Yillik murojaat: Obama tengsizlikka qarshi kurashishni va‘da qildi

Image copyright AFP

AQSh Prezidenti Barak Obama o‘zining yillik millatga murojaatida o‘zaro bo‘lingan Kongressni aylanib o‘tib mamlakatdagi iqtisodiy tengsizlik muammosini hal qilishga kirishishini aytgan.

U eng kam oylik ish haqini oshirishini va imkonqadar "qonunlarsiz qadamlar" qo‘yishini e‘lon qildi.

Eron masalasida esa u o‘zaro muzokaralarga to‘siq bo‘ladigan har qanday yangi sanktsiyalarga veto qo‘yishini bildirdi.

Demokratlar partiyasidan bo‘lgan Prezident Obama 2009 yilda lavozimga kelganidan beri ommaviy fikr so‘rovlarida eng kam dastakka ega ekani namoyon bo‘lgan.

Obama AQSh xalqi orasida tengsizlik o‘sgani va fuqaroning shaxsiy rivojlanishi to‘xtaganini urg‘ulab, "o‘rta sinfni kuchaytirish, va o‘rta sinf uchun yangi imkoniyatlar yaratish, hamda iqtisodiy o‘sishni tezlatish yo‘lida aniq takliflar"ni ilgari surishini aytdi.

"Amerika bir joyda to‘xtab turgani yo‘q, men ham to‘xtab turmayman. Shunday ekan, tobora ko‘proq amerikalik oilalar uchun imkoniyatlarni yaratish yo‘lida qonunlarsiz ham imkoni boricha ish tutaman", - dedi u.

Lavozimga saylanganidan bir yildan sal ko‘proq vaqt o‘tar ekan, janob Obama Vakillar Palatasini nazorat qiluvchi Respublikachilar partiyasining qattiq qarshiligiga duch kelmoqda. Senatda ham ko‘p a‘zolariga ega Respublikachilar uning kun tartibiga to‘siqlar qo‘yishmoqda.

O‘z chiqishida janob Obama Kongressga murojaat qilib, 1,6 million amerikaliklarning yaqinda muddati yakun topgan ishsizlik sug‘urtasini qayta tiklashga chaqirdi, hamda respublikachilardan mubohasali sog‘liq sug‘urtasi dasturini qo‘llab-quvvatlashni so‘radi.

Image copyright Reuters
Image caption Obama o‘zining qashshoqlikka qarshi kurashida Respublikachilar to‘siqlariga duch kelmoqda

Amerikaliklar bepul tibbiy muolaja uchun ro‘yxatga yozilishiga imkon beruvchi yangi websaytning yaxshi ishlamagani prezidentning obro‘yini tushirib yuborgan.

Janob Obama, shuningdek, boshlang‘ich ta‘limning ahamiyati, oliy ta‘lim narxlari va ish joylarida ayollar uchun teng imkoniyatlar ahamiyati haqida gapirdi.

U Kongressdan hozirda soatiga $7.25 bo‘lgan eng kam ish haqini oshirishga kelishib olishga chaqirdi. Uning davlat ishchilari uchun belgilagan soatiga $10.10 ish haqqi faqat yangi ish shartnomalariga taalluqlidir.

Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner ish haqidagi o‘sish ta‘siri "nolga yaqin" bo‘lishi va bu ish beruvchilarni ish joylarini qisqartirishga majburlashini aytdi.

U jurnalistlarga gapira turib, o‘z partiyasi prezident bu kabi o‘zboshimcha amallar bilan o‘z lavozimini suistemol qilmasligini tekshirib borishini bildirdi.

Obama janoblari Vakillar Palatasini AQSh immigratsion tizimidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga undadi.

Uning aytishicha, bu AQShni biznes va yangi ish joylari yaratish uchun ochiq joy tarzida taqdim qilishga yordam beradi.

O‘tgan yili Senat AQShdagi 11 million hujjatsiz muhojirlarga fuqarolikni qo‘lga kiritishga imkon beruvchi qonunni qabul qilgan.

Vakillar Palatasi esa shu paytgacha bu qonun borasida ovoz berishdan bosh tortib kelayapti.

Tashqi siyosatda janob Obama quyidagilarni va‘da qildi:

1. O‘z kelajagini o‘z qo‘liga olayotgan Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash.

2. "Terrorchi tarmoqlar amallarini rad qiluvchi" Suriya muxolifatini dastaklash.

3. Eronning yadroviy dasturi borasidagi har qanday uzoq muddatli kelishuv aniq amaliy qadamlarga asoslanishini ta‘minlash.

Your contact details
Disclaimer