UzWebiston: Maradona Krasnitskiydek futbolchi bo‘lishni orzu qilgan

Image caption Karasnitskiy zarbasidan qo‘rqqan xorijiy darvozabonlar o‘z sug‘urtalarini qayta ko‘rib chiqishni so‘raganlar

O‘zbek futbol ishqibozlarining web-sayti uff.uz taniqli jurnalist Mavlon Shukurzodaning mashhur futbolchi Diyego Maradona "Paxtakor"ning afsonaviy o‘yinchisi Gennadiy Krasnitskiyning mahoratiga qoyil qolgani haqidagi maqolani e‘lon qilgan.

Maqolada jurnalist Mavlon Shukurzoda "Goleodor iz Tashkenta" maqolasini tayyorlayotgan paytda o‘zbekistonlik iqtisodiy tahlilchi Viktor Ivonin Gennadiy Krasnitskiyning darvoza to‘rini teshib gol urgani, bu hodisa yosh Maradonaga qanday ta‘sir qilgani tafsilotini yuborgan.

Olmoniya televideniyesining sport kanalida Maradona Krasnitskiy haqida gapirgan.

"Maradona o‘z nutqida 1963 yili Janubiy Amerikada katta shov-shuvga sabab bo‘lgan sensatsion voqeani, ya‘ni Gennadiy Krasnitskiyning Peruning o‘sha paytdagi eng kuchli jamoasi bo‘lgan, jahonga mashxur futbol ustasi braziliyalik Didi rahbarlik qilayotgan Limaning "Sporting Kristal" jamoasi darvozasiga kiritgan to‘pi qanday qilib darvoza to‘rini teshib o‘tgani haqida katta hayajon bilan eslab tilga oladi. O‘shanda Braziliya, Argentina, Urugvay, Peru, Chili va jahon ommoviy axborot vositalari bu sensatsion voqeani tarqatadi", deyiladi maqolada.

"Maradona o‘sha paytda yosh bo‘lishiga qaramasdan otasi va kattalardan bu voqea to‘g‘risida eshitib, kichkinaligidan Krasnitskiyga o‘xshagan mashxur futbolchi bo‘lish niyatini o‘z oldiga qo‘yadi... Uning ta‘kidlashicha, balkim aynan mana shu voqea va Krasnitskiyning zarbasi tufayli darvoza to‘rini teshib yuborishi unda Buyuk futbolchi bo‘lishlikka turtki bo‘lgandir..."

"Diyego Maradona keyin jurnalistlarga mashhur futbolchi sifatida ko‘p yillik faoliyati davomida tumorga o‘hshab o‘z yonida olib yurgan "Ultima Xora" gazetasi foto muxbirining apparatida olingan Krasnitskiyning tarixiy, ya‘ni darvoza to‘rini teshgan to‘pini suratni jurnalistlarga ko‘rsatadi... Keyin esa, u quyidagilarni aytadi: "Mening bir orzuim bor, agar bir ilojisini topib Russiyaga (Maradona O‘zbekistonni nazarda tutgan) borib qolsam, albatda dunyoga mashhur, XX asrning buyuk futbolchilaridan biri Gennadiy Krasnitskiyning qabrini ziyorat qilib, uning qabriga ustida bosh egib, o‘zimning chuqur hurmatimni bajo keltirib katta gul dastasini qo‘yish niyatim bor, deb o‘z so‘zini yakunlaydi..."

Image copyright AFP Getty

"Bu futbol tarixida yagona sensatsion va tarixiy voqea bo‘lib qoldi. Keyinchalik futbol mutahassislari darvoza to‘rini teshib o‘tish uchun Krasnitskiyning tepgan zarbasining tezligi va kuchini aniqlashga kirishadilar... V.Ivonin bilan bo‘lib o‘tgan qisqacha suhbat davomida u kishi aspiranturada o‘qiyotgan davrida Moskvadagi markaziy kutubxonada xorijiy gazeta va jurnallarni o‘qib, unda Krasnitskiy haqida ayrim maqolalarga ko‘zi tushadi... Unda aytilishicha, Krasnitskiyning o‘ta kuchli zarbasini hisobga olgan holda va u Sobiq Ittifoq milliy terma jamoasi a‘zosi bo‘lganligi sababli ko‘pgina darvozabonlar o‘z sug‘urta kompaniyalariga murojaat qilishib sug‘urta-moliya masalalarini qayta ko‘rib chiqishga kirishgan ekan...", deyiladi maqolada.