"Bu - musulmon davlati, cho‘chqani ko‘rsatishda ehtiyot bo‘ling"

Image copyright BBC World Service

Dunyoning eng yirik musulmon davlatlaridan biri bo‘lgan Malayziyadagi voqea bunga dalolat qilmoqda.

Ayon bo‘lishicha, "Nyu-York" gazetasining Malayziyada chop etiluvchi nusxasida cho‘chqalarning beti qora bo‘yoq bilan to‘sib qo‘yilgan.

"Malay Mail" nashrining yozishicha, bu - mahalliy KNL bosmaxona shirkatining ishi.

Cho‘chqalarning betiga qora bo‘yoq chaplab qo‘yilgan maqola esa, Amerikadagi chorvachilik mavzusida.

Shirkat vakiliga ko‘ra, Malayziya - "musulmon davlati" bo‘lgani uchun cho‘chqalarning yuzini berkitishga harakat qilishadi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, dunyoviy va ko‘plab dinlar amal qiluvchi Malayziyada cho‘chqalarning surati rasman taqiqlanmagan.

Ammo, "Malay Mail" nashrining yozishicha, 28 million aholisining uchdan ikki qismi musulmon bo‘lgan Malayziyada mahalliy nashrlar ehtiyotkorlik bilan ish yuritishadi.

Bu kabi suratlar bilan musulmonlarning ko‘ngillarini og‘ritib qo‘ymaslikka harakat qilishadi.

Hukumat voizining ham aytishicha, cho‘chqalarning suratini chop etish mamlakatlarida taqiqlanmagan.

Image copyright BBC World Service

Biroq, unga ko‘ra, nashriyotchilar "turli madaniyatlarning o‘ziga xos hassos jihatlari"ini e‘tiborda tutishlari lozim.

Musulmonlarning dillariga ziyon yetmaslik harakatlari esa, so‘nggi paytlarda anchayin kuchayib bormoqda.

O‘tgan yili Rim Papasi Fransis haqidagi hujjatli filmning alohida ogohlantirishdan so‘ng namoyish etilgani, shu oy bir hind filmidan "Yo Alloh" so‘zlarining qirqib tashlangani buning misoli kabi...

Aynan cho‘chqa bilan bog‘liq omil sabab, 2005 yilda bolalar uchun ishlangan "Babe" filmini ham Malayziya kinoteatrlarida ko‘rsatish man etilgandi.

Chunki malaychada ham cho‘chqa "babi", deb ataladi emasmi, filmning nomi cho‘chqaga o‘xshashib ketadi, deyilgandi.

Mazkur holat tomoshabinlarning ko‘plab shikoyatlariga sabab bo‘lgan va alal-oqibat taqiq bekor qilinib, oradan bir yil o‘tib, film katta ekranlar orqali namoyish etilgandi.

Cho‘chqa Islom dinida harom sanaladi.

Ammo Malayziyadagi musulmonlar va nasroniylar orasida, yillarki, shundoq ham tanglik mavjud.

Ular Alloh so‘zini qay bir din vakillari qo‘llashga haqli ekanliklari borasida hanuz bir to‘xtamga kela olishmagan.

Xuddi shu manzarada o‘tgan yil Malayziya bo‘ylab qator masjidlar tashqarisiga cho‘chqalarning kesilgan boshi ham tashlab ketilgan.

Bir qancha masjidlar, cherkovlar hujumga ham tutilgan va bu kabi holatlar hozirgacha davom etib keladi.