor edi; u Movarounnahrning hali Chingiz oyog‘i yetmagan chekka hududlariga ko‘z tikkan edi. Saltanat halokat yoqasida turgan tahlikali kunlarda u shu tariqa jon tashvishida qayg‘urardi. Xorazmshoh necha asrlik muhtasham dorulsaltanaga to‘g‘anoq bo‘lgan Chingiz bosqiniga qarshi barchani oyoqqa turmoqqa da‘vat etdi, ammo uning da‘vatida o‘ktamlikdan nishona yo‘q edi: - Butun Movarounnahr tahlika ichinda. Buxoro o‘t ichida yondi. Maroqandning kuli ko‘kka sovurildi.- Sulton bo‘g‘ziga bir nima tiqilgan kabi qult etib yutundi. Oraga tahlikali jimlik cho‘kdi. U a‘yonlari va farzandlariga qarata yana dedi: - Bu kun esa Chingiz Xorazmga tahdid solib turipti. Xorazm bu savashdan omon chiqmog‘i gumondir. Xorazmshoh taxtdan tushib, dobiri Tojiddin Jomiy yoniga kelib to‘xtadi. Shohning mushtlari tugilgan edi. - Endi Chingiz oyog‘i yetmagan hududlar, xususan Xuroson, Iroq va Eron mustahkam bir himoyaga shay tursin. Qal‘alar mustahkamlansin. Tarqalib ketgan lashkar jamlansin... Shunda Jaloliddin otasiga qarab dedi: - Haq gapni aytdingiz, onhazratim, ayni tahlikali zamonda kuchlarni birlashtirmoq fursati yetdi. Ma‘lum, ayovsiz jang bo‘lishi muqarrar, ammo biz shu beayov savashdan muzaffariyat tug‘ini baland tutib, omon chiqmog‘imiz darkor. Tarqalgan kuchlarni bir mushtimizga tugal qilib jamlaylik. Xorazmshoh shahzodaning gaplarini sukut ichida tingladi. - Biz muqarrar g‘alaba qozonaylik, bul g‘alaba ma‘jusiylar istilosiga metin qalqon kabi to‘g‘anoq bo‘lsin. Zero intiqom qarori shu yo‘sinda amalga oshgusi. Zotan Buyuk Xorazmshohlar qonini qaynatish va jabrdiydalar jonini qonatish intiqomsiz qolmasligini yog‘iy o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, amin bo‘lsin. Shahzoda gapida davom etdi: - Xorazm halokat yoqasinda turgani ayondur! Ammo Xorazm tahlikada erkan, biz qarab turmagaymiz! - Aning mushkuloti yelkamizni ezib, qalbimizni qo‘pormoqda. - Bu chindan mushkuldir. - Anglat fikringni... - Modomiki, mamlakat halokat yoqasinda ekan, bir shahzoda o‘larak buni ko‘rmoqlik man uchun ham og‘irdir. Buning chora va tadbirlari zudlik bilan ko‘rilmog‘i darkordir, shahanshohim! - Holimizning holati ayondur! – Xorazmshoh shahzodaga uqtirgan bo‘ldi. - Ammo chora ko‘rilmasa, holimizning holati o‘nglanmagay. Buxoro qo‘ldan ketdi, Samarqand yakson etildi. Qamal qilingan kentlar tashqi ko‘makdan qirqildi. Bas, endi qolgan kuchlarni jamlab, Xorazm himoyasiga shaylamoq lozimdir. Xorazmshoh vahm ichida edi. Uning uzoqni ko‘ra olmaslik va kaltabin siyosati butun Movarounnahrning paokandalanishiga olib keldi. Mamlakat halokat yoqasida turardi. Mashvarat so‘nggida u yig‘ilganlarga yuzlanib dedi: - Movarounnahrning Chingiz oyog‘i yetmagan hududlariga e‘tibor qaratib, alarni himoyaga shay etaylik. Xususan, Xuroson va Eron hamda Iroqqa jami kuchlar yig‘ilsin. Vahm bosgan Xorazmshohning qulog‘iga shahzodaning oqilona so‘zlari kirmadi. Sulton Nishopur orqali Qazvin shahriga o‘tmoqni rejaladi. Uning bu taxlit niyati Jaloliddinni qattiq ranjitdi. - Agarkim aning qarori rost bo‘lsa, agar Sulton shunday bir qat‘iy hukm chiqargan ekan, manga lashkarlarini qoldirsun. Man Jayhun qirg‘og‘ida turib, gazandalarni Xorazm tomonlarga o‘tkarmagayman. Sulton shahzodaning bu taklifini javobsiz qoldirib, Nishopur orqali Qazvinga yo‘l solgan edi.

7. Dilbandidan judo Xorazm

Ufq chetida balqigan shafaq shikasta nurlarini bitta-bitta yig‘ishtirmoq tararddudiga tushdi. Baayni shom tushgan chog‘ g‘aribgina bir aravaga torg‘il otlar qo‘shildi. Oy ufq qoshidan qo‘rqa-pisa tahlika ichida mo‘ralab chiqqan chog‘ ular dovon oshib o‘tishgan edi. Daralardan namlik ko‘tarildi. Tepadan sakrab-sakrab, jilolari taralib oquvchi soy ortda qolib ketayotir. Omonlik uchun manzil istagan, ustiga juldur kiyim osgan g‘arib kimsa ortiga muztar tikilib boqdi. U kindik qoni to‘kilgan muqaddas yurtni ko‘zi qiymay, chorasiz tashlab ketmoqda edi. Bu juldur kiyimli g‘arib olislarga tomon ravona ketayotir edi. Mana, u boz-qayta, ammo so‘nggi bor ortiga boqdi. Ortida qolgan mushtipar Xorazm dilbandiga qo‘l siltagancha motamsaro qaqshab qolgandi. Hur shamollar uning sersoqol yuzini siladi, so‘ng dardchil ruhini yulqib tortdi. U og‘ir yutundi, orom topmagan ko‘ngli battar g‘ashlanib, hayal o‘tgach arava chetida dong qotib uxlab qoldi. Ular Nishopur tomon yo‘l solgan edi. Mo‘g‘ullar ta‘qibi bu g‘arib kimsalarni battar iskanjaga oldi. Va alaloqibat Xorazmshoh Eron orqali Hazor dengizining Ashur ada oroliga borib yashirindi.

8. Intiqom qarori

Ammo Jaloliddin intiqom qarorini bitgani chin edi. Shahzoda momosi Turkonga maktub bitib, ayni tahlikali zamonda o‘zaro raqobatda bo‘lgan kuchlarni birlashtirmoq lozimligini uqtirdi. Xosnavkar Jaloliddin bitgan nomani Turkonga olib kirdi: - Eshik og‘asi! - chaqirdi Turkon. - Amringizga muntazirman! - Darhol vazirni huzurimga chorlagaysan! Malika huzuriga kirgan vazir qulliqda so‘zlandi: - Malikam, chorlovingizga ko‘ra huzuringizdaman. - Saning bilan maslahatlashadigan bir mavzu bordir. - Qulog‘im sizdadur, malikam... Malikaning qo‘lida Jaloliddin bitgan maktub bor edi. Xosnavkar tutgan nomani vazir olib o‘qiy boshladi: “Bek Onam, Movarounnahr halokat yoqasida turur. Buxoro va Maroqand esa qo‘ldan ketdi. Ammo hali umid shami so‘ngani yo‘q. Garchi Shahanshohimiz yurtni tark etgan esa-da, Movarounnahrni qo‘rimoq maning-da burchim. Birlashaylik. Tarqalgan kuchlarni bir mushtimizga jamlaylik. Zarbimiz kuchi mo‘g‘ullarni titratsin. Birlashish vaqti yetdi, Bek Onam!” Vazir maktubni o‘qib bo‘lgach, malikaga qaradi. - Nechun sukutdasan, nahot aytajak gaping bo‘lmasa saning?! - Turkonning nigohi vazirga qadaldi. - Malikam, ma‘zur tuting, ammo shahzoda Jaloliddin haq gapni bitmish. - Keyingi hamla Xorazmga qaratilgani ayon.-dedi Turkon sarosima ichida. - Chingiz katta kuch yiqqani ham rost. - Bundan omon chiqmoq mushkuldir. - Bu chindan qaltis vaziyat, lokin kuchlarni birlashtirmoq lozimdir. - Ya‘ni? - Ya‘ni shahzoda Jaloliddin fikriga qo‘shilmoq birdan-bir aqlli chora bo‘lur. Turkon titradi, u o‘rnidan turib koshonaning u yog‘idan bu yog‘iga borib keldi. Vazir ko‘rdiki, Turkonning asab torlari tarang tortilgan, u malikaga tashvish to‘la nigohlarini qadagan ko‘yi jim qoldi. Turkon Xotunga jon qayg‘usi qutqu solmoqda edi. Hanuz telba qayg‘u uning boshiga tushgan ekan, dalli xayolidan bu savdoyi o‘yni chiqarib tashlamoqqa o‘zida kuch topa bilmadi. Xotun jon qayg‘usining bandisi bo‘ldi. U tahlika ichida yonar ekan, matlubi unut xotirasini tuproqqa ko‘mib, mo‘g‘ul atalmish ofat hali oyog‘i yetmagan go‘shalarga ketishni ixtiyor etdi. O‘g‘li Muhammad kabi uning-da og‘riqli boshi faqat Xorazmni tark etish fikri bilan band edi. Ammo har ne bo‘lganda ham Xorazmshohlar fojeasi hali nihoyasiga yetmagan edi...

9. Chingiz nomasi

Turkon Xotunni ko‘pdan nishonga olib yurgan Chingizxon esa, nihoyat, payt poylab malika huzuriga elchilarini jo‘natdi. Elchi Turkonga Xon nomasini uzatdi. Nomada, jumladan, shunday bitiklar bitilmish edi: “…Men o‘g‘ling Alouddin Muhammad Xorazmshohning yaxshilikni bilmasligini e‘tirof etgum. Magar Senga nisbatan xayrihoh ekanligimni ham bildirib qo‘ygum. Va shul sababdin Xorazmni tark etmasligingni so‘rayman. Fursatlar o‘tg‘och, keng Xurosonni senga taqdim etgum. Bul gaplarimg‘a inonmog‘ing uchun, bul so‘zlarimning tasdig‘i sifatinda xos odamlarimni sening huzuringda qoldirgum.” Noma javobsiz qoldirildi. - Man bunga zinhor ko‘nmam, man unga bo‘yun egmam. – darg‘azab titradi Turkon. O‘g‘lining Movarounnahrni tark etganini eshitgan Xotun butkul tahlika ichida edi. Ana shunday arosatli kunlarda quvg‘inlikda yurgan o‘g‘li-da onasiga maktub yo‘llagan edi. Xorazmshoh maktubida onasini ahli ayollari va farzandlari bilan Mozandarondagi Ilok qal‘asiga yashirinishga da‘vat etgan edi. Malika Eron tomon oshiqdi. Olisda bir sharpa ko‘rinayotir; bu mudhish sharpa Turkon ko‘ngliga mislsiz qayg‘u va tarqamas vahm solarak tobora yaqinlashib kelayotir edi. Sarosimada qolgan Turkon amr etdi: - Og‘alar! Malikaning tahlikali ovozini eshitgan og‘alar ichkariga kirishdi. - Huzurimga vazirni chorlagaysizlar. - Amringiz vojib bo‘lgay! Vaziri a‘zam malika huzuriga kirganda Turkon unga qarab farmon berdi: - Yo‘l taraddudini ko‘rgaysan. - Angladim, malikam. - Mozandaronga... - Andishalanmang malikam, tushundim, illo barchasini to‘kis uqdim, malikam. - Bog‘iston yo‘lindan ketgaymiz. Illo tog‘ qoyalari ortinda joylashgan Ilok qal‘asiga beboshlar galasi yetib borolmagay. Yuksaklar sari bo‘y cho‘zgan tog‘ orasida bunyod etilgan Ilok qal‘si bag‘oyat mustahkam qal‘a edi. Bu zabardast qo‘rg‘onni zabt etish juda mushkul yumush edi. Matlubi davron xotirasini Xorazm ostonasiga ko‘mib, bir dunyo boylik orqalagan shuhratparast Turkon olis yo‘lga otlangan edi. Ammo uning xayoli joyida emas: unda vahm va qo‘rquv g‘olib, har yonida ajdahoning hamlasi qutqu solib turardi. Ayon, ajdarho ko‘pdan unga tish qayragandir. Ikki yamlab bir yutmoqqa shay turgan bu yuhoning hamlasiga dosh bermoq uchun Turkonga sheryurak darkor edi. Ammo bu yurak unda yo‘q, suyangan chinor tog‘i Muhammad Xorazmshoh esa olislarga mutloq yashirin, g‘oyib ketgandi.

10. Turkon tahlikada

Olislarga cho‘zilgan karvon uzoq yo‘l bosib, Mozandaron sari yaqinlashdi. Shahzodalar va Xorazmshohning ayollari Turkon boshchiligida tog‘lar ichidagi Ilok qal‘asiga yetib kelgandi. Tog‘lar bag‘rida toshdan ko‘tarilgan qal‘a mustahkam va xavotirdan xoli edi. Yo‘llangan nomasini javobsiz qoldirib, juftakni rostlagan Turkon holidan xabar topgan Chingizxon jahl otiga mindi. U malikaning ketidan bir tuman lashkar jo‘natib, tiriklayin qo‘lga olmoqni buyurdi. Mo‘g‘ul galalari Ilok qal‘asiga quzg‘unday yopirildi. Qal‘a omonsiz jahannam maydoniga aylanib, atrofni chindan ajdaho vahshati qo‘pdi. Bu hol ichkaridagilarning ko‘ngliga qutqu soldi. Turkon Xotun tang holda qoldi. - Qora bulutlar tag‘in qayta boshimizda bulashdi. – o‘ziga-o‘zi aytgan kabi so‘zlandi Turkon Xotun. Malikani vahima va azob adoyi tamom qilgan edi. - Bu og‘ir vaziyatni o‘nglamoq mushkuldir, malikam.- Vazir Turkonning ra‘yiga qarab, qo‘rquv ichida gapirdi. Malikaning qayg‘usi mislsiz edi. - Ne taklifing bor saning? - Ma‘lum, mo‘g‘ullar quzg‘unlar kabi yopirilmoqda. - Alarg‘a bas kelar kuch topilmasmu? - Malikam, ma‘zur tutgaysiz, tinimsiz jang ikki tomonning-da tinkasini quritdi. Malika ko‘zlaridan o‘t sachratib, vaziridan azmoyish oldi. - Qurbonlarning sanog‘i yo‘q.- dedi vazir ma‘lumot berib. Malika tushkun qiyofada: - Shahid ketganlarga Haqning rahmatlari yog‘ilsin.- deya duo etdi. - Omin.- duoda so‘zlandi vazir. Oraga jimlik cho‘kdi. Bu jimlikni malika buzdi. - Bul hodisa mani-da qayg‘uga solmish. Kunlardir, oylardir bir suyunch xabar kutdim. - Bul ayondir, malikam. - Ammo sevinch bizni endi tark etdi. - Biz qarab turganimiz yo‘q. - Shunday.- Malika titradi. U o‘zini qo‘yarga joy topolmay, joyidan qo‘zg‘aldi. - Malikam, qo‘ldan kelganini qilmoqdamiz. Ammo... - Ammo ko‘rinib turibdiki, alarga bas kelmoq g‘oyat mushkul.- Malika qo‘llarini boshiga olib bordi. U og‘ir yutunib, ko‘zlarini chirt yumdi. Qa‘rida yetilib kelgan darbadar bir jo‘sh uni beomon siquvga olgandi. U g‘aflat ichida botinan yukundi. Yana qo‘llarini peshonasiga olib borib: - Ey vohlar bo‘lsin! – deya nola etdi. Qulliqda turgan vazir malikaning yoniga yetib keldi, ikki qo‘li ko‘ksida, qo‘rqa-pisa gapirdi: - Ma‘lum, mo‘g‘ullar hamlasi zo‘rayib, lashkarlarimizni xarob etmoqda. Tushkunlikka tushgan Xotun bu gal so‘z aytmoqqa kuch topa olmadi. Shunda vazir o‘zida jur‘at to‘plab dedi: - Bu omonsiz jang maydonini tark eting. Malika unga yalt etib qaradi: - Bu na jur‘at?! - Qurbon o‘lay, malikam! Ammo Sizni qo‘rimoq maning zimmamdadir. - Angladim va lekin... - Bir qoshiq qonimdan keching. Ammo haq gapni aytmoq fursati yetdi. - Ne emish o‘sha sen aytgan haqiqat? - Yashirin yo‘llar orqali shahzoda Jaloliddin Mankburni yoniga borishingiz birdan-bir aqlli chora erur.

11. Halokat arafasidagi kecha

Eshik ochilib, eshik og‘asi ichkariga kirdi. - Malikam! Malika ko‘rdiki, eshik og‘asining ko‘zlari bejo, u olazarak nigohlarini olib qochib, o‘ziga qaramoqqa jur‘at topa bilmayotir.. - Bu ne hol, Suvonqul?- jonsarak savol qotdi u eshik og‘asiga. - Cipohsolor Davronli sizning qabulingiz uchun... - Cipohsolor? - Ha, malikam. - Chorla, darhol! - Amr etganingizdek, malikam! Malika bir noxushlikni his etgandek chuqur nafas olib, o‘ylanib qoldi. Ichida yana yukundi. Ammo uning intiq ko‘ngli sira taskin topmadi. Shunda u o‘ng qo‘lini oyog‘iga olib borib, asabiylikdan nima qilarini bilmay, go‘yo muttasil oyoq og‘rig‘iga duchor bo‘lgan bemor kabi bo‘g‘inini silay boshladi. Eshik og‘asi chiqib ketdi. Daqiqa o‘tib Turkonning harbiy nazoratchisi tahlika ichida malika huzuriga kirdi. Uning ko‘zlari bejo boqardi. Davronli ichkariga bir noxush, sovuq xabar olib kirgandi. - Malikam... - Bu ne hol, bu ne suvrat, sipohsolar? - So‘ramang, malikam. - Darhol so‘yla. - Ma‘lum, mo‘g‘ullarning qoni qaynagan. - Ma‘lum. - Chingiz sizni tiriklayin tutmoqni buyurmish! Turkon asabiy titragan holida sipohsolarga ko‘zlaridan o‘qlar sochib qaradi. Shunda sipohsolar ko‘rdiki, malika naq jahl otining ustida o‘tiribdi. - Malikam, bir qoshiq qonimdan keching. - Bu ne hol?! - Malika unga qarab g‘ijindi.- Tik tut qaddingni. Sipohsolor tushkun va ezgin holda hamon yer tishlab turardi. - Gapir!- zardasi qaynab baqirdi u. Sipohsolor o‘rnidan turib so‘zlandi. - Holimiz xarob, malikam. - Anglat! - Lashkarlarimiz mo‘g‘ullar zarbasiga ortiq dosh berolmagaylar. - Oxirgi jonlari qolgunga qadar! - Angladim, malikam! Biroq bu mushkuldir. - Mushkul? - Mushkuldir, malikam, lashkarlar holdan toygan. To‘xtovsiz jang alarning sillasini quritdi. Qurbonlar sonsiz. So‘nggi chora... - U to‘xtab tili kesilgan kabi jimib qoldi. - So‘nggi chora ne emish? – zarda qilib malika o‘rnidan turib ketdi. U yurib borib, oshyonaning poyida to‘xtadi-da, yana ortiga qaytdi. Qaltiroq qo‘llarini labiga olib borib, qult etib yutundi, ammo qaytib joyiga o‘tirmadi. Ayni tahlikali bir paytda harbiy nazoratchining mudhish xabari uni battar iskanjaga oldi va u chindan chorasiz qoldi. Tashqarida jang beomon kechmoqda, shahid ketgan qurbonlar sanoqsiz, tinimsiz savash lashkar tinkasini butkul quritgan edi. Savashdan omon chiqmoqqa ko‘zi yetmagan lashkarboshi malikaga vaziyatning naqadar qaltisligini uqtirib dedi: - Amr eting malikam, Sizni qo‘rimoq bizning zimmamizga yuklatilgandir. Buyuring, farmon bering, xufya yo‘llar orqali Sizni shahzoda Jaloliddin yoniga olib borgaylar. - Aslo!- titradi malika. - Man bunga ko‘nmasman, man unga aslo bo‘ysunmasman.

12. Ulug‘ Turkon halokati

Turkon Jaloliddindan panoh topish taklifiga rozi bo‘lmadi. Buning muhim sababi bor edi. Shuhratparst va xudbin Turkon to‘ng‘ich nabirasi, shar‘iy valiahd - Jaloliddin Mankburnini suymasdi. Mudom uni ta‘qib etib yurardi. Xotun tag‘in oshyonaning u yog‘idan-bu yog‘iga asabiy titragan holida borib keldi. U o‘z yog‘iga o‘zi beomon qovurilmoqda edi. Malika turkmanlardan bo‘lgan to‘ng‘ich kelini Oychechak Begimga hech ro‘yxushlik bermasdi. Undan tug‘ilgan shahzoda Jaloliddinni valiahd etib tayinlanishiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqqandi. U toju-taxt begona bo‘lishini sira istamasdi. Shuning uchun o‘z qavmidan bo‘lgan kelini Qutlibikadan tug‘ilgan nevarasi Qutbiddin O‘zloqshohni fitnalar orqali vali‘ahd etib tayinlanishiga o‘g‘li Muhammadni ko‘ndirgan edi. Ammo har ne bo‘lganda ham xorazmshohlardan vorislariga yetib kelgan Oliy Farmon yana qayta buzilgan edi. Bu adolatsizlik va qabohat o‘yini edi aslida. Yaqin-yaqingacha o‘zini jahon ayollarining malikasi deb bilgan, mudom osmonda yurgan Xotun alaloqibat bu taklifni qabul qildi. Beayov jang qal‘a himoyachilarining sillasini butkul quritib, vaziyat esa kundan-kunga og‘irlashib borardi. Ilok qal‘asi qamali to‘rt oy davom etdi. Ular so‘nggi nafasigacha yovuzlarga qarshi kurashdi. Shunga qaramay qal‘a beayov bosib olindi. Turkon Xotun boyliklari talandi, Movarounnahr saltanati vorislari – shahzodalar qatl etilib, fojeali zavol topdi. Bu qonli xotima butun Movarounnahr ahli qalbini jarohatlagani rost edi.

13. Bandilik yoxud Xon Sulton nolasi

Chingizxon amr etganidek, Turkon Xotunni tiriklayin qo‘lga olib, xon huzuriga olib kelishdi. Chingizxon Xotunning ko‘z o‘ngida amr etdi: - Sultonning xotinlari va yolg‘iz qizi – Xon Sultonni o‘g‘illarimga bo‘lib berg‘ayman. Endi alar xizmatda bo‘lib, o‘g‘illarim ko‘nglini ovlag‘aylar. Turkonni titroq bosdi. Uning yuragi qo‘porilib, xonimoniga o‘t ketgan edi. Malikaning holini ko‘rib turgan Xon barcha eshitsin uchun ovozini yana-da baralla qo‘yib so‘zlandi: - O‘zini malikai jahon sanagan Turkon esa mening xizmatimda bo‘lg‘ay. – Birozgi sukutdan so‘ng Chingizxon unga qarab o‘shqirdi: - Eshit Xotun, zudlik bilan menga taom tayyorlag‘aysan. Men sening qo‘lingdan shohona taom yemoqni istaymen. Bir mo‘g‘uliy sipoh Turkonni sudrab, sochlarini bo‘yniga dor etdi. U sipoh qo‘lida taom pishirmoqqa majburlandi. Uning qo‘lidan taomlanib bo‘lgach, Chingizxon yana amr etdi: – Mendan oshib qolg‘on nushqurtni anavi ochdan o‘layotg‘on kelinlaring hamda nevaraqizing Xon Sultong‘a tutg‘aygan. Sen esi past bundan buyon ahli kelinlaring qatorida yuvindixo‘r atalguvsisan… Turkon asabiy titradi. U ko‘zidan beixtiyor potrab chiqqan yoshini g‘animi ko‘rmasin uchun go‘yo ichariga qaytarmoq istab, og‘ir yutundi. Ammo ko‘z yoshlari tinmadi. Ne kulfatkim, sho‘r peshonasiga til balosini jilovlay bilgan Turkon alam va sitam yoshlarini ichkariga qaytarmoqqa o‘zida kuch topa bilmadi. U yoshli ko‘zini yumib-ochdi, ko‘rdiki, hamon Chingiz nigohlarini o‘ziga o‘q misol qadab turibdi. Uning nigohlariga dosh berolmagan Turkon: “Yashamagur! Yergina yutkur! Men ham edim sendek, sen ham bo‘larsan mendek! ”- deya ichida qarg‘andi. Chingiz go‘yo uning botinida kechayotgan o‘ylaridan voqif bo‘lib qoladigandek, sho‘rlik malika qo‘rquv ichida seskanib ketdi. Yo Xudo! Bu tushimi edi va yoki o‘ngi! Bu ne kulfat? Bu ne g‘urbatkim, zamona zayliga Chingiz atalmish qattol ko‘lanka tashlab tursa. Baayni vahshiy qonxo‘rligini o‘sha bejo yongan, o‘sha qontalash qisiq ko‘zlari oshkor etmoqda edi. Qattol qorachig‘idan go‘yo qonli o‘t sochib, Turkonga qarab turardi. Nechun u hech tap tortmaydi? Qisiq ko‘zidan chiqqan bu o‘t ustiga kul tortuvchi bahodir topilmasmi?! Ko‘zlaridan chaqnagan o‘t jahannam olovi edi. Turkon Chingizning o‘t qarashiga dosh bera olmay, nigohini boshqa tomonga burdi. Xonning ravish-raftori va ro‘yi-ruhsori Turkonning ko‘ngliga mislsiz g‘ulu soldi. Asli Chingiz ko‘rinish berganda chor-tarafda shafqat pardasi chekinib, olamni dahshat qo‘pishi unga ko‘pdan ayon. Nega uni jannat bog‘idan olib, qiyomat o‘tiga uloqtirding? Nega uni jahannam zanjirlarida sudratding, azoblarda qiyratding! Ayt, yozig‘i yana ne uning?! Turkon qo‘lida tilla patnis ko‘tarib, boshqa bir o‘tovga kiritildi. O‘tov ichi keng: yerga qalin va mayin gilamlar yozilib, o‘rtaga xontaxta qo‘yilgandi. Dasturxon chetida Jo‘ji lazzatlanib taom yemoq bilan mashg‘ul edi. O‘tov to‘rida to‘shak yozilgan... Turkon patnis to‘la shirinliklarni xontaxtaga qo‘ydi. Farosatsiz mo‘g‘ullar taom yemoqda betakalluf ekanligini ko‘rgan Turkon Jo‘jiga qarab ichida so‘zlandi: “Yashamagur haromxo‘r! Xuddi otasining o‘zi! Qani endi ajdahoga aylansam-u senlarni bir hamlada yutib yuborsam!” - Bog‘ingda yagona guling borligidan xabarim bordur. - Jo‘ji qisiq ko‘zlarini Turkonga qadadi.- Shamoldek yelib, ul gulni uzib, manim yonimga olib kelgaysan! Tahqir eshitgan Turkonning vujudi muzlab, tomirida go‘yo qoni qotdi. Xotun shunday karaxt bir holga ilk bor o‘g‘li Xorazmshoh Movarounnahrni tark etgan chog‘da tushgandi. Holi xarob Xotun diltang, bir himoga mahtal holda atrofga boqdi, biroq uning jovdiragan ko‘zlari o‘ziga qadalgan mazax va tahqir to‘la Jo‘jining nigohiga duch keldi, ko‘zlarini yumib “O‘la–o‘lgunimcha senlarni qarg‘ab o‘tgayman!” deya pichirladi. Bu gal o‘q Muhammadning tanho qizi - Xon Sultonga qaratilganini bilgan Turkonning xonumoniga yana o‘t ketdi. Botinidagi bu o‘t ko‘zlarida sonsiz-canoqsiz yulduzchalar bo‘lib tarqaldi. U o‘zini chulg‘ab olgan qo‘rquvdan titradi, keyin qo‘llarini og‘riqli boshiga olib bordi. O‘tov tashqarisida sipohlarning shivir-shiviri va oyoq tovushlari eshitildi. Yana sho‘r peshonasiga nelar bitilmish? Tag‘in ne savdolar tushmish boshiga? Uni tashqariga olib chiqishdi. Qosh qoraygan, ko‘kdagi yulduzlar ko‘ziga g‘arib ko‘rindi. Turkonni muttasil o‘y va jonini chatnatuvchi azob ado qilgan edi, u labini tishlab, asabiy titradi, ko‘zidan esa alam va sitam yoshlari yana va yana, qayta va qayta halqalanib, issiq sel kabi yuziga quyilib oqdi. Achchiq ko‘z yoshlariga cho‘milgan Xotun hasratli ko‘loblarini g‘animi ko‘rmasin uchun go‘yo ichkariga qaytarmoq istab, og‘ir yutundi. “ Xudoyim, sen meni qo‘lla! Chingiz ofatidan asra! Xonliging kuysin sening Chingiz, qiyomat qadar seni duoyibad etgum”, deya tag‘in o‘rtanib qarg‘andi... -Ulug‘ Xon sen esi pastni xizmatkor etib tayinlagani nahot esingdan chiqqan bo‘lsa? Bor, oyog‘ingni qo‘lingga olib yugur, nevaraqizing Xon Sultonni Jo‘jixonning yoniga chorla. Jo‘jixon sen bog‘ingda asrab o‘stirgan gulni hidlamoqni ixtiyor etgandir... Sipoh tosh qotgan Turkonning sochini burab, bo‘yniga dor etdi. Jon saqlab, qattol qo‘lidan omon chiqqan Turkon telbanamo qadamlar bilan nevarasi turgan xonaga kirdi. Xon Sulton mil-mil sham yog‘dusida momosining ichkariga kirganini ko‘rib, uning qarshisiga yugurib keldi. Ko‘rdiki, momosining holi chindan tang. Turkon vujudini chulg‘ab olgan dahshatni quvmoq istab, nevarasiga tikildi. - Sho‘rimiz qurib qoldi, bolam!- pichirladi u. - Sho‘rimiz quriganiga ko‘p bo‘lgan, Bek Onam! - Seni Jo‘ji huzuriga chorladi. Shum xabardan zumda ko‘zlari ola-kula bo‘lgan Xon Sultonni vahshat qo‘pdi. U qaltiragan qo‘llarini yuziga olib borib, ichida nola qildi. Uning asab torlari tarang tortilib, azbaroyi nima qilarini bilmay qolganidan dag‘-dag‘ titray boshladi. Nihoyat dalli xayolini quvmoq uchun o‘zida jur‘at to‘plab, momosiga qaradi, biroq unga bir so‘z qotmadi. U xona to‘ridagi jovonda taxlangan, tarqu yungidan to‘qilib, yoqut toshlar qadalgan kamzulini ustiga kiydi-da, shoshib boshiga ro‘molini tang‘idi. Sho‘rlik qochmoq uchun daricha yoniga bordi. Tashqarida oyoq tovushlari va kimlarningdir shivirlagani eshitildi. Sal o‘tmay ichkariga bir mo‘g‘uliy sipoh kirdi. Xon Sulton unga chap berib o‘tish uchun birinchi qadamini bosgan ediki, shay turgan sipoh uning yo‘lini to‘sdi. Turkon narida nevarasi tomon qilichini yalang‘ochlab kelayotgan sipohga jon holatda tashlandi. Ular bir zumda Turkonni tinchitib, Xon Sultonni qizil ro‘dapoga o‘rab chirmashdi. Atrofda bir mungli nola eshitildi. Bu Xon Sultonining nolasi edi. Uning tirnog‘iga tosh tekkan chog‘, Turkonning ilkida quvvat, tomirida qon, bo‘g‘zida esa joni sob bo‘ldi. Nola-yu faryodi Movarounnahrni larzaga soldi. Xotun darbadar, o‘ksik kezindi, keyin naq joni qo‘porilib, hech nimani his etmay qoldi. Zubarjat yulduzlar oralab chiqqan oy Turkonning mungli nolasi va ko‘ngilning balosida g‘arib cho‘kib, qaytib chiqmas bo‘lib botdi. Yo Rabbim, qudratingdan! Nahot shunday kulfat, shunday falokat yoqasida tag‘in yulduzlar peshonangda charaqlab tursa! Nahot tun zulmat ichiga botsa, ammo tong harir pardasini yig‘ib, quyosh yana hech narsadan bexabardek oftobini olamga otsa... Turkon qaltiragan qo‘llari bilan og‘riqli boshini changgalladi, so‘ng qirov bosgan sochlarini yulib, silkinib yig‘lay boshladi. Ovoz chiqarmay yig‘lagisi kelgandi, lekin buning uddasidan chiqa bilmadi. Avvaliga bo‘g‘iq ovozda, keyin sitam va alam ichida qaqshab yig‘lay boshladi. Uning kulfati mislsiz edi - xorazmshohlar halokati edi bu! Turkon yig‘lay-yig‘lay toldi, keyin hech qayerda va hech qachon bo‘lmagandek tugab-bo‘shab qoldi. Ko‘zlarini bir nuqtaga qadagan ko‘yi turaverdi-turaverdi. Dalli xayoliga qay savdoyi o‘y kelib, uni butkul telba etdi. Yurdi-surindi, yiqildi–turdi, yig‘ladi-ovundi. Qaqshadi-yukundi. Ammo Xon Sultonning nolasi quloqlari ostida eshitilib turaverdi, turaverdi...

14. Qattol qo‘lida so‘ligan gul

O‘shanda Xon Sultonni shohona bezalgan o‘tovga olib kirishdi. O‘tov to‘rida qisiq ko‘zlari yirtib ochilgan kabi beo‘xshov Jo‘ji xontaxta atrofida taomlanib o‘tirar edi. U yemoqdan to‘xtab, nigohini Xon Sultonga qadadi, keyin tirjayib, qo‘llarini artgan bo‘lib unga so‘z qotdi: - Yaqinlash! Xon Sultonning nigohlari yer chizib, g‘aflat ichida qoldi. - Yaqinlash dedim!- do‘q urdi u. Ammo Xon Sulton tosh qotgan ko‘yi joyida turaverdi. - Yaqinlash deyapman senga, mocha! - deya darg‘azab baqirdi yana Chingizzoda. Jo‘ji so‘l qo‘lini xontaxta chetiga olib borib, keyin quyiga tushirdi. Xonbachcha zaifaga zimdan razm solar ekan, Xon Sultonning zebo jamoli va sarvi suman qaddi uni o‘ziga beixtiyor tortdi. Sohibjamol Xon Sulton taqvosini ko‘ksida quchib, go‘yo chiroyini yashirgan kabi, yuzini teskari burdi. Chingiziy shahzoda o‘tirgan joyidan qo‘zg‘olib, Xon Sultonning inja jamoli va ziyo sochgan ko‘zlariga suqlanib boqdi. Junun asosiga tayanib qolgan Jo‘ji o‘zida savqitabiiy nimadir qo‘zg‘alayotganini angladi... Hali bunday go‘zallikka duch kelmagan mo‘g‘ul boyagi darg‘azab shashtidan tushib, tuyqus yumshab qoldi. U qisiq ko‘zlarini Xon Sultonga qadab: - Suluvsan, zulfizarsan, maloyik aslzoda! Yuzing gul, ko‘zlaring yombi! – deya hurliqoning inja jamoliga tahsin o‘qidi. U Xon Sultonga tobora yaqinlashib, yana gapirdi: - Turishing o‘zi huzur! Qarog‘ing ichi ummon, suzmoqdaman beomon. Eshityapsanmi, Xon Sulton?! Xon Sulton shahanshoh otasi Xorazmshohning g‘animlaridan bo‘lgan bu yog‘iyning tahsinlariga aslo toqat qila olmadi. Zaifa titragan qo‘lini yuz-ko‘ziga olib borib: “Ey vohlar bo‘lsin!”, deya nola etdi. Fig‘oni falakka ko‘tarilgan Xon Sulton chorasiz qoldi. Jo‘ji esa uni bir aylanib chiqdi. - Cen hammadan bo‘lakcha, sohibjamol go‘zalsan! Xon Sulton ichida “Er yutkur, haromi. Qani endi ajdahoga aylansamu, sani bir hamlada yutib yuborsam”, deya qarg‘andi. Jo‘ji unga yaqinlashdi, ojiza esa undan o‘zini olib qochib, tishlarini tishlariga qo‘ygan holda azob va hech tarqamas dard bilan ichida gapirdi: “Xudojon, mani qo‘ri, sharmanda etma. Mo‘g‘ul azobidan qutqar. Mani jahannam zanjirlarida sudratma!” Xon Sulton ko‘zlaridan potrab chiqayotgan yoshlarini nozik qo‘llari bilan sidirib, tag‘in yutundi. Ammo ko‘z yoshlari hali veri to‘xtaydigan emasdi. - Suluvsan, zulfizarsan! Maning baxtim kulyapti. San hammadan bo‘lakcha, sanga suqim kiryapti, titrog‘ingni yashirma! Jo‘ji Xon Sultonning bilagidan tutdi. - Tegma. - deya fig‘on etdi Xon Sulton. - Buni sendan so‘ramasmen, suluv. Jo‘ji og‘ushiga olmoq uchun qo‘larini uning nozik beliga olib borgan edi, jonsarak turgan Xon Sulton o‘zini eshikka qarab otdi, biroq narida shay turgan sipohlar uni Jo‘jining yoniga qaytarishdi. Endi bu gal Xon Sulton Jo‘ji qo‘lidan omon chiqib, o‘zini o‘tovning bir burchiga otdi. Qaltiroq qo‘llarini ko‘zlariga olib borib, alam ichida o‘kinib yig‘lay boshladi. So‘ng tuyqus esiga bir nima tushgan dalli devona kabi Jo‘jining yoniga kelib yolvordi: - Rahm et. Yalinaman, yolvoraman, mani bulg‘ama! Ammo shoxida muattar hid taratib turgan bu zarif gul qattol qo‘l ta‘qibiga uchragan edi. U yana yolvordi: - Rahm et. Taqvoyimni ko‘ksimda quchib yalinaman, mani bulg‘ama! Shafqat istab boqqan Xon Sultonning nigohlari Jo‘jining bejo o‘ynoqlagan ko‘zlariga duchor bo‘ldi. Holi xarob Xon Sulton yerga cho‘kka tushib o‘tirib qoldi, so‘ng qaltiragan qo‘llari bilan og‘riqli boshini changallab, yig‘lay boshladi. U o‘ksinib yig‘lar ekan, bular o‘ngida kechayotganiga hali ham ishongisi kelmasdi. Ammo bu tush emas. Uning ikki ko‘zidan potrab chiqqan sitam yoshlari ikki chashma misol to‘xtovsiz oqdi. Xon Sultonning kulfati mislsiz edi: yonida esa Jo‘ji bejo yongan ko‘zlarini unga qadab turardi. Zumrad yaproqlar ichida yolqinlanayotgan yoqut gul shu tariqa qattol qo‘lida so‘ldi.

Davomi bor