Tojikistonlik mehnat muhojiri kundaligidan - sakkizinchi hikoya

Bugun sinfdoshim Shuhrat Moskvaga chipta olganini aytdi. Qishda Moskvaga aviabilet biroz arzonlashadi. Lekin shunda ham bunday solishtirsangiz, uning puliga, masalan, Moskvadan Istanbulga uchib, yana qaytib kela olasiz.

Ha, mayli bir kun kelib bizda ham samolyot narxlari arzonlashib qolar. Aslida meni boshqa narsa ko‘proq o‘ylantirib qo‘ydi. Shuhrat martgacha uyda bo‘lib, so‘ng Moskvaga ishga ketmoqchi edi. Nega birdaniga qarori o‘zgarib qoldiykin?

Sabr kosani to‘ldirgan qorong‘ilik

"Bo‘ldi, men ortiq chidayolmayman. Qishning uzun tunlarida ko‘zimga uyqu kelmasdan lipillagan shamga tikilib o‘tiraverish jonimga tegdi. Kun bo‘yi chiroq yo‘q. Na komputerni ishlata olasan, na internetga kira olasan. Dunyodan butkul bexabar g‘ofil odamlarga o‘xshab qolyapman…"

Shuhrat o‘qimishli yigit. Maktabni bitirganimizdan keyin u o‘qishga kira olmagan. O‘zi bilan birga hujjat topshirgan, maktabda bazo‘r uchga o‘qigan sinfdoshimizning o‘qishga kirganini eshitib, alamidan qah-qahlab kulgandi.

"Labi qiyshiq bo‘lsa-da, boyning bolasi kulsin, deyishgandi. Miyasi to‘la puch yong‘oq boyvachchalar o‘qiydigan yerda bizga yo‘l bo‘lsin. Ahmoq bo‘lib hujjat topshirib o‘tirib-man-a…" Shuhrat g‘ofillik haqida gapirganda uning sakkiz yil oldingi mana shu armonli so‘zlari esimga tushdi.

Lekin o‘qishni istagan odam baribir yo‘lidan qaytmas ekan. Hozir Shuhrat Moskvadagi institutlardan birida sirtdan bo‘lsa-da, o‘qiyapti.

Xullas, kechqurun uch soat, tongda bir yarim soat beriladigan chiroq, butun bir oila bitta uychaga qamalib yashash o‘zi aytmoqchi Shuhratning "sabr kosasini toshiribdi".

- Nima, Moskvada bir xonada bitta o‘zing turasanmi? – dedim Shuhratga Rossiya poytaxtida ja-a shohona yashamasligini eslatmoqchi bo‘lib.

- Moskva endi, Moskva. Bitta xonada yetti kishi yashasak-da, hammamiz deyarli tengqurmiz. Chol-kampir, o‘g‘il, kelin, nevaralar hamma bir xonaga tiqilib olmaymiz-ku…

Qishda faqat Shuhratlar emas, qishloqdagi ko‘pgina oilalar bir yoki ikkita xonada yashashga majbur bo‘lishlarini men yaxshi bilaman. Chunki bitta uyni isitish uchun ko‘mirga pul topa olmay o‘tin yoqadigan nechta oilani ko‘rganman. Ustiga Qirg‘iziston bilan munosabat yomonlashib, chegara yopilgach, ko‘mir narxi kun sayin oshmoqda. "Chegaraning nariyog‘ida ko‘mir sota olmay o‘tirishibdi, buyoqda to‘rt baravar qimmat", deydilar akam.

Chidamli ona va chiday olmagan o‘g‘il

- Agar Moskvaga ketadigan bo‘lsang, manovi saytga kirgin-da, ro‘yxatni ko‘rgin, - deydi Shuhrat qo‘lidagi qog‘ozni menga tutqazib.- Rossiyadagilar 90 ming nafar tojikistonlikni ro‘yxatga kiritishibdi. Ularni Rossiyadan chiqarib yuborish va besh yilgacha kiritmaslik haqida qaror chiqarishgan ekan.

Bu haqda men ham eshitgandim. o‘shanda Rossiyadan chiqarib yuboriladigan har besh mehnat muhojirining bittasi Tojikistondan ekanligini o‘ylagandim.

Lekin yo‘lini topganlar yana Rossiyaga ketishyapti. Ana tog‘amning o‘g‘li poyezdda Rossiyaga ketgandi, Saratov viloyatiga kiraverishda "sen deportga tushgansan", deb qaytarib yuborishibdi. Hozir u qayerda, dersiz? Rossiyada. Ha, Rossiyada. Ikki haftaga qolmay yangi pasport to‘g‘riladi-da, jo‘nab ketdi. Faqat endi u otasining emas, onasining familiyasida yuribdi. Otiniyam o‘zgartirgan.

Buni Shuhratga aytgandim, tirjaydi.

- Ha, nima, qo‘lini burniga tiqib, so‘ppayib yuraversinmi? o‘zimizda ish bo‘lmasa. Ustiga svetning ahvolini ko‘rib turibsan. Sangto‘da-1 ni qursak yaxshi bo‘ladi, deyishdi. Sangto‘daning ikkinchisi ham qurildi, o‘sha-o‘sha. Onam mening tezda ketayotganim sababini eshitib qolibdilar. Nima deydilar, degin? "o‘g‘lim, noyabrda o‘n kungacha bir minut ham chiroq berishmadi. Allaqayerda Dushanbe tomondan tok keladigan katta simyog‘och qulagan emish. Biz chidadik-ku! Xudoga shukr, hozir besh-besh yarim soatdan chiroq berib turishib-di. Chida, bolam."

Shuhrat alamli kulgancha gapirar ekan, men Moskvadagi hamxonam o‘zbekistonlik Ergashalining keyingi yillarda ularda ham elektr ta‘minoti masalasi og‘irlashayotgani haqida aytganlarini esladim.

"Qo‘qonday shahri azimning qoq kindigida svet o‘chirilar ekan-u.."

- Hech kulmagin qo‘shningga, bir kun tushar boshingga, deb eshitganim bor. Menga ishoning, sizlarda bir kecha-kunduzda bir-ikki soat svet berishlarini eshitib hayron bo‘lgandim. To‘g‘ri, og‘ziga kuchi yetmaydigan odamlar kulgan bo‘lishlari mumkin. Men hayron bo‘lganman. Biz Konibodom degan tumanlaring bilan shundaygina qo‘shnimiz. Yetti-sakkiz yil oldin, Andarxon chegarasi ochiqligi paytida u yoqqa bemalol borib kelardik. Akamlar o‘rtoqlari bilan Konibodomga borib xom g‘isht quyib, devor ko‘tarib, pul ishlab kelishgan. Chegarani yopib qo‘yishgandan keyin hech kim o‘tolmayapti. Kechirasiz, o‘tlab ketdim. Akamlar Tojikistonda yozda kecha-yu kunduz svet bor, lekin avgust tugar-tugamas chiroq o‘chirish boshlanadi, degandilar. Mana endi, o‘zimizda ham svetni soatlab o‘chirishayotganiga ham to‘rt-besh yil bo‘ldi-yov.

Ergashali qishloqlarida elektr berish vaqti yil sayin kamayayotganini aytgandi. "E, biz-ku qishloqda yashaymiz. Qo‘qonday shahri azimning qoq kindigida svet o‘chirilar ekan-u, ayamlar mehmonga borgan ekanlar, o‘z ko‘zlari bilan ko‘ribdilar. U kuni telefon qilganlarida aytdilar. Bizda gaz yo‘q bo‘lsa ham o‘tin bor, tappi-tezak bor, qo‘qonlik ammangga qiyin ekan, gaz past, svetni o‘chirisharkan, dedilar ayamlar". Ergashali odatiga ko‘ra xuddi bir quvonchli voqeani aytayotganday jilmayib gapirardi.

Insof va buyruq

Oradan bir kun o‘tar-o‘tmas yana Ergashalini esladim. U bir hamqishlog‘ining Tojikistonda, Isfaradagi qishloqlardan birida yashaydigan tog‘asining to‘satdan vafot etishi haqida peshonasi tuguncha bo‘lib so‘zlab bergandi.

O‘shanda Isfaradan o‘zbekistonga kelin bo‘lib tushgan singil, uning eri, o‘g‘il-qizlari janozaga otlanishibdi. Lekin chegaradan o‘tkazishmabdi. Katta o‘g‘il chegarachilarga qo‘lidagi telegrammani ko‘rsatibdi. o‘tkazishmabdi. Singil yig‘labdi, qizlari yig‘lashibdi. o‘tkazishmabdi. Shu paytgacha indamay turgan ota tutaqib ketibdi. "Hey, musulmonlar, manovi sho‘rlikning ukasi dunyodan o‘tgan,- debdi u xotinini ko‘rsatib.- Nima, senlar vidolashishga ham qo‘ymaysanlarmi?"

"Biz emasmiz, aka, biz emasmiz. Biz buyruqni bajarishga majburmiz", debdi chegarada turganlardan biri.

"Qanday buyruq? Aslida chegaradosh tumanlar aholisi u tomon-bu tomonga vizasiz borib-kelishlari haqida o‘zbekiston hukumatining qarori bor-ku! Sizlar chegarani butunlay yopib tashlabsizlar. Shu insofdanmi?", debdi ota tutaqib.

"Bizni noinsof demang, aka aytyapman-ku, biz buyruqni bajaryapmiz", debdi chegarachi yigit.

"O‘sha buyruq berganlarning ham ota-onasi, amma-tog‘asi bordir, - debdi yig‘lagancha singil. - O‘zlari bu yorug‘ dunyoda abadul abad yashamaslar…"

Xullas, na singil, na eri, na o‘g‘il-qizlari janozaga bora olishibdi. Oradan ancha vaqt o‘tgandan keyin viza olib bir qadamlik yo‘l qolib, Qamchiq dovoni orqali aylanib fotihaga borib kelishibdi…

Aytganday, Ergashalining hikoyasining nega eslaganimni aytayin.

Yopiq chegaralar va ming-minglar istagi

Bizga yondosh shaharchada yashaydigan kursdosh do‘stimning buvisi vafot etgani haqida eshitdim. Ko‘ngil so‘ragani borsam, alamidan og‘ir uh tortdi. "Ayam bu yerga Qo‘qondan kelin bo‘lib tushganlar. Buvim vafot etdilar. Xayriyat, o‘limlaridan oldin kasalliklarini aytib, ayamni chaqirtirgan ekanlar. Viza olib, "Oybek" orqali ketgandilar. Ayam onalari bilan xayrlashib qolishga ulgurdilar… Lekin na dadam, na biz – birontamiz janozaga borolmadik. Chegaradan o‘tkazishmadi. Dadamlar qa‘da qilmoqchilar, ya‘ni fotihani ko‘chirmoqchilar. Boshqa ilojimiz yo‘q. Keyinroq viza to‘g‘rilab Qo‘qonga, fotihaga borib kelarmiz", dedi kursdoshim.

U alam bilan so‘zlar ekan, Tojik Mirzacho‘li deb ataladigan tomonda, Zafarobod tumanida yashaydigan kursdoshimning hikoyasini eslardim. Uning otasi vafot etganda Samarqandda yashayotgan opasi o‘zi uchun eng yaqin insonni so‘nggi yo‘lga kuzatish marosimiga kela olmagan ekan.

Bu azaga borib kela olmaslik haqidagi qayg‘uli hikoyalar. To‘yga borib-kelish bundan bir necha marta qiyin…

Men kundaligimga shu so‘zlarni qiynalib-qiynalib yozar ekanman, Moskvada Ergashali, boshqa o‘zbekistonliklar bilan suhbatlarni eslardim. o‘zbekistonliklarning ham, ming-minglab tojikistonliklarning ham eng muhim istaklaridan biri - ikki o‘rtadagi chegaralarni ochib qo‘yish, hech bo‘lmasa, chegaradan o‘tish, bordi-keldini osonlashtirish.

Oradan qancha vaqt o‘tishini bilmayman, lekin men chegaraning har ikki tomonidagi odamlar istagi amalga oshishiga ishonaman. Ishonaman va xuddi shu lahza boshqa bir qo‘shni – Qirg‘iziston bilan yomonlashayotgan munosabatlar o‘yi miyamni tirnaydi.

Umid.